
“Nemis mashinasi” buzildi
2024 yili Evropa chempionatini qabul qiladigan Germaniya milliy terma jamoasi musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Avstriya futbolchilari bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.
Avstriya mezbonlik qilgan bahsda Marsel Zebittser va Kristof Baumgartner nemislar darvozasini bir marotabadan ishg‘ol qilib, jamoasining 2:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Bu Germaniya terma jamoasining bir yil ichidagi oltinchi mag‘lubiyati bo‘ldi va yangi antirekord sifatida qayd etildi. “Nemis mashinasi” 2018 yili ham olti marta o‘yinni boy bergan. O‘shanda germaniyaliklar 13 ta uchrashuvda maydonga tushgan edi.
Bu gal Yulian Nagelsmann shogirdlari yil davomida 11 ta o‘yindan yarmidan ko‘prog‘ida, ya’ni oltitasida imkoniyatni boy berdi.
Fikrlar