
"Andijon" OChL 2 dagi yurishini boshlaydi. Ilk raqib engilmas "Arkadag"...
“Andijon” futbol klubi 17 sentyabr kuni Osiyo Chempionlar ligasi 2 doirasida o‘zining ilk bellashuvini Turkmanistonda “Arkadag” klubiga qarshi o‘tkazishidan xabaringiz bor. Hozirda barcha e’tibor bo‘lajak bellashuvga qaratilgan.
“Andijon”ning OChL 2 dagi ilk rasmiy raqibiga aylangan - “Arkadag” klubi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu jamoa tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. 2023 yilning 1 yanvar kuni mazkur jamoaga asos solindi. Shunga qaramay, qisqa vaqt ichida klub Turkmaniston chempionatida yangi lider sifatida gavdalana boshladi.
“Arkadag” “Chaqiriq” Kubogi musobaqasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan holda OChL 2 ga yo‘l oldi. Hal qiluvchi o‘yinda “Arkadag” Kambodjaning “Svayrieng” jamoasini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ma’lumot uchun, “Chaqiriq” Kubogi OChL Elit va OChL 2 musobaqasidan keyingi o‘rinda turuvchi turnir sanaladi. “Arkadag” xuddi “Andijon” singari OChL 2 da debyut mavsumini boshlaydi.
Turkmaniston “Yuqori” ligasida (bizning Superligamiz kabi) 8 ta jamoa ishtirok etadi. “Arkadag” shu kungacha 20 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, barchasida 100 foizli natija ko‘rsatdi, ya’ni, 20 ta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozondi. 60 ochko bilan yakka peshqadamlik qilayotgan bu jamoa ikkinchi o‘rindagi “Altin Asr”ni 27 ochkoga ortda qoldiryapti. Jamoa chempionatda oxirgi o‘yinini 11 sentyabr kuni safarda “Merv” klubiga qarshi o‘tkazib 1:3 hisobida g‘alaba qozondi.
Turkmaniston terma jamoasining asosini “Arkadag” klubi futbolchilari tashkil qiladilar. Shuningdek, tarkibida faqat mahalliy futbolchilar to‘p surishmoqda, legionerlar xizmatidan foydalanishmaydi.
“Arkadag” yangi tashkil etilganiga qaramasdan umumiy hisobda 4 ta sovrin qo‘lga kiritishga ulgurdi. Jumladan, Turkmaniston chempionligi va mamlakat Kubogi sohibiga aylangan.
Klub uy o‘yinlarini Arkadag shahridagi “Arkadag” stadionida o‘tkazib kelmoqda. O‘z bag‘riga 10 ming tomoshabinni sig‘diradi.
Shuningdek, “Arkadag” klubi mamlakat chempionatida 2023 yildan ishtirok etishni boshlagan bo‘lsa, hali shu kunga qadar mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. O‘tgan yili ham, undan oldingi yili ham 100 foizli natija qayd etdi. Faqat OFK tasarrufidagi “Chaqiriq Kubogi”da “Arkadag” ikki marta mag‘lubiyatga uchragan.
“Arkadag” futbolchisi Didar Durdiev 14 ta bilan chempionatda to‘purar bo‘lib turibdi. Undan keyin Begench Axmammedov 13 ta gol va Altimurat Annadurdiev 12 ta bilan bormoqda. Qizig‘i, ular ham “Arkadag” a’zolari. Muxlislarimizga tanish bo‘lgan va O‘zbekiston chempionatida o‘ynagan Arslanmurad Amanov “Arkadag”da faoliyat olib boryapti.
“Andijon” jamoasiga bo‘lajak tarixiy uchrashuvda omad tilaymiz.
Fikrlar