
Husanov va O‘zbekiston haqidagi “shov-shuvli luqmalar”ga xorijdan munosabat keldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqishga yaqin turgani, Abduqodir Husanovning dunyoning eng murakkab ligasida amaldagi chempioni “Manchester Siti”da o‘ynayotgan eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.
Qozog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyi vazifasini bajarayotgan Ali Alievning o‘zbek futboliga oid fikrlari futbol jamoatchiligining e’tiborini tortib, turli munosabatlarga sabab bo‘lmoqda.
Bu gal O‘zbekiston futbolini yaqindan bilgan rossiyalik skaut va jurnalist Nikolay Egorichev qozog‘istonlik mutaxassisning iddaolariga munosabat bildirdi.
- Qozog‘iston terma jamoasining yangi murabbiyi juda qiziq odam. Ali Aliev to‘g‘ri kelib qolgan har qanday vaziyatda O‘zbekiston nomiga “tosh” otadi. Mana, uning ayrim “luqmalari” bilan tanishing.
“Dastan Satpaev Abduqodir Husanovdan kuchli“;
“Husanovni 16 yoshida hech kim tanimas edi. Biz esa, 16 yoshli Satpaevni “Chelsi”ga sotik”;
“Biz Osiyoda o‘ynasak, jahon chempionatiga chiqamiz. O‘zbekiston terma jamoasi guruhda yaponlar va koreyslar bilan o‘ynaganini biror marotaba ko‘rganim yo‘q”.
Qozog‘istonga mamlakat sifatida yaxshi munosabatdaman, futbol borasida ham shunday. Qozog‘istonda men yaxshi aloqaga ega bo‘lgan hamkasblarim bor. Biroq Alivning gaplari jamoatchilik e’tiborini o‘z muammolaridan chalg‘itishga urinishdek ko‘rinmoqda.
Birgina Satpaev bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Bu yigit kattalar futbolida atigi oltita o‘yin o‘tkazgan xolos. Uni Husanov bilan solishtirib bo‘ladimi? Aslo.
Yaponiya va Janubiy Koreya masalasida shuni aytamanki, O‘zbekiston haqiqatan anchadan beri ular bilan o‘ynamadi. Biroq, Eron (2:2, ikki marta 0:0), Avstraliya (1:1), Meksika (3:3) bilan kuch sinashdi. Bu terma jamoalar jahon chempionatlarida muntazam qatnashib keladi.
Qozog‘iston terma jamoasi hozir bunaqa iddaolar bildirishga emas, balki birinchi navbatda, qayta tiklanishga muhtoj. Lixtenshteyn ustidan qozonilgan g‘alabaga gap yo‘q. Lekin jamoa yaqindagina Lyuksemburg, Armaniston va Ozarbaydonga yutqazgan edi.
Har doim gapirish ishlashga qaraganda oson bo‘lgan, - deb yozdi Nikolay Egorichev o‘zining telegramm kanalida.
Eslatib o‘tamiz, mustaqillik yillarida O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari o‘zaro etti marotaba to‘qnash kelgan. Ularning ilk uchrashuvi 1992 yili bo‘lib o‘tgan va unda qozog‘istonlik futbolchilar 1:0 hisobida zafar quchgan.
Keyingi oltita bellashuvdan uchtasida kuchlar teng kelgan va yana uchtasida O‘zbekiston terma jamoasining qo‘li baland kelgan. Natijalar esa, quyidagicha ko‘rinish olgan:
1992 yil. O‘zbekiston – Qozog‘iston 1:1.
1994 yil. O‘zbekiston – Qozog‘iston 1:0.
1997 yil. Qozog‘iston – O‘zbekiston 1:1.
1997 yil. O‘zbekiston – Qozog‘iston 4:0.
2007 yil. Qozog‘iston – O‘zbekiston 1:1.
2022 yil. O‘zbekiston – Qozog‘iston 2:0.
Fikrlar
"Пеп Гвардиола «лишил» Абдукодира Хусанова премии" degan maqolaga kirsam, u yerda gap Abduqodir haqida emas, butun jamoa haqida gap ketyapti ekan. Be'mani sayt ekan. Shu sports.kz ni sports.uz ga aloqasi bormikan?