
Grilish: "Assist ham gol kabi muhim"
APLning 2-turida "Everton" o‘z maydonida "Brayton"ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu bahsda "Manchester Siti"dan ijara asosida to‘p surib kelayotgan Jek Grilish ikki golli uzatma muallifiga aylandi.
Uchrashuvdan so‘ng Grilish o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
"O‘yin oldidan biz muxlislar uchun shou ko‘rsatishni maqsad qilgandik. Bugun klub uchun ham muhim kun – yangi stadion ochilishi bo‘ldi. Barchasi ideal kechdi. Bu g‘alabani barcha muxlislarga bag‘ishlaymiz.
Men uchun golli uzatma berish ham gol urgandek muhim. Futbolda gol katta ahamiyatga ega, ammo Kevin de Bryuyne bilan birga o‘ynab ko‘p narsalarni o‘rgandim. Assist – sherigingga gol urishiga yordam berish hissi – bu alohida zavq. Mening xohishim – jamoaga foyda keltirish. Umid qilamanki, yana ko‘proq gol uramiz va uzatmalar beramiz.
Bugun o‘zimni erkin his qildim. Maydonda ko‘proq xavfga borish, ijodkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Jamoa o‘yinidan ham, shaxsan o‘z o‘yinimdan ham xursandman. 90 daqiqa maydonda oxirgi marta taxminan 4–5 oy avval to‘p surganman. Hozircha eng yaxshi formamda emasman, ammo kelgusida yanada kuchliroq o‘ynashni istayman. Bu stadionda, bu jamoa bilan o‘ynash men uchun katta zavq", – dedi "Everton" futbolchisi.
Fikrlar