
Farg‘onada taniqli polvon To‘lanboy Qurbonov xotirasiga bag‘ishlab Xalqaro turnir o‘tkazildi
Unda mamlakatimizning barcha hududlari, shuningdek Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston va Qirg‘izistondan jami 468 nafar polvon ishtirok etdi.
Kecha Farg‘onadagi ko‘p tarmoqli “Samo” sport majmuasida Turizm va sport vazirligi, Farg‘ona viloyati xokimligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylar kengashi hamda bir qator sport federatsiyalari bilan hamkorlikda O‘zbek milliy o‘yinlarining faol targ‘ibotchisi, taniqli polvon To‘lanboy Qurbonov xotirasiga bag‘ishlab uch avlod vakillari o‘rtasida tosh ko‘tarish va bahodirlar o‘yinlari bo‘yicha ochiq xalqaro turnir tashkil etildi.
Xalqaro turnirning ochilish marosimida respublikamiz hududida istiqomat qilayotgan tosh ko‘tarish bilan tanilgan 76 nafar faxriy polvonlar, 152 nafar sport faxriylari ishtirok etdi.
Tantanali ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Ahmedov, O‘zbekiston etnosport assotsiyasi raisi Oybek Norinboev, O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov va boshqalar so‘zga chiqishdi. Shu erda respublikamizdagi polvon va dorbozlar guruhlarida faoliyat ko‘rsatgan faxriy 35 nafar polvonga “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishoni va guvohnomalar topshirildi.
Xalqaro turnir 3ta guruhda tashkil etildi. Bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish musobaqasi qatnashchilari katta vazndagi yuklar, mashinalarni ko‘tarish va tortish, dorbozlar guruhlarining o‘zbek polvonlari o‘rtasida yosh toifasi bo‘yicha tosh ko‘tarish, nayza otish, kamondan otish musobaqalari shular jumlasidan.
Nayza otish, kamondan otish bo‘yicha jamoaviy musobaqalarda 1-o‘rin Farg‘ona viloyati, 2-o‘rin Namangan viloyati va 3-o‘rin Andijon viloyati jamoasiga nasib etdi.
Bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda Surxondaryo viloyati vakili Dilmurod Qurbonov eng yaxshi natija qayd etgan bo‘lsa, Toshkent shahri vakili Avaz Haydarov 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 3-o‘ringa biryo‘la ikki sportchi – Toshkent viloyatidan Behzod Xudoyqulov hamda andijonlik Otabek Asqarovlar loyiq ko‘rildi.
17 tonnalik “MAN” yuk avtomobini 15 metr masofaga torta olgan Surxondaryo viloyatidan kelgan polvon Dilmurod Qurbonov muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Xalqaro turnir 8ta yo‘nalishda o‘tkazilib, g‘oliblar medal, diplom va estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati
Fikrlar