
Yubiley o‘yin, Xebay uchun so‘nggi imkoniyat yoxud tomoshabinlarsiz o‘tadigan bellashuv haqida
Chempionatning so‘nggi turi kutilganidek bir kunda o‘tkaziladi. 7 ta juftlik orasida qator qiziqarli uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. To‘g‘ri, chempion va ligani tark etgan klublar nomi aniq. Biroq kumush va bronza hamda qolgan o‘rinlar uchun kurash qizg‘in davom etmoqda. Tabiiyki, barchasi so‘nggi turdan keyin aniqlanadi.
7 ta juftlik orasida muxlislarni qiziqtirayotgan o‘yinlar bor. Ularning orasida “Andijon” – “Buxoro” qarama-qarshiligi ham mavjud. Balki ushbu to‘qnashuv ishqibozlarda u qadar katta qiziqish uyg‘otmasligi mumkin, chunki buning effekti sifatida buxoroliklarni pro ligaga tushib ketgani bilan bog‘lash mumkin. Biroq aytish lozimki, mezbonlar uchun bu o‘yinning qiymati yuqori. Chunki “Burgutlar” mavsumni 6-o‘rinda tugatish imkoniyatiga ega. Buning ustiga “Andijon” hujumchisi Rubin Xebayda chempionatni to‘purar sifatida tugatish imkoniyati mavjud. Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Andijon”ni g‘alaba qoniqtiradi.
“Buxoro” klubi endi mutlaqo bosimsiz. Boisi, Ulug‘bek Baqoev jamoasi o‘z uyida “Olimpik” klubiga mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng uzil-kesil Superligani tark etdi. Bu jamoa ortiqcha bosimlarsiz o‘ynaydi va balki bu holat “Buxoro”ga biroz erkinlik berishi ham mumkin. Biroq tajriba va o‘yin sifatidagi ustunlik “Andijon”ga asqotishini unutmaslik kerak. Faqat bu holatdan qanchalik foydalana olishlariga ko‘p narsa bog‘liq.
E’tiborlisi, “Andijon” – “Buxoro” o‘rtasidagi bu safargi o‘yin yubiley maqomida o‘tadi. Chunki O‘zbekiston chempionati tarixida shu kungacha 49 ta bellashuvda maydonga tushishgan. 1 dekabr kuni o‘tadigan uchrashuv esa bu klublarning yubiley 50-o‘yiniga aylanadi.
49 ta o‘yinning 15 tasida “Andijon” g‘alaba qozongan. “Buxoro” 21 ta bahsda g‘olib chiqqan. 13 ta uchrashuv durang bilan tugagan. To‘plar nisbati 65\80 mehmonlar foydasiga.
Yodingizda bo‘lsa, joriy mavsumning birinchi davrasida Buxoroda o‘tkazilgan uchrashuvda Rubin Xebayning yagona goli “Andijon”ga muhim uch ochkoni taqdim etgan. Buxoroliklar oxirgi marta 2019 yili “Andijon”ni 1:0 hisobida mag‘lub etgan. Oxirgi 4 ta bahsda esa ustunlik asosan andijonliklar tarafida bo‘lib kelmoqda.
Yuqorida bejizga Xebay haqida to‘xtalganimiz yo‘q. Birinchi davrada ham yagona goli bilan jamoasiga g‘alabani taqdim qilgan hujumchida chempionatni eng yaxshi to‘purar sifatida yakunlash imkoniyati saqlanib turibdi. Buning uchun barchasi uning o‘z qo‘lida. U Dragan Cheran bilan birga 12 ta gol bilan to‘purarlar orasida peshqadamlardan bo‘lib turishibdi. Rubinda mavsumni to‘purar sifatida yakunlash istagi va ishtiyoqi juda baland. “Buxoro” bilan uchrashuv esa uning uchun oxirgi imkoniyat. Shu bois mazkur uchrashuv Xebay uchun ham juda muhim.
Yana bir jihatni unutmaslik kerak, “Andijon” – “Buxoro” to‘qnashuvi tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi. 23-turda “Bobur Arena”da OKMKga qarshi o‘yindan keyin andijonlik muxlislar diskvalifikatsiya tufayli so‘nggi turda stadionga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘ldilar. Qizig‘i, o‘tgan yili pro ligada ushbu jamoalar o‘rtasidagi bahs ham tomoshabinlarsiz o‘tkazilgandi. Bu safar ham o‘sha holat takrorlanmoqda.
Qolaversa, “Andijon” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov va “Buxoro” ustozi Ulug‘bek Baqoev yaxshi munosabatda va ular do‘st. Mutaxassislar bir-birini va ish uslublarini yaxshi biladilar. Darvoqe, “Andijon” ham, “Buxoro” ham o‘tgan mavsumda pro ligida ishtirok etishgan va Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritishgan. Ko‘rib turganingizdek, buxoroliklar uchun mavsum muvaffaqiyatsiz o‘tdi, andijonliklar esa aksincha chempionatni ancha barqaror o‘tkazgani bilan e’tiborga molik.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar