
Bahrom Haydarov: "U operatsiya qilindi va mavsum oxirigacha safdan chiqdi"
Superliganing 22-turida “Xorazm” “Qo‘qon-1912” bilan bellashdi va uchrashuvda hisob ochilmadi. Durang bilan yakunlangan o‘yindan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Olti ochkolik o‘yin edi. Chunki jamoalar turnir jadvalida bir-biriga yaqin joylashishgandi. “Xorazm” jamoasi to‘pni juda yaxshi nazorat qiladi. Yil boshidan beri buni ko‘rib kelyapmiz. Bunday raqibga qarshi o‘ynash juda qiyin bo‘ldi. Raqib ko‘proq to‘p bilan muomalada bo‘lgani uchun bizni yigitlar ko‘proq to‘psiz bo‘lishadi va ko‘p kuch yo‘qotishga to‘g‘ri keladi. Lekin yigitlarga rahmat, oxirigacha chidab o‘ynashdi. Durang bizni ham, ularni ham qoniqtirmadi, deb o‘ylayman. Chunki uch ochko ikkala jamoaga zarur edi. “Xorazm”da to‘p nazorati bo‘ldi, imkoniyatlarga ega bo‘ldi, foydalana olmadi. Bizda qarshi hujumlarda ayrim epizodlarda vaziyatlarga ega edik. Ikkita bir xil jamoa kurashdi va 0:0 lik o‘yin bo‘ldi. Murabbiy sifatida e’tirozim yo‘q. Ikkala jamoa yaxshi o‘ynadi.
- “Qo‘qon-1912”da deyarli golli imkoniyatlar bo‘lmadi. Buni sababi nimada?
- To‘g‘ri aytyapsiz, hujum ham qildik, ammo jarima maydoni atrofida uchinchi zonaga o‘tganda o‘yinchilarimizga ozgina sovuqqonlik etishmadi. To‘pni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqishdi. Birinchi bo‘limda Datsi ham, Haydarov ham ko‘p to‘p yo‘qotdi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushganlar ham ko‘p to‘p yo‘qotishdi. Bemalol o‘ynaganimizda epizodlardan foydalanishimiz mumkin edi. Bu uchrashuvda bosim va yigitlarni hayolida yutqazib qo‘ymaslik, degan narsa ta’sir qildi, deb o‘ylayman.
- “Xorazm” klubidan o‘tgan Shaxzod Beshimov negadir ko‘rinmayapti...
- Beshimov mashg‘ulotimizda og‘ir jarohat olgan. Operatsiya qilindi va mavsum oxirigacha safdan chiqdi. Davolanish jarayonini o‘tyapti. Keyingi yildan yana futbolga qaytadi. Shoshilmasdan yaxshilab davolanib olishi kerak.
Fikrlar