"Ukrainaga qarshi durang haqqoniy, Superligada qolish uchun shu erdaman yoxud "Andijon" va "Manchester Siti" futbolchilarining to‘qnashuvi

  • 2 sentabr, 2021, 21:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqinda “Andijon” klubiga taklif qilingan uch nafar legionerlar orasida qozog‘istonlik Vladislav Vasilev ham borligini bilasiz.

Tecno

24 yoshli hujumkor yarim himoyachi bunga qadar “Shaxtyor” Qarag‘anda, “Shaxtyor-Bulat”, “Dinamo-Brest”, “Rux”, “Energetik-BGU” kabi jamoalarda to‘p surgan. “Andijon”ga ko‘chib o‘tishi orqali uning faoliyatida yangi sahifa ochildi. Shuningdek, Vasilev Qozog‘iston milliy terma jamoasi a’zosi ham sanaladi.

Ayni paytda barcha qit’alarda bo‘lgani kabi Evropada ham jahon chempionati saralash bahslari davom ettirilmoqda. Kecha “D” guruhidan o‘rin olgan Qozog‘iston terma jamoasi o‘z maydonida Ukrainani qabul qildi. O‘ta qiziqarli o‘tgan uchrashuvda qozoqlar oxirgi soniyalarda gol urib mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. “Andijon” legioneri asosiy tarkibda maydonga tushdi va 90 daqiqa davomida to‘p surdi. Uchrashuv yakunlanganidan so‘ng, Sports.uz muxbiri Vladislav bilan bog‘landi.  

- Qozog‘istonning Ukrainaga qarshi uchrashuvi juda dramatik ruhda kechdi. O‘yin oxiri nimalar bo‘ldi?

- Ha, gapingizda jon bor. Ayniqsa, o‘yin oxiri telbavor ruhda kechib, biz g‘alaba qozonish mumkinligini his etgan holda kurashdik. Hisob 2:2 bo‘lib turganida yana bir gol urishimiz jiddiy raqib ustidan g‘alabani ta’minlardi. Umuman olganda, 2:2 – bu o‘yinga mos haqqoniy natija bo‘ldi. Butun mamlakat bizning g‘alaba qozonishga bo‘lgan ishtiyoqimizni ko‘rdi. O‘ylaymanki, mana shunday dramatik bahsning yakuniy natijasidan muxlislarimiz qoniqish hosil qilgan bo‘lsalar kerak. Yigitlarning hammasi maydonga muxlislarni quvontirish maqsadida tushgandi. O‘ylaymanki, buni amalga oshira oldik.

vas3

- O‘zbekistonlik, xususan, andijonlik ishqibozlar siz va terma jamoangiz uchun muxlislik qilishdi. O‘z o‘yiningizni qanday baholagan bo‘lardingiz?

- “Andijon” klubi muxlislarining o‘sha o‘yinda men uchun qayg‘urganlari juda xursand qildi. Boya aytganimdek, biz ajoyib o‘yin ko‘rsatgan holda kuchli raqib bilan durang o‘ynadik. Umid qilamanki, chempionatda “Andijon” ishqibozlarini ham quvontira oladigan natijalarga erishamiz, hali. O‘z o‘yinimga baho berishim qiyin bo‘lardi. Bu ishni yaxshisi mutaxassislar amalga oshirganlari ma’qul. Ayniqsa, shunday ish bilan murabbiylar shtabi vakillari shug‘ullanishsa, ayni muddao bo‘lardi.

- Ukrainadek kuchli raqibga qarshi bellashuvdagi durang Qozog‘iston uchun g‘alabaga teng, deyish mumkinmi?

- Durang – o‘z nomi bilan durangdir. Unga esa bor-yo‘g‘i bir ochko beriladi xolos. Biz maydonga bir maqsad – doim g‘alaba qozonish uchun tushamiz. Bunday pallada raqibning kim ekanligi hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Chunki futbolda hamma g‘alaba qozonishni maqsad qiladi.

vasilev1

- Zinchenko, Malinovskiy va Yarmolenko kabi etakchi futbolchilarga qarshi turish oson bo‘lmagandir. Hammasidan ko‘ra, siz uchun qaysi o‘yinchiga qarshi o‘ynash qiyin kechdi?

- Gapingiz rost, ukrainalik etakchi futbolchilarga qarshi to‘p surish chindan ham oson bo‘lgani yo‘q. Chunki ukrain termasida bir qancha futbolchilar kuchli, top-ligalarda o‘ynashadi. Masalan, Angliya premer-ligasi va Italiya A seriyasini misol sifatida keltirish mumkin. Bunday raqiblarning qanday mahoratga ega ekanligi darhol seziladi. Men yuqorida nomlari keltirilgan ijrochilar orasida Zinchenkoni alohida ko‘rsatib o‘tgan bo‘lardim. U aql bilan to‘p suradi. Undan to‘pni olib qo‘yish juda mushkul. Hatto to‘pga egalik qilayotganda yoniga ham yo‘lay olmaysan. U doim harakatda bo‘ladi. To‘pni olib qo‘yaman degan paytingda Zinchenko uni chaqqonlik bilan yaqinida turgan sherigiga oshiradi. Bejizga Zinchenko “Manchester Siti”dek kuchli klubda to‘p surmayapti.

- Qozog‘iston joy olgan guruhda Frantsiya, Ukraina, Finlyandiya terma jamoalari kabi raqiblar bor. Shunday raqiblarga qarshi bellashuvlarda Qozog‘istonning jahon chempionatiga chiqish imkoni bormi?

- Agar Ukrainaga qarshi uchrashuvda o‘ynaganimizdek keyingi bellashuvlarni o‘tkazadigan bo‘lsak, Qozog‘istonning guruhdan chiqish imkoniyati oshishi turgan gap. Axir bu – futbol. Futbolda esa kutilmagan voqealar ham sodir bo‘lib turadi.

vasilev3

- “Andijon” klubi hozir Superligada so‘nggi o‘rinni egallab turibdi. Jamoaning kuchlilar safida qolishi mumkinligiga ishonasizmi?

- Ha, “Andijon” hozir Superligada so‘nggi o‘rinni egallab turibdi. Ammo men klubning kuchlilar safida qola olishi mumkinligiga ishonaman. Shu yo‘lda jamoaga yordam berish uchun bor kuchimni ishga solishga tayyorman. Superligada qolish uchun ham shu erdaman, desam gapimni mubolag‘aga yo‘ymang.

- Jamoa ustozi Viktor Kumikov bilan birga ishlash yoqyaptimi? Klubdagi shart-sharoitlar-chi?

- Ha, Kumikov bilan ilgari ham birga ishlaganman. Uning qo‘li ostida shug‘ullanish menga yoqadi. Klubdagi shart-sharoitlar ham chakki emas. Menga mashg‘ulotlar chog‘ida ishlash yoqadi. Kumikov juda kuchli mutaxassis bo‘lib, u o‘z vaqtida ixtiyoridagi klubni evrokuboklarga olib chiqishga erishgan.

vas1

- O‘zbekiston klublaridan ilgari ham sizga takliflar bo‘lganmi? Umuman olganda, chempionatimiz haqidagi fikringiz qanday?

- Yo‘q, ilgari O‘zbekistondan menga takliflar kelib tushmagan. Chempionat darajasiga kelsak, u juda sifatli. Barcha klublarda texnik salohiyati yuqori darajada bo‘lgan futbolchilar topiladi. Ammo aksariyat jamoalarda taktik masala bilan bog‘liq muammolar yo‘q emas. Biroq chempionatingiz juda ham qiziqarli.

- Yaqinda Namanganda “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvda gol urdingiz. Bu ishni qanday uddaladingiz? Ayting-chi, ilgari ham burchak zarbasidan keyin gol kiritganmisiz yoki o‘shanisi birinchisimi?

- Gohida shunday holatlar ham yuzaga keladiki, to‘pga zarba berayotgan chog‘ingda uni mo‘ljalga bexato etib borishiga ishona boshlaysan. “Qizilqum”ga qarshi kechgan bellashuvda men bilan aynan shunday holat yuz berdi. Aftidan, bunga astoydil uringan ko‘rinaman (kuladi). Ha, adashmadingiz, bu mening burchak zarbasidan so‘ng, raqib darvozasiga urgan dastlabki golimdir. Ilgari sira bunday voqea yuz bermagandi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!