
"So‘g‘diyona" noqulay raqibini Jizzaxda oxirgi bor qachon mag‘lub etgandi?
“So‘g‘diyona” klubi bugun Coca-Cola Superliganing 23-turida Qarshining “Nasaf” jamoasini qabul qilib 3:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Endilikda Ulug‘bek Baqoev boshchiligidagi “So‘g‘diyona” 34 ochko bilan turnir jadvalining 6-pog‘onasini band etib turibdi.
Aslida ular uchun “Nasaf” noqulay raqib sanaladi. Chunki bunga qadar ushbu jamoalar o‘rtasida o‘tkazilgan jami 41 ta uchrashuvning 32 tasida qarshiliklarning qo‘li baland kelgan. Mazkur bellashuvga qadar “So‘g‘diyona” “Nasaf” ustidan 7 ta o‘yindagina g‘olib bo‘lgan. Faqat 2 ta to‘qnashuvda kuchlar teng kelgan. Birinchi davradagi bellashuvda “Nasaf” Islom Kenjaboev, Bobir Abduxoliqov va Husayn Norchaevning gollari evaziga 3:0 hisobidagi g‘alabani tantana qilgan. Darvoqe, bugungi bahsda Abduxoliqov yana gol urdi. Biroq bu “Nasaf”ni faqatgina yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan qutqardi xolos.
Umuman aytganda, “So‘g‘diyona” oxirgi bor Jizzaxda “Nasaf” ustidan qachon g‘alaba qozonganini bilasizmi? Bunga ham 12 yil bo‘libdi! 2008 yilning 29 avgust sanasida Jizzaxdagi stadionda “So‘g‘diyona” ushbu raqibini 2:1 natijasi bilan mag‘lubiyatga uchratgandi. Shundan beri qarshiliklar Jizzaxda deyarli barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonib kelayotgandi. Faqatgina o‘tgan mavsumdagi bellashuvda “So‘g‘diyona” maydonida durang qayd etilgan. Baqoev esa, jamoasining o‘z uyida “Nasaf”ga qarshi uchrashuvlardagi yoqimsiz an’anasiga chek qo‘ya oldi. Lekin 2018 yilgi mavsumda jizzaxliklar Qarshidagi stadionda mezbonlarni mag‘lub etib qaytishganini ham unutmaslik kerak.
Shuningdek, "So‘g‘diyona" chempionatimizdagi oxirgi oltita turning to‘rttasida g‘alaba va ikkitasida durang qayd etgan holda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Qolaversa, "Nasaf"ning 11 ta o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga ham chek qo‘yildi.
Fikrlar