
Raneri Shomurodov haqida jiddiy gaplarni aytdi!
A Seriya o‘yinlari yakunlanishiga to‘rtta tur qoldi. Demak, mashhur bosh murabbiy Klaudio Raneri “Roma” klubini boshqa hamkasbiga topshirishiga shuncha o‘yin bor.
Oldindagi raqiblarning barchasi musobaqa jadvali birinchi qismidan joy olgan “Fioretina”, “Atalanta”, “Milan” va “Torino” kabi jiddiy jamoalardir.
Jamoa oldiga finalga teng to‘rtta o‘yinda g‘olib chiqish vazifasi qo‘yilgan. Shu orqali jamoa etti mavsumdan keyin Chempionlar ligasiga qaytish imkoniga ega bo‘ladi. O‘tgan turda “Inter” maydonidagi g‘alaba “Roma” har qanday raqibni mag‘lub etishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Shunga qaramay, 73 yoshli Raneri mavsum tugashi bilan lavozimini topshirishini aytgan. Rimlik mutaxassis 4 may kuni “Fiorentina”ga qarshi bo‘ladigan o‘yin oldidan jamoasi, xususan, keyingi paytda rimliklarning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylangan Eldor Shomurodov haqida ham gapirdi.
Sports.uz portali Klaudio Ranerining fikrlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
Jamoa haqida
Jamoamda hammasi joyida. Faqat Paulo Dibaladan tashqari. Ayrim jarohatlangan o‘yinchilar ham safga qaytdi. Tarkib tanlash masalasi ko‘proq men qo‘llamoqchi bo‘lgan o‘yin uslubi va albatta, biz to‘qnash keladigan raqibga ham bog‘liq bo‘ladi.
Futbolchilar orasida yaxshi tiklana olgan o‘yinchilarning tarkibga kirish imkoni ko‘proq bo‘ladi. Jamoaning dadilligi va jismoniy holati uzoq davom etadigan chempionatdagi kurashda juda muhim ahamiyat kasb etadigan omillardir.
Raneri o‘zi va futbolchilar haqida
Har doim aytamanki, va’da berishni yoqtirmayman. Men ijobiy va maqsad sari intiluvchi odamman. Doim o‘zimga tanqid ko‘zi bilan qarayman, o‘zimni yanada yaxshiroq qilishga urinaman. Xuddi shu munosabatni o‘yinchilaridan ham talab qilaman.
Oxirida biz qilgan harakatlarimiz natijasini ko‘ramiz va o‘shanda bu ishni boshqacharoq qilsak bo‘larkan, deb afsus-nadomat chekmasligimiz kerak. Bunaqa fikrlar musobaqa jadvalida ochko keltirmaydi. Kerakli ballarni diqqatni jamlash va qat’iyat bilan qo‘lga kiritish mumkin xolos.
Artyom Dovbik haqida
Artyom Dovbik A Seriyaga to‘g‘ri kelmadimi? Men unga hali ham ishonaman. U katta o‘sishga erishdi, lekin hali o‘rganadigan narsalari juda ko‘p. Bu yaxshi transfer, chunki La Liga to‘purari bo‘lish juda ko‘p narsadan dalolat beradi.
Futbolda yangi muhitga oson moslashadigan va ko‘nikishi uchun ko‘proq vaqt sarflaydigan o‘yinchilar bo‘ladi. Edin Jekoni esga olishimiz mumkin. Debyut mavsumida hech narsa qila olmagan hujumchi keyingi yillarda jamoaga juda ko‘p naf keltirdir. Shu bois, Dovbikning jamoadagi birinchi yilini ijobiy baholash mumkin. Unda yanada o‘sish imkoni bo‘lgani uchun yanada yaxshiroq o‘ynashini talab qilaveramiz.
Bosh murabbiylik haqida
Meni Chempionlar ligasiga chiqish ham, katta maosh ham bosh murabbiylikda olib qololmaydi. Men jamoani yaxshi ko‘raman, ichki xudbinligim yana bir yil jamoada qolishga undayapti,lekin bu “Roma” uchun juda katta xato bo‘ladi. Shu bois, men qolish taklifiga “yo‘q”, deyapman.
Yangi murabbiy keladi va ishlash uchun vaqti ham bo‘ladi. Men bu erda bir yil qolganimdan ko‘ra, yangi mutaxassis bu vaqtni jamoani o‘rganishga sarflagani ma’qul. O‘zim esa, agar yordam so‘rasa, unga ko‘maklashaman.
Shomurodov va Dovbikni yana birga o‘ynatish haqida
Artyom Dovbik va Eldor Shomurodovni ilk daqiqalardan birga o‘ynatish sizlar har doim so‘raydigan variantlardan. Balki men bu haqida keragidan ko‘p o‘ylagandirman.
Lekin ular hujumda ikki kishimi, uch yoki to‘rt kishi bo‘ladimi, har qanday vaziyatda ham samarali o‘ynay oladigan forvardlardir. Bu ikki hujumchi bir birini to‘ldira oladi va jamoaga katta yordam beradi. Shunday ekan, oldindagi uchrashuvlar arafasida ularni boshlang‘ich tarkibda birga maydonga tushirish ham yaxshi variant hisoblanadi.
Shomurodov haqida
Eldor Shomurodov jamoaning muhim o‘yinchisi bo‘la oladimi? Eldor hozirning o‘zida “Roma”dagi asosiy figuralardan biri. U jamoaga foyda keltirish uchun borini berib o‘ynaydi, yugurib to‘xtamaydi.
Mening futboldagi falsafamning o‘zi ham shunday: har bir o‘yinchi maydonda bor imkonini ishga solishi, oxirigacha kurashishi kerak. Men Eldorni aynan mana shu xususiyati uchun yaxshi ko‘raman. U tilla bola.
Tabiiyki, o‘yin davomida ayrim xatolarga yo‘l qo‘yadi. Lekin Eldor hech qachon to‘xtamaydi. Oxirigacha kurashadi va hammaga bosim o‘tkazadi. Maydonning boshqa burchagiga borish kerak bo‘lsa, o‘sha ergacha etib borib, kurashga kirishadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Eldor o‘zini ishga to‘liq bag‘ishlaydigan yigit, va shuning uchun ham rimlik muxlislar uni yaxshi ko‘radi va doim ko‘rsatayotgan harakatlari uchun Shomurodovdan minnatdor bo‘lib kelmoqda, - dedi Klaudio Raneri.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov 2021 yildan beri “Roma” o‘yinchisi hisoblanadi. Orada ikki marotaba “Spetsiya” va “Kalyari”da ijarada o‘ynab keldi. Joriy mavsum O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori uchun “Roma”dagi faoliyati davomida eng muvaffaqiyatlisi hisoblanadi.
29 yoshli hujumchimiz 2024-2025 yilgi mavsumda A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasida jami 33 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini etti bor ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga to‘rtta golli pas uzatdi.
Shomurodovning “Roma” klubi bilan amaldagi shartnomasi bir yilga uzaytirilib, legionerimiz 2027 yilning yarmigacha Rimda qolishi belgilangan.
Husanovni o‘ynatmayotgan Gvardiola “Siti”dan ketishini aytdi!
“Manchester Siti” afsonasi Husanovning ketishiga qarshi!
Shomurodov muxlislariga katta xushxabar!
Fayzullaev TsSKAdan ketishi haqida gapirdi
Shomurodov urgan golning qiymati baland bo‘lib chiqdi!
Shomurodovga fanatlar yangi talab qo‘ydi!
Fikrlar