"Yopiq o‘yin qildik, hali imkoniyatimiz bor, bir jamoaga qarab qolganimiz yo‘q" - "Sho‘rtan" ustozi "Paxtakor"dan ochko tortib olgach yana nimalarni aytdi?
Superliganing 22-turida “Sho‘rtan” “Paxtakor”ni qabul qildi. Favorit “Paxtakor” hisoblangan ushbu uchrashuvda 0:0 hisobi qayd etildi. Bellashuvdan so‘ng Sho‘rtan” bosh murabbiyi Eldor Moyliev matbuot anjumanida qatnashdi.
- “Paxtakor”ni yaxshi jamoaligini va yaxshi ijrochilari borligini bilardik. Shuning uchun yopiq futbol namoyish qildik hamda qarshi hujumda omadimizni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldik. Tartibli himoyalandik. Hujumda biroz omadimiz etishmadi.
- “Paxtakor” bilan durang o‘ynagan jamoa o‘tgan turda “Mash’al”ga imkoniyatni boy bergandi. Ikkala o‘yinni solishtiring. O‘tgan safar qaerlarda xato qilingandiyu va bu safar nimani evaziga g‘alabaga teng durang qayd etildi?
- Yopiq o‘ynash osonroq. “Mash’al” bilan ochiqroq futbol o‘ynagandik. Afsuski, o‘sha uchrashuvda o‘z xatolarimiz evaziga gollar o‘tkazib yuborgandik. Bu safar o‘sha kamchiliklarni bartaraf qilishga harakat qildik. Ochiq futbol o‘ynaganimizda qarshi hujumlarda o‘tkazib yubordik. Bunaqa o‘yinlarda esa yopiq futbol o‘ynash osonroq.
- Jamoaga qarshi hujumlarda tezkorlik etishmadi, deb hisoblaysizmi yoki mahorat?!
- Ozgina joylarda tezkorlik etishmadi. Oldingi chiziqdagi o‘yinchilarimiz - Po‘latxoja, Doniyor va Timurdan oldinga harakat qilishlarini so‘ragandik. Ayrim vaziyatlarda ular sal pastroq tushishdi. Shuni evaziga qarshi hujumga chiqib keta olmadik.
- Timur Mamasiddiqovni almashtirilishi qarshi hujumga chiqib keta olmagani sabab bo‘ldimi?
- U yaxshi harakat qildi. O‘yiniga e’tirozimiz yo‘q. Abrorni qo‘shganimizni sababi u ham tezkor futbolchi. Oldingi chiziqni yangilashimiz kerak edi. Himoyachilar ancha ter to‘kishdi. Hujumchilarimiz himoyaga ham qaytib o‘ynashdi. Shu bois jismoniy holatda toliqish bo‘lganligi sababli almashtirdik.
- Jo‘jani kuzda sanaydigan vaqt yaqinlashyapti. “Sho‘rtan”ning yakuniy holatini qanday tasavvur qilyapsiz?
- Hammasi Allohdan. Hech kim ertaga nima bo‘lishini bilmaydi. Yigitlar bilan gaplashib oldik, oxirigacha kurashamiz. Hali imkoniyatimiz bor, o‘z qo‘limizda. Bir jamoaga qarab qolganimiz yo‘q. O‘z o‘yinlarimizda ochkolarni ololsak Superligada qolishni uddalasak bo‘ladi.
- Futbolchilarga kelajak kerak va ular o‘zini ko‘rsatish uchun jamoaviydan ko‘ra, individual harakat qilishlari mumkin. “Sho‘rtan”da shunaqa holat bo‘lmayaptimi?
- Yo‘q, ular qanchalik xohlayotganini bugungi o‘yinda ko‘rdinglar. Ochko uchun futbolchilar jonini berib o‘ynashdi. Ularni asosiy maqsadi “Sho‘rtan”ni Superligada olib qolish. Biz shu maqsad bilan birlashganmiz, shunga harakat qilyapmiz.
- “Sho‘rtan” favoritlarga qarshi o‘yinlarda sifatli o‘yin namoyish qilyapti. Lekin favorit bo‘lmagan klublarga qarshi uchrashuvlarda bunday emas. Murabbiy sifatida bunga nima deya olasiz?
- Yuqorida ham javob berdik, asosan pastdagi jamoalar bilan 6 ochkolik o‘yin bo‘ladi va bunda ruhiyatga ham ko‘p narsa bog‘liq. Yuqoridagi klublarga qarshi yigitlar erkinroq o‘ynashadi. Shuni evaziga durangga erishyapmiz. O‘zimizdagi “Mash’al”, “Qo‘qon-1912”, “Xorazm”ga qarshi uchrashuvlarda yutish uchun o‘ynayapmiz. Lekin...
- Natijalar negativ...
- “Sho‘rtan”ni birinchi yil chiqishi. Xatoliklar ko‘p bo‘ldi. Buni ommaga aytish shart emas, deb o‘ylayman, futbolchilar tanlashda yoki ayrim vaziyatlarda. Afsuski, pro liga bilan Superliga darajasidagi o‘yinchilarni fikrlashida farq bo‘ladi. Jismoniy holatida ham. Shuni evaziga o‘zimizga kerakli futbolchilarni tanlay olmadik. Superligada darajasini biroz pastroq baholadikmi?! Bizda ichki muhitda hammasi a’lo darajada. Ishonchni yo‘qotmaganmiz, oxirigacha kurashamiz. Aziz ham buni aytishi mumkin.
Aziz Pirmuhammedov: - Rahbariyat ham kelib qo‘llab-quvvatladi. Oxirigacha kurashamiz deb va’da berdik. Ularga ham rahmat. Hamma sharoitlarni vaqtida qilib berishyapti. Xudo xohlasa, rahbariyat oldida yuzimizni yorug‘ qilamiz. Ichki muhit bizda a’lo darajada.
- “Sho‘rtan” bundan keyin ham himoyaviy futbolni tanlaydimi?
- Har bir jamoani o‘rganib chiqamiz. Keyingi o‘yin “Dinamo” bilan bo‘lsa, ularni ham kuchli taraflarini ko‘ramiz. Har bir klubga qarshi har xil taktikada o‘ynaymiz.



Fikrlar