
PFL ayollar futbol jamoalarini badal pullaridan ozod qiladi
Xabaringiz bor O‘zbekiston Professional futbol ligasi yangi 2019 yilgi mavsumda Superliga va ayollar hamda futzal klublarining badal pullarini oshirmaslikka qaror qilgandi. Tashkilot bundan keyin ushbu pullar miqdorini kamaytirishni maqsad qilmoqda.
Berilgan ma’lumotlarga qaraganada PFL joriy mavsum ayollar futbol jamoalari uchun badal pullari bekor qiladi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar bermoqda.
“Pepsi bilan kelishuv bizga katta yordam berdi. U orqali bir qator muammolarimizni echishga harakat qildik. Endi esa qadamni yanada jiddiyroq tashlash imkoniyati tug‘ildi. Coca Cola bilan homiylik bizga o‘z maqsadlarimiz sari yanada tezroq qadam bosish uchun turtki bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, boshlanishiga ayollar futbol klublarini badal pullaridan ozod qildik”, — dedi bu haqda Professional futbol ligasi bosh direktori Omon G‘ofurov.
“Bu bilan to‘xtab qolish niyatimiz yo‘q. Boshlagan ishimizni davom ettira olsak, kelasi mavsumdan endi badal pullarini kamaytirish, ba’zi klublarni umuman badal pullaridan ozod qilishgacha borishimiz mumkin. Biz klublarga o‘z aravasini bosqichma-bosqich o‘zi torta olish yo‘lida ham o‘rnak bo‘lishni istaymiz”, — deb so‘ziga yakun yasadi Omon G‘ofurov.
Ma’lumot uchun, PFL bunga qadar hakamlar, inspektorlar va komissarlarning klublar bo‘ynida bo‘lgan chiqimlarini ham o‘z gardaniga olgandi. Shuningdek, joriy mavsum PFL Superliga klublari futbolchilarining 10 millionlik sug‘urta polislari xarajatlarini ham o‘z yonidan to‘lab beradi.
Fikrlar