"Nasaf" murabbiyi, "Paxtakor" va "Neftchi"ning asosiy futbolchilari chetlatildi" - O‘FA tartib-intizom qo‘mitasi qarorlari e’lon qilindi

  • 30 mart, 2022, 22:54
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator futbolchi hamda rasmiylarga nisbatan tartib-intizom choralari belgilandi.

Tecno

Jumladan, O‘zbekiston Superligasining 2-turi doirasidagi “Paxtakor” – “Neftchi” uchrashuvning 21-daqiqasida mezbonlar futbolchsi Abrorbek Ismoilov to‘p uchun kurashda oyog‘ining tag qismi bilan raqib o‘yinchisining oyog‘ining himoyalanmagan qismiga zarba bergani uchun qizil kartochka bilan jazolangan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, unga nisbatan 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Qo‘mita ushbu o‘yinga oid yana bir vaziyatni o‘rganib chiqdi. “Neftchi” jamoasining muxlislari uchrashuvning 21-daqiqasidan hakam sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatishgan hamda u tomonga har-xil buyumlar uloqtirishgan. Shuningdek, “Neftchi” muxlislari o‘z jamoasining 13-raqamli o‘yinchisi Lutfulla To‘raev sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatishgan.

“2022 yilgi mavsumda O‘zbekiston professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar reglamenti”ga muvofiq futbol klublari o‘zlarining tomoshabinlari (jamoa muxlislari) xulqi uchun ham javobgardir.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda “Neftchi” futbol klubi kelgusida shunga o‘xshash holatlar takrorlanishiga yo‘l qo‘yilsa, klubga nisbatan jiddiy intizom choralar qo‘llanilishi to‘g‘risida qat’iy ogohlantiriladi.

Superliganing ushbu turidan o‘rin olgan yana bir uchrashuv — “Qizilqum” va “Bunyodkor” o‘yinida mehmonlar bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudov uchrashuvda mobil aloqa vositasidan foydalangan. Bu bilan u 2022 yilgi mavsum Reglamentining 15.17-bandini buzgan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Shuhrat Maqsudov 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.

O‘zbekiston Superligasining 3-turi doirasidagi “Olimpik” – “Paxtakor” uchrashuvida “Paxtakor” jamoasining futbolchisi Ikromjon Aliboev o‘yinning 12-daqiqasida to‘p uchun kurashda oyog‘ining tag qismi bilan raqib o‘yinchisining oyog‘ining himoyalanmagan qismiga zarba bergani uchun qizil kartochka bilan jazolangan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, unga nisbatan 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

U21 Birinchiligining 3-turi doirasidagi “Metallurg” – “Surxon” uchrashuvining 90+4-daqiqasida hakam tomonidan qoidabuzarlik sabab o‘yin to‘xtatiladi. Ushbu vaziyatda mezbon futbolchisi Muhriddin Soloxiddinov yotgan holatida raqib o‘yinchisining bel qismiga zarba beradi, bunga javoban “Surxon” jamoasining futbolchisi Kamoliddin Ashurov erda yotgan raqibini oyog‘ini bosadi. Bu vaziyatni ko‘rgan zaxiradagi “Metallurg” jamoasining futbolchisi Xumoyunshox Sayyotov maydonga chiqib, raqib o‘yinchisining bo‘yniga zarba beradi. Hakam uch futbolchini ham qizil kartochka bilan maydondan chetlashtirgan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, ushbu uch futbolchi — Muhriddin Soloxiddinov, Xumoyunshox Sayyotov (“Metallurg”) va Kamoliddin Ashurov (“Surxon”) 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi hamda ularga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

O‘zbekiston Coca-Cola kubogi saralash uchrashuvlari doirasidagi “Andijon II” – “Do‘stlik” bahsining 9-daqiqasida mehmonlar futbolchisi Orzu Razzoqov raqib o‘yinchisining yuziga urgani hamda tajovuzkor xatti-harakati uchun qizil kartochka bilan jazolangan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Unga nisbatan 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilish intizom chorasi qo‘llanildi.

Yana bir uchrashuv — “Keles” va “Aral” bahsining 15-daqiqasida “Aral” jamoasining futbolchisi Shamsitdin Sag‘dullaev raqib o‘yinchisi sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun qizil kartochka bilan jazolangan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, unga nisbatan 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, Futzal Oliy ligasining 9-turi doirasidagi “Neftchi” – “Nasaf” uchrashuvning 12-daqiqasida “Neftchi” jamoasining futzalchisi Javohirbek Sadirov to‘p uchun kurashda raqib o‘yinchisining oyog‘iga kuchli zarba bergani uchun qizil kartochka bilan jazolangan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Javohirbek Sadirov 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.

Ushbu turdan o‘rin olgan “Paxtakor” — “Maxam Chirchiq” uchrashuvida mezbonlar futzalchisi Sevastiyan Mojaev uchrashuvning 28-daqiqasida raqib o‘yinchisining sha’niga haqoratli ishora va so‘zlar ishlatgani uchun qizil kartochka bilan jazolangan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, unga nisbatan 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

9-turdagi yana bir uchrashuv — “Dinamo plyus” va “Navbahor lochinlari” bahsida mehmonlar futzalchisi Dovudxon Sadriddinov uchrashuvning 40-daqiqasida birinchi hakam sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun qizil kartochka bilan jazolangan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, unga nisbatan 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Futzal Oliy ligasining 9-turi doirasidagi “Nasaf” – “Bunyodkor” uchrashuvidagi vaziyat ham qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqildi. O‘yinning 40-daqiqasida “Nasaf” jamoasining bosh murabbiyi Alisher Yusupov Birinchi hakam qaroridan norozi bo‘lgan va uchrashuvni davom ettirishdan bosh tortib, jamoani maydondan olib chiqib ketgan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Alisher Yusupovga nisbatan mavsum oxirigacha diskvalifikatsiya qilish intizom chorasi qo‘llanildi.

Bundan tashqari, qo‘mita Futzal Birinchi ligasining 3-turidan o‘rin olgan bir nechta o‘yinlardagi vaziyatlarni ko‘rib chiqdi. Xususan, 13 mart kuni o‘tkazilgan BMB – “KOGON” uchrashuvida mezbon jamoasi rahbari Bekzod Mamatqulov o‘yinning 29-daqiqasida maydonga tushib, ikkinchi hakamga bosim o‘tkazishga harakat qilgan va unga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgan. Bundan tashqari, BMB jamoasining futzalchilari Asli Muhammadiev va Doniyorbek Toxirov uchrashuv yakunidan so‘ng ikkinchi hakam sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun qizil kartochka bilan jazolangan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Asli Muhammadiev va Doniyorbek Toxirovga nisbatan 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi, BMB futzal klubiga nisbatan esa jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, “KOGON” – “Dizak” uchrashuvi “Dizak” jamoasining futzalchisi Jasur Uralov uchrashuvining 24-daqiqasida birinchi hakam sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun qizil kartochka bilan jazolangan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Jasur Uralovga nisbatan 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

“Fidokor” – “Mash’al” uchrashuvning 34-daqiqasida mezbon jamoa futzalchisi Akromxon Pozilxonov birinchi hakam sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun qizil kartochka bilan jazolangan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Akromxon Pozilxonovga nisbatan 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

BMB – “Mash’al” uchrashuvida mehmonlar futzalchisi Shoxruz Bo‘riev uchrashuvning 24-daqiqasida raqib o‘yinchisiga nisbatan tajovuzkor hatti-xarakati uchun qizil kartochka bilan jazolangan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Shoxruz Bo‘rievga nisbatan 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilish intizom chorasi qo‘llanildi.

O‘FA matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!