Namangan yana bir kubok bahslariga mezbonlik qiladi

  • 19 oktabr, 2020, 19:30
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ertaga Namangan viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining “Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining 2020 yil uchun Respublika kalendar rejasi”ga muvofiq, futbol bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar terma jamoalari o‘rtasida "O‘zbekiston kubogi" musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Namangan viloyatida 2008 va 2007 yillarda tug‘ilgan futbolchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan musobaqalarga mezbonlik qiladi. 20-25 oktyabr kunlari 2008 yilda, 26-31 oktyabrda esa, 2007 yilda tug‘ilgan futbolchilar g‘oliblik uchun bahs yuritadi. Bu haqda bolalar o‘smirlar va ommaviy futbolni rivojlantirish bo‘limi telegram kanalida xabar berdi.

Tecno

Bugun 2008 yilda tug‘ilgan futbolchilardan iborat terma jamoalar Namangan viloyatiga etib kelmoqda. Bevosita musobaqani o‘tkazishga O‘zbekiston futbol assotsiyatsiyasi tomonidan mas’ul etib tayinlangan Bolalar, o‘smirlar va ommaviy futbolni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Ma’mur Saidqosimov hamda bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Otabek Kenjaev jamoalardan oldin Namangan shahriga etib keldi. O‘FA vakillari kunning birinchi yarmida Namangan viloyat futbol assotsiyatsiyasi vise-prezidenti Shuhrat Mirxoldirshaev va NFA mutaxassisi G‘olib Axunov hamrohligida O‘zbekiston kubogi bahslariga mezbonlik qiladigan To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Odil Junior” akademiyasi stadionini ko‘zdan kechirib, u erda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Shundan so‘ng, ishchi guruh Namangan shahridagi 17-sonli “Navbahor-Umid” ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar futbol maktabida bo‘lishdi. O‘FA va NFA vakillari futbol maktabida “C” lisenziyasi uchun o‘tkazilayotgan kurs qatnashchilari bilan ham uchrashib, ular bilan suhbat uyushtirishdi. Shuningdek, futbol maktabidagi maydonlar ham ko‘zdan kechirilib, futbol maktabi rahbariyati va murabbiylarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

O‘zbekiston futbol assotsiyatsiyasi vakillari Namangan viloyat futbol assotsiatsiyasiga ajratilgan bino va xonalar bilan ham tanishdi. Mehmonlarda assotsiatsiyada samarali tarzda ishlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligini e’tirof etishdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston kubogi musobaqasining tashkiliy guruhi va uchrashuvlarni boshqarish uchun jalb etiladigan hakamlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda O‘FA vakillari uchrashuvlarni yuqori saviyada o‘tkazish borasida yig‘ilish qatnashchilariga tushuncha berib o‘tishdi.

Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchi jamoalar mandatdan o‘tishdi. Kechki payt esa, O‘zbekiston kubogi musobaqasiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, katta futbolida ham Namangandagi "Markaziy" o‘yingoh O‘zbekiston kubogi finaliga mezbonlik qilishi belgilangandi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!