
Madinabonu Mannopova: Men uchun sport tugadi deb o‘ylagandim...
Taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Madinabonu Mannopova bilan suhbatlashdik. Qiziqarli kechgan intervyuni e’tiboringizga havola etamiz!
Ism-sharfi: Madinabonu Mannopova Rustam qizi
Tug‘ilgan sanasi: 13.04.2001
Tug‘ilgan shahri: Toshkent
Erishgan yutuqlari:
7 karra O‘zbekiston chempioni
3 karra Osiyo chempionati sovrindori
Jakartada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlari kumush medal sohibasi
Jahon taekvondo prezident kubogida 1 ta oltin va 2 ta bronza medali sohibasi
2019 yilgi armiya o‘yinlari chempioni
Ko‘p marotaba Xalqaro musobaqalar sovrindori va chempioni!
- Avvalambor, o‘zingiz haqingizda va qanday qilib taekvondoga kirib kelganingiz borasida gapirib bersangiz.
- Meni taekvondoga kirib kelishim, aslida tasodif bo‘lgan. Uyimdagilar meni chiniqsin, degan maqsadda sportga berishgan. Sportchi bo‘lib ketishimni o‘ylab ham ko‘rishmagan. 9 yoshimdan beri shug‘ullanib kelaman. Shu bilan sportni ichida qolib ketganman. Ochig‘ini aytsam sportga u qadar qiziqishim yuqori bo‘lmagan. Maktabda eng odobli va a’lo baholarga o‘qiganman. Urushqoq emas, balki yuvoshroq bo‘lganman.
Bobom meni sportga berganlar, taekvondo sport zali ham uyimga yaqin edi. Yana bir sababi, murabbiyim boshidanoq menga alohida e’tibor qaratgan. Ozg‘ingina, bo‘ylarim va qo‘l-oyoqlarim uzun bo‘lgani ma’qul kelgan.
- Birinchi murabbiyingiz kim bo‘lgan?
- Birinchi murabbiyim Sobir Nazaraliev. Eng yaxshi murabbiy desam ham bo‘ladi. 9 yildan buyon meni shug‘ullantirib keladilar. Nafaqat murabbiy, balki inson sifatida ham yaxshilar. Shu qatorda, qattiqqo‘l murabbiy.
Bolaligimda ham meni shug‘ullantirgan, o‘smirlar murabbiyi bo‘lganda ham meni musobaqalarga olib chiqdilar. Hozirgacha shu murabbiy bilan ishlayman. O‘tgan yildan boshlab, kattalar toifasiga kiritildim. Osiyo chempionatida o‘smir bo‘lib turib ham kattalar o‘rtasida qatnashdim va bronza medalni qo‘lga kiritdim. Undan keyin, Osiyo o‘yinlarida 2-o‘rinni egalladim va O‘zbekiston chempionatida ishtirok etdim. Aynan mamlakatimiz bo‘yicha o‘tgan turnirda men kattalar yoshiga etgan edim.
- Terma jamoa a’zolari bilan munosabatlar qanday? Umuman barcha taekvondochilar bilan.
- Barchamiz ahilmiz. Bir jamoamiz. Barchasi mening akalarim va opalarim hisoblanishadi. Sportda ham, undan tashqarida ham doim qo‘llab-quvvatlashadi.
- Rejalaringiz qanday?
- Hozirgi paytdagi rejalarni aytadigan bo‘lsam, ketma-ket 3 ta musobaqada qatnashib keldik. Bu yili faqat O‘zbekiston chempionati qoldi.
Umumiy olganda esa, barcha sportchilar qatori, men ham olimpiyadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritishni maqsad qilganman. Buning uchun reytingimni yaxshilab olishim kerak. Yaxshilab olish uchun esa xalqaro musobaqalarda natijalarni yaxshilash kerak va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishim kerak bo‘ladi.
- Demak eng yuqori maqsadingiz...
- Ha, Olimpiada!
- Manchesterda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida taekvonchilarga nima bo‘ldi? Negadur ketma-ket kutilmagan mag‘lubiyatlar ro‘y berdi.
- Barcha turnirlarda g‘alabarni qo‘lga kiritib kelayotgan edik. Aynan jahon chempionatiga kelganda shunday bo‘lib qoldi. Bu bilan to‘xtab qolmadik. O‘z ustimizda ishlashda davom etamiz. Bunaqasi har qanday sportchida ham bo‘lib turadi.
- Ilk yutug‘ingiz qaysi?
- Birinchi yutug‘imni yorqin xotiralar bilan eslayman. Bu O‘zbekiston chempionatida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganim bo‘lgan.
- Aynan nimalarni his etgansiz?
- Hissiyotlar judayam yuqori bo‘lgan. Barchasi kecha bo‘lgandek yodimda. Boya aytib o‘tganimdek, urushqoq qiz bo‘lmaganman. Murabbiyim ko‘rsatmasiga qarab ish qilardim. Avvaliga, musobaqada osonlik bilan raqibmni mag‘lub etganman. Toshkent viloyatilik qizni ustidan muddatidan avval 12:0 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritdim, keyin esa toshkentlik qizni yutganman. Yarim finalga chiqqan ekanman, menga esa buni final deb aytishgan. Raqibim kuchli edi. Tajribali qiz edi va doim O‘zbekiston chempioni bo‘lib yurar edi. Navoiylik qiz. Jang teng kurashlar ostida kechgan. Jang yakuniga 3 soniya qolganida 7:8 hisobida yutqazayotgan edim. Shu 3 soniya ichida, men uni burchakda boshi va yuziga tepib, nokdaun qilganman va yakunda 10:8 hisobida yutib ketganman. Yutganimda murabbiylarim ham xursand, barcha xursand, men esa O‘zbekiston chempioni bo‘ldim deb quvonib ketgandim. Ammo finalda xorazmlik qizga qarshi bahslashganman va bu ham unchalik qiyin bo‘lmagan, 12:0 hisobida g‘alaba qozonganman. Bu mening birinchi g‘alabam bo‘lgan va men uchun "adrenalin" bo‘lgan. Uyimdagilar ham hamon shu musobaqani eslayverishadi. 34 kg bo‘lib turib, 37 kglilar bilan tushganman.
- Boshqa yana qaysi sport turiga qiziqasiz?
- Badiiy gimnastikaga qiziqaman.
- E’tibor va qiziqishi yuqori bo‘lgan sport turlarigachi? Masalan futbol, boks...
- Futbolga qiziqmayman. O‘zbekistonlik bokschilarning natijalarini kuzatib turaman, ammo boksni ham katta qiziqish bilan kuzatmayman.
- Sportchi bo‘lib ketishingizga, umuman sport bilan shug‘ullanishingizga uyingizdagilar qanday qarashadi?
- Uydagilar qarshi emas. Faqatgina onam meni janglarimni kuzata olmaydilar. Gohida shug‘ullanmay qo‘yaqol deydilar. Havotir oladilar, har holda yakkakurash sport turlarida jarohatlar ro‘y beradi va shunday holatlar ham kuzatilgan. Qo‘lim singan, oyog‘im singan... lekin ko‘nglimga va xohishimga qaraydilar.
- Eng og‘ir davrlaringiz bo‘lganmi va shunday holatlar bo‘lgan bo‘lsa, qanday chiqib ketganingiz haqida aytib bersangiz.
- O‘tgan yilning boshida 2, 3 ta xalqaro musobaqalarda qatnashdim va barchasida birinchi o‘rinni egalladim. O‘sha yili o‘smirlar o‘rtasida olimpiada bor edi. Shu olimpiadaga yo‘llanma beradigan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashdim. Maqsadim olimpiyadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritish edi. Bu uchun tinimsiz mehnat qildim, payti kelganda uyga ham bormay, mashg‘ulotlar o‘tkazishga to‘g‘ri kelgandi. Ammo koreyalik raqibimga alamli tarzda 21:20 hisobida imkoniyatni boy bergandim. Juda qiyin bo‘lgan. Bo‘ldi endi sportchilik faoliyatim ham tugadi, deb o‘ylagandim. Keyin barchasiga joyiga tushib ketdi, murabbiyim tayyorgarlik ko‘rishimni va kattalar o‘rtasida musobaqaga chiqishimni aytgan. Kattalar o‘rtasida Osiyo chempionatiga borib, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgandim.
- Faoliyatingizdagi eng yoqimli yutug‘ingiz qaysi?
- Albatta, bu Osiyo o‘yinlari va ushbu turnirda kumush medalga ega bo‘lganim. Oltin medalni olmagan bo‘lsamda, bu men uchun eng yaxshisi bo‘lgan.
- Aynan qaysi jihatlari bilan sizga yoqimli bo‘lgan?
Men o‘zi o‘smirlar terma jamoasida edim. Keyin murabbiylar shtabi meni kattalar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga olib borishga qaror qilishdi. O‘sha payt, men 46 kg vazn toifasida dayanga chiqardim. Murabbiylar meni 49 kgda qatnashishga loyiq deb topishdi. 49 kg vazn toifasi, bu olimpiada vazni hisoblanadi. Raqiblarim ham tajriba, ham yosh jihatidan mendan katta edi. Murabbiy bilan raqiblarni yaxshilab o‘rganib, jiddiy tayyorgarliklar ko‘rganmiz. Nasib etgan ekan kumush medalni qo‘lga kiritganman. Finalda tailandlik raqibimga yutqazgandim. To‘g‘risini aytsam, kichkinaligimdan shu sportchiga havas qilib kelardim va u bilan jang qilaman deb hech qachon o‘ylamagandim. Umuman olganda, nafaqat taekvondochilar, balki butun delegatsiya qatnashgan va aynan shunisi bilan ham juda qiziqarli bo‘lgan. Butun O‘zbekiston delegatsiyasida yoshi eng kichkinasi o‘zim edim.
- Demak finaldagi raqibingiz sizni kumiringiz bo‘lgan.
- (O‘ylanib) Kumir desa ham bo‘ladi, bilmadim. Lekin taekvondo yulduzi edi.
- O‘zi, kumiringiz bormi?
- Kumirim deymanmi, bilmadim. Kichkinaligimdan havas qilganman Jasur Bayko‘ziev. Bu inson biz uchun akadek. Murabbiylik faoliyatini boshlanganlar va hozir endi bizga murabbiy. Doim kuzatib kelganman. Bundan tashqari, Nikita Rafalovich va Dmitriy Shokin O‘zbekiston taekvondosining etakchilari. Jasuraka o‘zlari sportchilikdan murabbiylikka o‘tganlari uchun sportchining holatini yaxshiroq tushunadilar. Hayotda ham juda xotirjam va yaxshi inson.
Fikrlar