
Legionerimizni to‘xtatib bo‘lmayapti. U yana gol urib, jamoasini qutqardi
Belarus oliy ligasining 13-turida musobaqa jadvalida dastlabki pog‘onani egallab turgan ikki jamoa o‘zaro to‘qnash keldi.
Borisovda bo‘lgan turning markaziy uchrashuvida 27 ochko bilan birinchi o‘rinda borayotgan BATE o‘zidan bir ochko kam jamg‘argan “Energetik-BGU” futbolchilarini qabul qildi.
Aslida bu bahs biz uchun Belarusdagi “o‘zbek derbisi” maqomini olishi kerak edi. Biroq, BATJ bosh murabbiyi Aleksandr Mixaylov o‘ziga qarshi bosh ko‘targan hamyurtimiz Shahboz Umarovni umuman qaydnomaga ham kiritmayotgani bois, o‘zbekistonlik futbol muxlislari to‘rt nafar hamyurtimiz to‘p tepayotgan "Energetik-BGU"ga tarafkashlik qilgani sir emas.
Shu kuni maydonda harakat qilgan har ikki jamoa uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etgan ushbu bahs mezbonlar uchun omadli boshlandi va borisovliklar ikkinchi daqiqadayoq yarim himoyachi Stanislav Dragunning aniq zarbasi evaziga hisobni ochdi.
Bellashuvning qolgan vaqti ham keskin va murosasiz kurashlar ostida kechdi. Bu mavsumda “Energetik-BGU” har qanday jamoaga qarshi kuchli o‘yin ko‘rasata olishini yana bir karra namoyon qildi. Ayniqsa, minsklik “talabalar”ning muvaffaqiyatida himoyachi Abdulqodir Husanov, yarim himoyachi Shohruhbek Abdurahmonov va hujumchi Bobur Abduxoliqovning hissasi katta bo‘layotganini alohida ta’kidlash lozim.
Chempionat etakchiga qarshi uchrashuvda ham “Energetik-BGU”ni Bobur Abduxoliqov mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
BATE futbolchilari ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida o‘z jarima maydonchasi ichida o‘yin qoidasini buzdi. Hakam penaltini belgiladi. 11 metrlik belgidan Bobur Abduxoliqov zarba yo‘lladi. Biroq, raqib darvozaboni Andrey Kudravets zarbani bartaraf etdi. Darvozabondan qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib etib kelgan, Bobur Abduxoliqov chaqqonlik qilib, raqib darvozasini ishg‘ol qilishni uddaladi.
Chempionat peshqadamlarining qizg‘in kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvi 1:1 hisobida durang natija bilan yakunlandi.
Biz uchun quvonarlisi shundaki, Bobur Abduxoliqov oliy ligadagi golli seriyasini uzluksiz davom ettirmoqda. Qashqadaryolik futbolchi ketma-ket oltita uchrashuvda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
Bobur umumiy hisobda 13 ta uchrashuvdan o‘ntasida raqiblar darvozasiga yo‘l topa olgani quvonarli. Hozirgacha bo‘lgan bellashuvlarda faqatgina uch jamoa – “Slutsk”, “Isloch” va “Shaxtyor-Soligorsk” o‘zbekistonlik hujumchining gol urishiga imkon bermadi.
Shu kunga qadar 14 ta to‘p kiritgan legionerimiz bitta xet-trik, ikkita dubl qayd etdi va yana oltita o‘yinda bittadan gol muallifi bo‘ldi. Bundan tashqari, Abduxoliqov to‘rtta assistni ham amalga oshirgan holda, gol+pas tizimi bo‘yicha 18 ball bilan chempionatning eng foydali o‘yinchisi bo‘lib turibdi.
Shuningdek, Bobur Abduxoliqov chempionat to‘purari poygasida katta farq bilan peshqadamlik qilmoqda. U eng yaqin ta’qibchisi – “Minsk” hujumchisi Vladimir Xvashinskiyni ettita to‘pga ortda qoldirmoqda.
Ochkolari sonini 27 taga etkazib, ikkinchi o‘rindagi pozitsiyasini saqlab turgan “Energetik-BGU” navbatdagi tur uchrashuvini 8 iyul kuni o‘z maydonida “Gomel” futbolchilariga qarshi o‘tkazishi belgilangan.
Fikrlar