
Legionerimiz gol urdi
Qozog‘istonning amaldagi chempioni – “Ordabasi” yangi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Chimkentliklar o‘tgan yili o‘z tarixida ilk bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi va endi bu unvonni munosib himoya qilishi lozim.
“Ordabasi”ning uzoq yillik tarixidagi sensatsion g‘alabasida ikki o‘zbek futbolchisi – Shahboz Umarov va Bobur Abduxoliqov ham ishtirok etdi.
Shahboz Umarov o‘tgan mavsumda chimkentliklar safida Premer-liganing 22 ta uchrashuvida maydonga tushib, o‘z hisobiga uchta gol yozdirib qo‘ydi.
Bobur Abduxoliqov esa, chempionatning barcha uchrashuvlarida ishtirok etgan “Ordabasi”ning yagona o‘yinchisi bo‘ldi. Bu bahslarda tajribali forvardimiz raqiblar darvozasini etti marotaba ishg‘ol qildi.
Bobur kutilmaganda legionerlik faoliyatini yakunlashga qaror qildi. Abduxoliqov yurtimizga qaytib keldi va yangi mavsumda qadrdon jamoasi “Nasaf”da o‘ynaydigan bo‘ldi.
“Ordabasi” Bobur Abduxoliqovning o‘rniga o‘zbekistonlik boshqa nomdor futbolchi – Jasur Yaxshiboevni qo‘shib oldi.
Qozog‘istonlik ekspertlar Belarus, Polsha va Moldova chempioni va “Real”ga Madridda gol urgan o‘zbek legioneri jamoani kuchaytira olishiga yuqori baho bermoqda.
Turkiyada o‘quv-mashhulot yig‘ini o‘tkazayotgan chimkentliklar Rossiyaning “Fakel” jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida kuch sinashdi. Qiziqarli o‘tgan bahsda Shahboz Umarov va Jasurbek Yaxshiboev boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Osiyo kubogida ishtirok etib qaytgan Shahboz Umarov yaxshi sport formasida ekanini ko‘rsatdi. Legionerimiz rossiyaliklar darvozasini ishg‘ol qildi. Biroq bu chempion jamoani mag‘lubiyatdan qutqara olmadi – 1:2.
Ushbu bahsdan keyin “Ordabasi” futbolchisi Temirlan Erlanov o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, mavsumga tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi.
- “Fakel” bilan juda yaxshi o‘yin bo‘ldi. Afsuski, yutqazib qo‘ydik. Yo‘l qo‘yilgan xatolarni to‘g‘rilab, keyingi bahsga tayyorgarlik ko‘ramiz.
Jamoaga yaxshi tajribaga ega yangi o‘yinchilar qo‘shilgan. Jasur Yaxshiboev Polshaning “Legiya”sida o‘ynagan. Yangi himoyachi Igor Plastun “Ludogorets”dan keldi. Ular jamoaga yordam berishiga ishonamiz.
Muxlislar yangi mavsumda jamoaning chempionatda va Evropa Chempionlar ligasidagi o‘yinlarga tayyorgarligiga qiziqyapti. Hech bir o‘yinchi maydonga yutqazaman, deb tushmaydi. Albatta, biz ham harakat qilamiz, nasib qilgan bo‘lsa, yutamiz, - dedi Temirlan Erlanov.
Fikrlar