
Evropada yozning eng kutilmagan transferi – o‘zbek futbolchisi bo‘ldi!
Bu galgi yozgi transferlar juda qizg‘in o‘tgani bilan tarixda qoldi. Eng katta o‘zgarishlar Frantsiya chempionatida yuz berganini ta’kidlash lozim.
Ma’lumotlarga qaraganda, Frantsiya klublari sotgan futbolchilar transferi jamoalarga 853 million evro keltirdi. Liga 1 klublari 806 million evroga o‘yinchi oldi. Bu ligada juda qiziqarli transferlar kuzatilgani mutaxassislar e’tiborini tortdi.
So‘nggi yillarda butun jahon futbol ishqibozlari nazarini Frantsiyaga qadab turgan Lionel Messi, Neymar, Serxio Ramos kabi yulduzlar mamlakatdan ketdi.
PSJ katta ziddiyatlarga barham berib, Kilian Mbappeni o‘z safida saqlab qolgani, uning yoniga “Barselona”dagi frantsuz Usmon Dembeleni olib kelgani muxlislarni mamnun qildi.
Ispaniyadan Marko Asensio, Germaniyadan Lukas Ernandes, Rendal Kolo Muani, Italiyadan Milan Shkrinyar, Portugaliyadan Gonsalu Ramush, Manuel Ugarte, Angliyadan Per-Emerik Obameyang kabi yulduzlar Liga 1 bahslarida ko‘rinish beradigan bo‘ldi.
Frantsiyada eng kutilmagan transfer 19 yoshli o‘zbek futbolchisi Abduqodir Husanovning Frantsiya vitse-chempioni “Lans”ga ko‘chib o‘tgani bo‘ldi. Bu transferning o‘ziga xos bir necha xususiyatini keltirib o‘tamiz.
- Abduqodir Husanov Frantsiya klubi bilan shartnoma imzolagan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida tarixda qoladi.
- Frantsiya, Belarus va O‘zbekiston futboli tarixida Husanov kuchli beshlik ligalaridagi sovrindor jamoaga to‘g‘ridan to‘g‘ri transfer qilingan birinchi o‘yinchi hisoblanadi.
- Abudqodir Husanov professional faoliyatini xorijda – Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida boshlagan. Biroq, Frantsiya klubi uni Belarus chempionatidan topgani yo‘q. Husanov skautlar nazariga 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokida Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionati va Argentina mezbonlik qilgan jahon chempionatida tushgan.
- “Energetik-BGU” bu transferdan 100 ming evro ishlab oldi.
- Abduqodir Husanov “Lans”ning yozdagi eng arzon transferi ekani qayd etildi.
Darhaqiqat, Abduqodir Husanov mavsumoldi tayyorgarlik bosqichi jarayonida bir necha o‘rtoqlik uchrashuvlarida zaxiradan maydonga tushdi. Biroq, hamyurtimiz hali “Lans” safida Frantsiya chempionatida rasmiy o‘yinlarda debyutini nishonlaganicha yo‘q. Biroq, oldinda o‘yinlar va imkoniyatlar hali ko‘p.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik muxlislar e’tiboriga Evropa kuchli beshlik ligalaridagi transferlar oid qiziqarli faktlarni havola etadi.
- 2,65 million evro. Angliya Premer-ligasi klublari yozda transferlarga shuncha mablag‘ sarfladi. Bu yangi rekord.
- “Chelsi” bu yoz yangi futbolchilar uchun 464 million evro xarajat qildi va 264 million evroga o‘yinchi sotdi.
- Muhammad Saloh “Liverpul”dan “Al-Ittihod”ga o‘tsa, transfer rekordi yangilanishi mumkin.
- Ispaniya klublari 412 million evroga o‘yinchilarni sotib oldi va 542 million evroga chiqish transferlarini amalga oshirdi.
- “Barselona” va “Vilyarreal” transferlardan 100 million evrodan ishlab oldi.
- “Real” yangi futbolchilarga 125 million evro xarajat qildi.
- Bundesligadagi eng katta transfer Harri Keynning “Bavariya”ga o‘tgani bo‘ldi. Katta xarajatlarni yoqtirmaydigan nemislar “Tottenxem”ga 100 million evrodan ko‘proq pul to‘ladi.
8.“Borussiya Dortmund” Jud Bellingemni “Real”ga kuzatib, 103 million evro ishlab oldi. Bu summa bonuslar hisobiga yanada oshadi.
Fikrlar