G‘oliblik nashidasi qanchaga cho‘zildi?

  • 23 iyun, 2017, 17:45
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kundan kunga ommaviylashib borayotgan futbol sport turi allaqachon hayotimizning bir bo‘lagiga aylanib ulgurdi. Kundalik turmush tarzimizni futbolsiz tasavvur qilish mushkul ish bo‘lib qolmoqda. Milliy terma jamoamiz va Oliy liga bahslarini bir chetga surib qo‘ygan holda, fikru xayollarimizni o‘g‘irlagan Evropa milliy chempionatlari haqida so‘z yuritsak maqsadga muvofiq bo‘lsa kerak. Chunki biz jozibador futbol haqida gap boshlashni maqsad qilganmiz.

Tecno

Garchi barchaning e’tiborida bo‘lgan Evropadagi top chempionatlar o‘z yakuniga etgan bo‘lsada, jamoalar va futbolchilar bilan sodir bo‘layotgan yangiliklar bilan o‘zimizni biroz ovutib turibmiz desak ayni haqiqat bo‘lsa kerak. Aytganday, huvillab qolgan Rossiya maydonlarida o‘tkazilayotgan Konfederatsiyalar Kubogi ham bizga futbol havosidan bahra olishga biroz imkon tug‘dirmoqda.

E’tiboringizga Evropa milliy chempionatlari tarixida qayd etilgan eng uzoq davom etgan g‘alabali seriyalarni havola etamiz.

TsSKA. 13 ta g‘alaba

Turnir: Rosiiya premer ligasi

Seriya davomiyligi: 2014 yil 15 martdan 2014 yil 17 avgustga qadar

Rossiyaning g‘alabalar seriyasi bo‘yicha rekordchisi bo‘lish baxti TsSKAga nasib qildi. 2014 yil bahorida Leonid Slutskiy ketma-ket 10 ta bahsda muvaffaqiyat qozondi va “Zenit”dan oltinni tortib oldi. Armyanlarning “Zenit” ustidan qozongan zafari bilan start olgan g‘alabalar seriyasi “Spartak”dan mag‘lub bo‘lish bilan nihoyasiga etdi. Ibtido ham, intiho ham o‘ziga xos, shunday emasmi?!


ARSENAL. 14 ta g‘alaba

Turnir: Angliya premer ligasi

Seriya davomiyligi: 2002 yil 10 fevraldan 2002 yil 24 avgustgacha

Tan olish kerak, hozir “Arsenal” muxlislari Arsen Vengerning iste’foga chiqishini istashyapti, ammo yangi asr avvalida hammasi mutlaqo o‘zgacha edi. Frantsuz murabbiyini hamma birdek qo‘llab-quvvatlar, muhimi to‘plangan ochkolar emas, balki g‘alabalar edi. 2001-2002 yil mavsumida jamoa ketma-ket 13 ta bahsda zafar quchdi hamda Venger murabbiyligi ostida ikkinchi marotaba Angliya chempioni bo‘lganligini nishonladi. Keyingi mavsumda ham g‘alabalar seriyasi munosib tarzda davom ettirildi.


BARSELONA. 16 ta g‘alaba

Turnir: Ispaniya La ligasi

Seriya davomiyligi: 2010 yil 16 oktyabrdan 2011 yil 12 fevraliga qadar

Bu erda Pep Gvardola o‘zining yana bir rekord natijasini ko‘rsatdi. 2010-11 yil mavsumida “Barselona” uchta turnirda g‘alabaga bir qadam qolganda; Ispaniya Kubogi final bahsida “Real”ga o‘z o‘rnini bo‘shatib berdi. Ammo Chempionlar ligasi va Primero oltinini qo‘ldan boy berishmadi. Ispaniya chempionatini ko‘pincha “Ikkita klub turniri” deya atashadi. Buni inkor qilmoqchi bo‘lamiz-u, ammo tan olish kerakki, o‘sha mavsumda haqiqatan ham “Barsa” va “Real” boshqa klublar orasida yaqqol ko‘zga tashlanib turgan edi. Afsuski, 16 seriyali g‘alabalari bilan ham kataloniyaliklar to‘laqonli lazzatlana olishmadi, mavsum yakunida atigi 4 ochko bilan  Madriddan ortda qolishdi: 96 ga 92. Nachora...


REAL MADRID. 16 ta g‘alaba.

Turnir: Ispaniya La ligasi

Seriya davomiyligi: 2016 yil 2 martdan 2016 yil 21 sentyabrga qadar

“Real”ning o‘tgan yilgi rekordini bemalol Zidanning nomi bilan bog‘lash mumkin. Yanvar oyida “afsonaviy” Rafa Benitesning murabbiylik o‘rnini egallagan Zizuga “Qirollik klubi”ni g‘alabalarga ko‘mib tashlash uchun bir necha oy kifoya qildi. To‘g‘ri, 12 ta g‘alaba bilan “Barselona”dan o‘zib keta olishmadi, ammo Chempionlar ligasi finalida “Atletiko”ni mag‘lub qilishga qurbi etdi. Keyingi mavsumda esa besh yillik tanaffusdan so‘ng premera oltinini qo‘lga kiritishdi, bu ularga Evropaning bosh kubogi uchun hal qiluvchi bahsda ishtirok etish imkonini berdi. “Qirollik klubi”ning yulduzi Krishtianu Ronalduga keladigan bo‘lsak, u Konfederatsiyalar Kubogi doirasida Portugaliya terma jamoasi tarkibida o‘zini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldi.


INTER. 17 ta g‘alaba

Turnir: Italiya A seriyasi

Seriya davomiyligi: 2006 yil 5 oktyabrdan 2007 yil 28 fevralgacha

Ushbu seriya batamom “Inter”ning hukmronligi ostida o‘tdi. 2006 yil yoz yakuniga kelib A seriya “huvillab qoldi, go‘yo: “Yuventus”, “Milan”, “Latsio”, “Fiorentina” – barcha raqiblarini surib chiqargan “Inter” bir nafasda g‘oliblik shohsupasiga chiqib oldi. Kuzning o‘rtalaridan qishning oxiriga qadar bo‘lgan muddat ketmag‘ket 17 ta g‘alabani qo‘lga kiritish uchun etarli bo‘ldi, bitta mag‘lubiyatni hisobga olmaganda, albatta.


BAVARIYa. 19 ta g‘alaba

Turnir: Germaniya Bundesligasi

Seriya davomiyligi: 2013 yil 19 oktyabrdan 2014 yil 29 martga qadar

Ha, Pep Gvardolaning Bavariyadagi murabbiylik faoliyati havas qilarlik darajada boshlanmagan edi. Germaniya Superkubogida Dortmundning “Borussiya”sidan ta’zirini egan jamoa bir necha o‘rtoqlik uchrashuvlaridan so‘ng “o‘ziga keldi”. Evropa Superkubogida “Chelsi”ni mag‘lub etishdi. Xuddi shu nuqtadan jamoaning muvaffaqiyatlari start oldi. Oktyabr oxiriga kelib, Robben, Myuller, Manjukich va jamoaning boshqa a’zolari mag‘lubiyatlar haqida unutib ham yuborishgan edi. Martning so‘ngidayoq Bundesliga chempionligini qo‘lga kiritishiga o‘zini ham, boshqalarni ham ishontirgan jamoa sal bo‘shashdi, shekilli, “Xoffenxaym” bilan bo‘lgan bahsdagi durang natija g‘alabali seriyai ko‘rsatgichi 19taga etganda nuqta qo‘yildi.


PSV. 22 ta g‘alaba

Turnir: Gollandiya chempionati

Seriya davomiyligi: 1986 yil 26 apreldan 1988 yil 17 yanvargacha

Gus Xiddink Eyndxovenda o‘zining murabbiy sifatidagi mo‘jizalarini ko‘rsata boshlagan edi. 1986-87 yil mavsumi yakuniga 10 ta tur qolganida PSVga kelgan Xiddink “Ayaks”dan o‘zib ketish bilan cheklanib qolmadi. 1987 yil bahoridagi oltita g‘alaba ko‘ziga kamroqdek ko‘rindi shekilli, yana 16 ta zafarli natijalar bilan jamoaning g‘alabalar kollektsiyasini boyitdi. Keyingi mavsumda mahalliy chempionatda oltinni qo‘lga kiritish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmadi. Gollandiya Kubogi va Chempionlar Kubogi ham PSVning mukofotlar javonidan joy oldi.


FRENTsVAROSh. 28 ta g‘alaba

Turnir: Vengriya chempionati

Seriya davomiyligi: 1930-31 va 1932-33 yil mavsumi

Vengriyada o‘sha yillarda o‘tkazilgan chempionat haqida guvohlik beruvchi kalendarlarni topish ham amrimahol bo‘lsa kerak. Kim biladi, Gitler o‘z lagerlarida ularni ham yoqib yuborganmi!? Ammo oradan o‘tgan yillar vengerlarning afsonaviy g‘alabalari qiymatini bir zarraga ham kamaytira olmadi.1931-32 yil mavsumida aql bovar qilmas natija ko‘rsatildi: 22 ta bahsda 22 ta g‘alaba!!! Kiritilgan gollar – 105 ta, o‘tkazib yuborilgan gollar – 18 ta. Bunaqa natijani ko‘rib, o‘sha paytda “Frentsvarosh”dan boshqa jamoalar ham futbol o‘ynashni bilganmikan o‘zi, deb o‘ylanib qoladi odam...


DINAMO Zagreb. 28 ta g‘alaba

Turnir: Xorvatiya birinchi ligasi

Seriya davomiyligi: 2006 yil 8 noyabrdan 2007 yil 23 sentyabrgacha

Zagreb “Dinamo”sining peshqadamlari – Manjukich, Modrich, Eduardu, Chorluka Evropa chempionatlari doirasida o‘z kareralarini eng pastki pillapoyadan yuqori cho‘qqiga olib chiqishdi. O‘zida yosh iste’dod sohiblarini jamlagan bu jamoa o‘ng-u so‘ldagi raqiblarini zir titratdi. 2006-2007 yil mavsumini muvaffaqiyatli boshlagan “Dinamo” shu maromni keyingi yildagi chempionatda ham saqlab qola oldi, ketma-ket g‘alabalar qo‘lga kiritildi, ammo “Benefika”ni mahv etishning uddasidan chiqa olishmadi. Portugaliyaliklarning rekord natijalari hamma qatori zagrebliklarning ham havasini (balki hasadini ham) keltirgani rost. Bu rekordni yangilashga ahd qilgan “Dinamo”ning orzusini o‘zining 4:3 hisobdagi kamtarona g‘alabasi bilan “Varteks” chippakka chiqardi.


BENFIKA. 29 ta g‘alaba

Turnir: Portugaliya chempionati

Seriya davomiyligi:1972 yil 9 apreldan 1973 yil 1 aprelgacha

1960-70 yillarda “Benfika”ning shuhrati olamni tutgan edi. Yunon afsonasi Goliafga bas kelgudek qudrati bilan hammani hayratga solgan jamoa Evropa Chempionlar ligasi finaliga besh marta yo‘llanma oldi va shuning ikkitasida zafar quchdi. Ikki o‘n yillik mobaynida “Lochinlar” Portugaliyada 14 marotaba oltinni qo‘lga kiritishdi. Eysebio yulduzi porlab turgan bu jamoa uchun har qanday rekord natija cho‘t emas edi. Portugaliya chempionatida ketma-ket 29 ta muvaffaqiyatli natija ko‘rsatgan jamoa uchun g‘alaba qilish xamirdan qil sug‘urgandek edi go‘yo. 1971-72 yil mavsumi yakunidagi oltita g‘alaba, 1972-73 yilga kelib  28 taga (ikkita durang natija) etdi. 1973 yil 1 aprelda “Portu” forvardi Flaviu Minianu asosiy vaqtning yakuniga 4 daqiqa qolganda hisobni tenglashtirdi. Bu bilan lissabonliklarning tanatanavor g‘alabali seriyasi yakuniga etdi.

Saodat Abdurahmonova

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!