
Xavi xayrlashmoqchi bo‘lgan to‘rt futbolchi nomi ma’lum bo‘ldi
Bu yil Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritgan “Barselona” bosh murabbiyi Xavi Ernandes kelasi mavsum oldidan ayrim futbolchilar bilan xayrlashishi to‘g‘risida axborot tarqatilgan edi.
Sport nashri jurnalistlari ispaniyalik mutaxassis ro‘yxatida kimlar borligini aniqladi. Unga ko‘ra, Xavi hujumkor futbolchilar – Ansu Fati va Ferran Torres, yarim himoyachi Frank Kessi hamda chap qanot himoyachisi Jordi Alba bilan xayrlashishga tayyor.
Manbaning ta’kidlashicha, tez orada klub mutasaddilari bu futbolchilarga yozda o‘zlariga yangi jamoa topishlari kerakligi haqida ogohlantirish beradi.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Ansu Fati 35, Ferran Torres 30, Frank Kessi 28 va Jordi Alba 5 million evroga baholanmoqda. Albadan tashqari uch nafar o‘yinchiga Angliya Premer-ligasi jamoalaridan aniq takliflar bo‘lyapti.
Fikrlar