
Sherzod Temirov: "Bizda rejalar o‘zgarishi mumkin, maqsadlar o‘zgarmaydi"
JCh-2026 saralash bahslari davom etmoqda. 21 mart kuni milliy terma jamoamiz safarda Gonkong ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Endi 26 mart kuni Toshkentda ushbu jamoalar yana bir bor to‘qnash kelishadi.
Gonkong chempionatida to‘p surayotgan yagona hamyurtimiz Sherzod Temirov 21 mart kungi terma jamoamiz ishtirokidagi bahsni bevosita stadionda kuzatdi. Futbolchi bu borada Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Sherzodbek, Gonkong-O‘zbekiston o‘yinini stadionda kuzatdingiz va sizda qanday taassurot qoldirdi? Aynan qanday natija kutgandingiz?
- Avvalambor, barchani muborak Ramazon oyi bilan tabriklayman. O‘yin juda yaxshi o‘tdi. Hisob ham shunga yarasha bo‘ldi. Futbolchilarimizga maydon sifati biroz xalaqit qildi. Lekin ikkinchi bo‘limda vaziyatlardan to‘g‘ri foydalanib g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Hozirda terma jamoamizda juda yaxshi o‘yin shakllangan. Har qanday terma jamoaga qarshi bosh og‘rig‘i bo‘la olamiz, deb o‘ylayman. Terma jamoamizga omad tilayman.
- Gonkongda bu uchrashuvga qanday munosabatda bo‘lishdi?
- Gonkong terma jamoasi biz singari yaqin 4 kun ichida to‘liq tarkib bilan mashg‘ulotlarni boshlagandi. Har qanday terma jamoa saralashda yaxshi tayyorgarlik ko‘radi. Ular ham barcha singari tayyorgarlik olib borishgan. Stadion o‘zgartirilgani yaxshi bo‘lmadi. Yaxshi maydonda to‘p surish ancha qulay bo‘lardi, deb o‘ylayman.
- Terma jamoamiz a’zolari bilan uchrashish imkoni bo‘ldimi?
- Hammasi bilan uchrashib, g‘alaba bilan tabrikladim. Futbolchi va murabbiylarimiz, kim bo‘lishimizdan qat’iy nazar Vatan bitta – bu O‘zbekiston!
- Gonkong chempionatidagi faoliyatingiz qanday davom etmoqda? Barchasi siz o‘ylagandekmi?
- Chempionat o‘yinlariga keladigan bo‘lsak, bizda hammasi rejadagidek ketmoqda. Maqsad sari intilyapmiz. Xudo xohlasa, jamoaga ancha moslashib olganman. Yangi klubda barchasiga vaqt, mehnat va sabr talab qilinadi. Bizda rejalar o‘zgarishi mumkin, maqsadlar o‘zgarmaydi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar