
Ro‘ziqul Berdiev: "Paxtakor" uchrashuvlarni asosan bitta tarkib bilan o‘tkazmoqda
O‘zbekiston Superkubogi uchun "Paxtakor" va "Nasaf" jamoalari kuch sinashdi. Qiziqarli kechgan bellashuv Qarshi klubining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakun topdi.
Dastlab, Dragan Cheran raqibdan to‘pni olib qo‘ydi va Banashakka to‘pni uzatdi. Pshemislav esa deyarli bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi. 42-daqiqada Oybek Bozorov ajoyib harakatlaridan so‘ng Quvvatov darvozasi tomon zarba berdi va muvozanatni tikladi. 66-daqiqa o‘tib borayotgan bir vaqtda Nurilloevning uzatmasidan so‘ng Stanoevich jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.
Shu tariqa, "Nasaf" O‘zbekiston Superkubogi g‘olibiga aylandi.
O‘yindan so‘ng har ikkala jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Quyida "Nasaf" ustozi Ro‘ziqul Berdievning fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin:
- Sovrin yutish doim yoqimli. Bugungi g‘alaba bilan barchani tabriklayman. O‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsak, uchrashuvni xato bilan boshladik. Ustiga ustak, xato ortidan gol ham o‘tkazib yubordik. Faqatgina javob to‘pidan so‘ng o‘z o‘yinimizni ko‘rsata oldik.
- Mazkur bellashuvda ko‘proq himoyaviy harakat qilib, qarshi hujumda o‘z omadimizni sinab ko‘rishimiz reja qilingan edi. Asosiysi, kuchli raqib ustidan g‘alaba qozonib, sovrin qo‘lga kiritdik.
- "Paxtakor" uchrashuvlarni asosan bitta tarkib bilan o‘tkazmoqda. Biz ularda charchoq alomatlari borligini bilardik. Kuzatganingizdek, raqib 25-daqiqadan so‘ng nisbatan sust o‘ynashni boshladi. Zaxira o‘rindig‘imizning kattaroqligi bahs natijasiga ta’sir ko‘rsatib, g‘alabamiz kaliti bo‘lib xizmat qildi. Shuning uchun ham tarkibni kengaytirish yo‘llarini izlayapmiz. Ular bizga keyingi uchrashuvlarda asqatadi.
- Lima ba’zi vaziyatlardan foydalana olmayotgan bo‘lishi mumkin, ammo u Chavez va Amonovga qaraganda raqibga ko‘proq bosim o‘tkazadi. Shu sababli u o‘yinlarni asosiy tarkibda boshlamoqda. Albatta, hujumchidan doim gol kutiladi. Biroq jamoaga boshqa yo‘l bilan ham yordam berish mumkin.
- Bir holatga e’tiboringizni qaratmoqchiman, chempionatimizda o‘rtamiyona jamoalar qolmadi. Hech kim osonlikcha taslim bo‘lmayapti. Ba’zi klublar ko‘proq natija uchun harakat qilmoqda. Tan olish kerak, bizga barqarorlik etishmayapti.
- Bugungi raqib - "Paxtakor" hujumkor futbol namoyish etadi. Ba’zida qaysidir jamoa o‘yinni himoyadan qursa, bu bizga qiyinchilik tug‘diradi. O‘z navbatida, hujumchilarimizda ham muammo yo‘q emas. Buning ustida ishlayapmiz.
Fikrlar
паптиш уйин курсатди Сайфиев купол хатолар курсатди Тезлиги йук.