
O‘rnimga yangi kelgan darvozabonning o‘yinidan qoniqmadilar yoxud "So‘g‘diyona" serbiyalik legionerni qaytardi
Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi yangi mavsumga taraddud ko‘rish bilan bir qatorda tarkibni kuchaytirish ishlarini ham olib bormoqda. Bu borada jamoa ustozi Ulug‘bek Baqoev iloji boricha tarkibni o‘zi istagan darajaga keltirishga harakat qilyapti. Buning uchun har bir chiziqda raqobat bo‘lishi va ayniqsa, o‘yinni kuchaytira oladigan futbolchilar to‘p surishi murabbiy uchun muhim.
Sports.uz muxbiriga ma’lum bo‘lishicha, bir necha yil davomida “So‘g‘diyona” sharafini himoya qilgan, o‘tgan yilgi mavsumdan keyin klubni tark etgan serbiyalik darvozabon Milan Mitrovich yana Superligaga qaytmoqda. Uni “So‘g‘diyona” yana qaytarishga qaror qildi. Shu sababli, serbiyalik legioner bu borada sports.uz muxbiri bilan muloqotda bo‘ldi.
- Milan, sizni “So‘g‘diyona”ga kim qaytardi? Holbuki, bu klubni rasman tark etgandingiz...
- Mening agentim orqali hal bo‘ldi. Klubdagi odamlar agentimga qo‘ng‘iroq qilishdi va undan jamoaga qaytishni xohlash yoki xohlamasligimni so‘rashdi. Chunki ular yangi kelgan darvozabonning o‘yinidan qoniqish hosil qilmayotgan edilar.
- “So‘g‘diyona”ga qaytishingizni kutmagan bo‘lsangiz kerak-a? Masalan, bungacha qaysi jamoa bilan birga edingiz?
- “So‘g‘diyona”ga qaytishim haqida gap-so‘zlar bo‘lgandi. Ammo keyinchalik, bilishimcha, ular o‘rnimga yana bir darvozabonni olib kelishgan ekan. Shu bois yangi klub qidirishga tushgandim. Boshqa klublar menga turli shartlarni qo‘yishdi. O‘sha shartlar meni qanoatlantirmadi. Shu bois anchasini rad etdim. Oxir-oqibat ular menga qo‘ng‘iroq qilishdi va “So‘g‘diyona”ga qaytishimni taklif qildilar. Muzokaralardan so‘ng, men qaytishga qaror qildim.
- Klubga qaytganingizda qanday o‘zgarishlarni ko‘rdingiz yoki hammasi eski holatdami?
- Hozircha jamoaga qaytganimcha yo‘q va ular bilan shug‘ullanmadim ham. Hozir men Turkiya aeroportidaman va O‘zbekistonga uchadigan samolyotni kutyapman. Bugun O‘zbekistonga reys bor va men ham o‘sha reysda uchib kelaman. Qaytganimdan keyin tarkib qanchalik o‘zgargan yoki o‘zgarmaganligidan xabar topaman. Chunki men “So‘g‘diyona”ni dekabrda tark etgandim.
- Shuningdek, sizga O‘zbekistonning qaysi jamoalaridan takliflar bo‘ldi?
- Bir qancha klublar bor edi, lekin ularni nomma-nom sanab berishni istamayman. Boz ustiga ularning taklifi meni qanoatlantirgani yo‘q. Shuning uchun ham birorta klubning taklifini qabul qilmadim.
- Fikringizcha, “So‘g‘diyona” qaysi o‘rin uchun kurashadi? Aniq maqsad qo‘yildimi?
- Hozircha klubning maqsad va rejalaridan bexabarman. Sababi, tayyorgarlik boshlanganida men jamoada emasdim. Lekin oxirgi paytlarda ko‘p narsa o‘zgarib ketgan, deb o‘ylamayman. O‘ylaymanki, bu yil “So‘g‘diyona”ning maqsadlaridan biri to‘rt kuchli jamoadan biriga aylanish bo‘ladi.
- Ulug‘bek Baqoev bilan ham suhbatlashdingizmi? U sizga nimalar dedi?
- Ko‘p gaplashmadik. Murabbiy faqat agentim bilan suhbatlashdi. O‘zbekistonga etib kelay, hammasini gaplashib olamiz.
- Nima uchun Serbiya chempionatida qolishni xohlamadingiz?
- Men o‘z yurtimda o‘ynashni xohlamayman, deganim yo‘q. Albatta, kun kelib, Serbiya chempionatida faoliyatimni davom ettirishni istardim. Axir bu mening yurtim. Lekin hozirda boshqa rejalarim bor ekan, iloji boricha boshqa chempionatda qolishni xohlayman.
- O‘zbekiston chempionatida sizga eng ko‘p yoqadigan holat nima?
- Menga har bir klub istalgan raqibini yuta oladi, degan gap-so‘zlar yoqmaydi. Bunday gaplar darvozabonlarga erish tuyuladi. Shaxsan o‘zimga kelsak, o‘yinga to‘liq 100 foiz tayyor bo‘lishim kerak. Agar bunday bo‘lmasa, o‘zimni maydonda yaxshi his qila olmayman. Aksiga olib, gol o‘tkazib yuborishim va bu bilan tanqidlarga sababchi bo‘lib qolishim mumkin.
Fikrlar