
"Muzokaralar bir oydan ko‘proq vaqt davom etdi" - Baxtiyor Ashurmatov "Turon"ga zo‘r hujumchini olib kelmoqchi
Bir yillik tanaffusdan so‘ng pro ligandan yana Superligaga yo‘l olgan “Turon” klubi ham “Mavsum-2023”ga jiddiy tayyorlanyapti. Elitada ikkinchi bor ishtirok etadigan jamoa oldingi xatolarni takrorlamaslik uchun endi yanada jiddiyroq harakat qila boshladi.
Eshitayotgan bo‘lsangiz kerak, “Turon” klubi selektsiya ishlarini rejasiga binoan davom ettirmoqda. Bir qancha futbolchilar bilan kelishuvlarga erishdi, ularning orasida legionerlar ham bor.
Jamoa bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov Sports.uz sayti uchun “Turon”ning mavsumlar oralig‘idagi tayyorgarlik rejalari qanday davom etayotgani va selektsiya xususida gapirdi.
- Baxtiyor A’zamovich, “Turon” dekabr oyidayoq jiddiy transferlarni amalga oshirdi. Ancha engil tortdingizmi? Yoki yana xavotirli holatdamisiz?
- To‘g‘ri, biz dekabr oyida bir nechta yaxshi saviyadagi futbolchilar bilan kelishuvga erishdik. Lekin hali qilinadigan ishlar ko‘p. Ayrim pozitsiyalarni kuchaytirishimiz kerak. Chunki pro ligadan chiqqan jamoa uchun birinchi mavsum murakkab kechadi. Shu sababli bo‘shashishga haqqimiz yo‘q. Biz o‘tgan yili murakkab vaziyatda xarakter ko‘rsatgan va “Turon”ning Superligaga chiqishi yo‘lida qattiq mehnat qilgan futbolchilarni tarkibda olib qoldik. “Turon”ni yanada raqobatbardosh jamoaga aylantirish uchun o‘tgan yili safimizda bo‘lgan futbolchilar qatoriga yaxshi saviyadagi o‘yinchilarni qo‘shib, yaxshi jamoa tuzishimiz kerak. Xudo xohlasa, rahbarlarimizning ko‘magi hamda murabbiylarning mehnati bilan yaxshi jamoa tuzishga ishonib qolamiz.
- Tayyorgarlik rejasi qanday davom etyapti?
- 4 yanvardan 23 yanvargacha o‘z bazamizda tayyorgarlik ko‘ramiz. 3 kunlik damdan keyin 27 yanvar kuni Xudo xohlasa Turkiya yig‘iniga jo‘nab ketamiz. U erda ikki hafta davomida bo‘lamiz. Keyin tayyorgarlikni Toshkent va Yaypanda olib boramiz. Bu yig‘inlarda bir nechta jamoalar bilan o‘rtoqlik uchrashuvida qatnashamiz.
- Shartnoma imzolangan futbolchilar orasida qaysi biri bilan kelishish murakkabroq kechdi?
- Shartnoma imzolangan futbolchilar orasida eng murakkabi serbiyalik yarim himoyachi Dushan Stoilkovich bilan qiyin bo‘ldi. Bir oydan ko‘p vaqt davomida muzokaralar davom etdi. Ko‘p futbolchilar bilan muzokaralarda futbolchilarning “Turon”da o‘ynash xohishi borligi asosiy faktorlardan biri bo‘ldi. Shu sababli bu futbolchilarimizga jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildiraman. Bu erda “Turon” jamoasining, “Turon” rahbariyatining oxirgi yillarda qilgan mehnatining samarasi ko‘rindi. Chunki “Turon” oxirgi paytlarda faqat yaxshi ishlari, to‘g‘ri ishlashi bilan jamoadagi ajoyib muhit orqali hammada yaxshi taassurot qoldiryapti. Xudo xohlasa, jamoa nufuzini bundan-da, yuqoriga olib chiqishga harakat qilamiz.
- Jamoa yana nechta o‘yinchi bilan shartnoma imzolamoqchi va aynan qaysi o‘yinchilar bilan kelishuvlarga erishilmoqda?
- Hozirgi holatda biz yana ikkita pozitsiyani kuchaytirmoqchimiz. Yaxshi saviyadagi yana bir hujumchini qo‘shib olmoqchimiz. Bir nechta hujumchilar bilan muzokara o‘tkazyapmiz. Agar markaziy himoya va o‘ng qanot himoyada bir xilda o‘ynaydigan himoyachi topsak jamoamizda raqobat yanada kuchayardi.
- Legionerlar masalasida ham so‘ramoqchi edim. Xorijlik futbolchilarga ham qiziqish bildiryapsizmi?
- Hozircha jamoamiz gruziyalik markaziy himoyachi Anri Chichinadze va serbiyalik yarim himoyachi Dushan Stoilkovich bilan shartnoma imzoladi. Safimizga yana bir yaxshi saviyadagi legioner markaziy hujumchini qo‘shib olmoqchimiz.
- Azim Ahmedov transferi haqida fikringiz? U jamoani asosiy figurasi bo‘ladimi?
- Azim Ahmedovning jamoamizga o‘tishi katta foyda bo‘ladi, degan fikrdaman. Azim yaxshi saviyadagi futbolchi va uning etakchilik xususiyati bor. Azim Ahmedov o‘ynashga chanqoq holda keldi. Xudo xohlasa, Azim oxirgi yillardagi eng yaxshi mavsumlaridan birini o‘tkazadi, deb o‘ylayman va unga ishonaman. Azim Ahmedov yaxshi futbolchi va yaxshi inson. Biz Azimning kuchli tomonlaridan maksimal foydalanishga harakat qilamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar