
Legionerimiz gol urgan o‘yinda jamoasi yirik hisobda g‘alaba qozondi
Qozog‘iston Premer-ligasi jamoalari 8-tur uchrashuvlarini o‘tkazmoqda. Dastlabki to‘rtta uchrashuvdan ikkitasida o‘zbekistonlik futbolchilar to‘p tepayotgan jamoalar navbatdagi bahslarini o‘tkazdi.
Igor Sergeevning jamoasi “Tobol” o‘z maydonida “Qayrat”ni qabul qilib, alamli mag‘lubiyatga uchradi. Raqib futbolchilari so‘nggi daqiqada mezbonlar darvozasini ishg‘ol qilib, 3:2 hisobida g‘alabaga erishdi.
“Tobol” bosh murabbiyi Milich Churchich muhim uchrashuvda tajribali hujumchimiz Igor Sergeev xizmatidan foydalanmadi. Qizig‘i shundaki, o‘tgan turda Igor Sergeev zaxiradan maydonga tushib, “Aktobe” darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qilgan va jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan edi.
30 yoshli hujumchimiz joriy mavsumda etti marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini to‘rt bora ishg‘ol qilgan va jamoasining eng yaxshi hujumchisi hisoblanadi. Biroq, “Tobol” murabbiylar shtabi barcha o‘yinlarda asosiy forvard sifatida Kot-d’Ivuardan olib kelingan Serj Debleni boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirmoqda. Afrikalik hujumchi ko‘proq imkoniyat berilayotganiga qaramay, hozircha uchta to‘p kiritgan xolos.
Ikki legionerimiz – Shahboz Umarov va Bobur Abduxoliqov o‘ynayotgan “Ordabasi” jamoasi bu gal muxlislarini yirik hisobdagi g‘alaba bilan xushnud qildi.
Chimkent jamoasini boshqarayotgan belaruslik bosh murabbiy Aleksandr Sednev Qozog‘iston Premer-ligasiga Belarus oliy ligasidan olib kelingan har ikki o‘zbekistonlik futbolchiga katta ishonch bildirmoqda.
Bobur va Shahboz Qizilo‘rdaning “Qaysar” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan bahsni boshlang‘ich tarkibda boshladi.
Katta ustunlikka ega bo‘lgan mezbonlar raqib darvozasini javobsiz to‘rt marotaba ishg‘ol qildi. “Ordabasi”ning ikkinchi goliga Bobur Abduxoliqov mualliflik qildi. Darvozabon bilan birga bir vaziyatni to‘pni uning oyoqlari o‘rtasidan o‘tkazib, darvoza to‘riga joylagan legionerimiz amalda o‘yin taqdirini hal qilib qo‘ydi. Qolgan daqiqalarda chimkentliklar mehmonlarni yana ikki bor xafa qildi – 4:0.
Navbatdagi uch balldan keyin umumiy to‘plagan ochkolarini 17 taga etkazib olgan “Ordabasi” musobaqa jadvalida uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Bobur Abduxoliqov Qozog‘iston chempionatidagi gollari sonini to‘rttaga etkazib oldi va to‘purarlar poygasiga qo‘shildi. O‘tgan yili Belarus chempionatining eng zo‘r to‘purari, eng yaxshi va eng foydali o‘yinchisi bo‘lgan Abduxoliqov Qozog‘istonda ham gol urish qobiliyatini namoyish qilayotgani quvonarli.
25 yoshli hujumchimiz joriy mavsumda “Kaspiy”, “Jetisu”, “Tobol” va “Qaysar” darvozasilarini ishg‘ol qildi. Hamyurtimiz gol urgan barcha o‘yinlarda “Ordabasi” g‘alabani nishonlagan.
Bu jamoadagi ikkinchi vakilimiz Shahboz Umarov ham sakkizta uchrashuvdan ikkitasida – “Shaxtyor” va “Jetisu” jamoalari posbonlarini ojiz qoldirib, o‘z hisobiga bir juft gol yozdirib qo‘ygan.
Fikrlar