
Kompani: "Ikkinchi bo‘limda juda yaxshi o‘ynadik"
"Bavariya" Bundesliganing 4-turida safarda "Xoffenxaym"ni 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Vensan Kompani g‘alaba haqida fikr bildirdi.
"Bu tajriba va mahorat tufayli amalga oshdi. Birinchi bo‘limda ular bizdan yaxshiroq o‘ynadi, deb "Xoffenxaym" murabbiyi Kristian Iltserga aytdim. Lekin ikkinchi bo‘limda jamoamiz reaktsiya ko‘rsatdi va juda yaxshi o‘ynadi. G‘alabadan juda mamnunman", – dedi Kompani.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qiyin kechgan birinchi bo‘lim unga ajablanarli bo‘lmagan:
"Hafta o‘rtalarida "Chelsi"ga qarshi og‘ir bahs o‘tkazdik. Shundan keyin bu erga, og‘ir maydonga kelish oson emas edi. Men o‘yindan oldin ham aytgandim – "Xoffenxaym" bu mavsumda, hatto mavsumoldi bahslarda ham, "Ayntraxt"ga qarshi bellashuvdan tashqari, hamma o‘yinda g‘alaba qozongan. Qiyin paytlarda xotirjamlikni saqlay oldik va ikkinchi bo‘limda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatdik", - deya qo‘shimcha qildi belgiyalik mutaxassis.
Fikrlar