
Irismetov: Odil Ostondan kuchliroq!
O‘z vaqtida Moskvaning “Spartak” jamoasida to‘p surgan Ja’far Irismetov Oston O‘runovning bu jamoaga o‘tishiga izoh berdi va vaziyatdan foydalanib, rossiyalik mutaxassislar o‘zbek futbolidagi yana qaysi o‘yinchilarga e’tibor qaratishi lozimligini ham ma’lum qildi.
- Oston O‘runovga “Spartak”da o‘zini ko‘rsatish qiyin bo‘ladi, unga ko‘proq TsSKA uslubi mos kelardi. Shunga qaramay, hozir “spartakcha futbol”, degan tushuncha yo‘q bo‘lib kelgan. Hamma narsa o‘yinchining o‘z qo‘lida va murabbiyning futbolchidan nima xohlashiva kutishiga bog‘liq.
O‘runov – maydon markazini ushlab turadigan baquvvat o‘yinchi. U hali yosh va tarbiyalab to‘g‘ri yo‘naltirilsa, yana o‘sadi va “Spartak”da munosib to‘p sura oladi, - dedi Ja’far Irismetov.
“Paxtakor”da sport direktor lavozimida faoliyat yuritayotgan Ja’far Irismetov jamoasida Oston O‘runovdan kuchli futbolchilar o‘ynayotgani, o‘z o‘rnida ularda Rossiyada to‘p surish istagi borligiga ham urg‘u berdi.
- O‘zbekiston chempionatining eng iste’dodli tayanch yarim himoyachilardan biri bu Odil Hamrobekovdir va u haqiqatan Oston O‘runovdan ancha kuchli. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. “Paxtakor”da katta salohiyatga ega yosh futbolchilar ko‘p va ular o‘z faoliyatini Rossiyada davom ettirishni istaydi. Hozir ayrim takliflarni ko‘rib chiqyapmiz. Ilgari o‘zbek futbolchilar Janubiy Koreyaga ketishga intilardi.
Ko‘pchilik yozayotganidek, O‘runov ko‘p gol uradigan futbolchi emas. Bu vaziyatda ko‘p narsa bosh murabbiyga va u futbolchini qaysi taktik sxema asosida maydonga tushirishiga bog‘liq bo‘ladi, - deydi sobiq hujumchi.
Ta’kidlash lozimki, Oston O‘runov ham asli “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Lekin poytaxt jamoasida unga imkoniyat berilmagan. Yosh futbolchi katta futbol havosidan “Navbahor” va “Lokomotiv” jamoalarida bahramand bo‘lgan. Milliy chempionatda jami 55 ta o‘yinda o‘zini ko‘rsatgan 19 yoshli yarim himoyachi shu yilning boshida “Ufa”ga o‘tib, ilk bor legioner maqomida to‘p surdi. Endi esa uni yanada katta sinovlar kutib turibdi.
Ja’far Irismetovning o‘zi esa, 2001-2002 yillarda Rossiya chempionatida “Spartak” va “Anji” jamoalari sharafini himoya qilgan. Shuningdek, milliy chempionatimizning eng zo‘r to‘puralaridan bo‘lgan hujumchi legioner maqomida Gretsiya, Belarus, Ukraina, Xitoy va Qozog‘iston jamoalarida o‘ynagan. O‘zbekiston, Rossiya va Qozog‘iston chempioni bo‘lgan.
Irismetov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 36 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 15 ta gol urgan.
Fikrlar