
Hech kimga yoqmagan o‘yin
Bugun Superligada burilish yasashi taxmin qilingan bahs zerikarli shaxmat partiyasiga aylanib ketdi. Jamoalar yana 2-3 marta shunaqa pragmatik futbol namoyish etsa, futbolimizdagi eng jangovor klassikolardan biri ishqibozlar uchun o‘z qadrini yo‘qotishi aniq. Menimcha, ikki jamoa ham bugun maydonda muammolarga o‘ralashib qolganini yashira olmadi.
“Nasaf” bugun “Paxtakor”ga qarshi o‘yinda ancha qiynaldi. Ayniqsa, maydon markazi va hujum chizig‘I o‘rtasidagi bo‘shliq yaqqol ko‘zga tashlandi. Transfer oynasi chog‘ida legionerlar aynan shu fazani kuchaytirish maqsadida xarid qilingan edi. Bugun “Nasaf” tarkibida hujum chizig‘idagi nomlar o‘zgargani bilan, muammo o‘sha-o‘sha ekanligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Vaziyatlar yaratish borasida yangilar qanchalar urinmasin, “Paxtakor”ning tartibli mudofaa chizig‘i uchun deyarli qiyinchilik tug‘dirgani yo‘q. “Ajdarlar” ishqibozlari ko‘p narsa kutayotgan Chavez ham Superligadagi performanslarini keyingi turlarga qoldirishiga qaror qildi chog‘i, deyarli o‘yinga qo‘shilib keta olmadi. Jaba esa, biroz ko‘zga tashlandi, ammo chempionlik sari etaklashi kerak bo‘lgan yigitlar uchun bu kam. “Nasaf” bugun birorta kombinatsiyani to‘liq amalga oshira olgani yo‘q. Avvalgi temp va va tezlik yo‘qolgan.
“Sherlar” da esa, bugun “Cheran sindiromi”ning eng yorqin ko‘rinishi namoyon bo‘ldi. “Paxtakor” uyushtirayotgan hujumlarning aksariyati zarbaga qadar etib borgani yo‘q. Bu, jamoada Dragan Cheranning o‘rni keragidan ortib ketganini anglatadi. “Paxtakor” bugun juda ko‘p aspektlarda “Nasaf”dan yaxshiroq ko‘rindi, ammo golni “yasaydigan” “katta” futbolchilarni tarkibda yo‘q ekanligi pand berdi. Yarim himoya, markaziy himoya va xatto markaziy hujumchi ham 90 daqiqa davomida barchasini to‘g‘ri ijro etdi, ammo “sherlar”ning 14 hududagi asosiy qurolisiz katta mehnat kutilganidek samara bergani yo‘q.
Qisqasi, ikki klub ham bugun tomoshabinlarga manzur kelmaydigan o‘yin namoyish etdi. Hech narsani belgilab bermagan, zerikarli 100 daqiqa. “Nasaf” chempionlik poygasiga ruhan qo‘shilishni uddalay olmagan bo‘lsa, “Paxtakor” undagi imkoniyatlarini yaxshilay oladi. Vodiy tomonlarda esa, bugun havo juda yaxshi deb eshittik.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar