
Hech kim tanimaydigan futbolchi Mbappening rekordini urdi
Evropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichining birinchi turida Frantsiyaning “Monako” jamoasi o‘z maydonida “Barselona”ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Mezbonlarning g‘alabasini ta’minlagan ikkinchi golga hali tanilmagan yosh hujumchi Jorj Ilenikena mualliflik qildi.
Taqdirni hazilini qarangki, bu o‘yinchi zamonaviy futbolning eng yorqin yulduzlaridan biriga aylangan Kilian Mbappening rekordini yo‘qqa chiqardi.
Ilenikena “Monako”ning Chempionlar ligasida gol urgan eng yosh o‘yinchisi sifatida tarixga kirdi. To‘p kiritgan kuni Jorj 18 yoshu 34 kunlik edi.
Kilian Mbappe esa, “Monako” tarkibida Chempionlar ligasida raqib darvozasini birinchi bor ishg‘ol qilganida Ilenikenadan 29 kunlik katta bo‘lgan.
Ilenikena “Amen” jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2023 yilning yozida 6 million evro evaziga “Antverpen”ga ko‘chib o‘tgandi. Belgiyaliklar iqtidorli hujumchini bir yil o‘ynatib, bu yoz “Monako”ga 18,75 million evroga transfer qildi.
Fikrlar