
Elshod Rasulov 35 yoshni qarshi oldi yoxud uning faoliyatiga nazar...
O‘zbek boksi haqida gap ketganda, Elshod Rasulovning ham o‘rni borligini ta’kidlab o‘tish zarur. Bugun 35 yoshini nishonlayotgan Rasulov 1986 yilda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida dunyoga keldi. Bolalikdan sportga qiziqishi yuqori bo‘lgan Elshod dastavval, qilichbozlik sport turi bilan professional tarzda shug‘ullangan. Keyinchalik esa, o‘z faoliyatini boksda davom ettiradi.
“Qilichbozlik bilan ikki yil shug‘ullanganman. Bu sport turidagi ishtirokim keyinchalik boksda ham juda katta yordam berdi. Chunki, qilichbozlikda oyoq harakatlariga e’tibor berilishi, boksda raqibni his qilish va ko‘p muvaffaqiyatga erishishimga sabab bo‘ldi”, - deya esladi Rasulov.
Sport kollejida tahsil olish jarayonida u o‘smirlar, keyinchalik yoshlar terma jamoasiga jalb qilindi.
Elshod Rasulov 2004 yilda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 69 kg vazn toifasidagi final jangida Emilio Korreani nokautga uchratib, shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy oldi. Bu Elshodning faoliyatidagi ilk katta g‘alabasi edi. O‘sha yilning o‘zida xarbiylar o‘tasida o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medalga ega chiqqan.
Har bir bokschining yoqtirgan kumiri bo‘lgani kabi uning ham o‘zi havas qiladigan bokschisi bor edi.
“Har kimning o‘zi yoqtirgan bokschisi bo‘ladi. Kimgadir Muhammad Ali yoki Mayk Tayson yoqadi. Mening kumirim esa, o‘zimizning professional bokschimiz Artur Grigoryan bo‘lgan. Shu bokschiga havas qilganman. Oyoq va qo‘l harakatlarini ko‘rib, unga o‘xshashga harakat qilardim”, - dedi u.
2006 yili Dohada 75 kg vaznda Osiyo o‘yinlari chempionligini qo‘lga kiritgach, 2007 yili Ulan-Batordagi Osiyo chempionatida ham barcha raqiblarini mag‘lub etgan holda, shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Uning 75 kgda ishtirok etgan so‘nggi musobaqasi 2008 yilgi Pekin Olimpiadasi edi. O‘shanda chorak final bosqichida o‘zining eski raqibi Emilio Korreaga 7-9 hisobida mag‘lub bo‘ladi.
2009 yilda 81 kg vaznga o‘tgan Rasulov 2-marta Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. O‘sha vaqtda 81 kgda Abbos Atoev ham 1-raqamli sportchi edi. Elshod Rasulov vazn ko‘targach, Atoev jahon chempionatida 75 kg vaznda ishtirok etdi.
“Bizning vazn almashishimizga sabab, Abbosning asl vazni me’yordan kamligi meniki esa ko‘pligi bo‘lgan. Shuning uchun ba’zida 81 va 75 kgda vazn o‘zgartirib, jang qilganmiz”, - deya izohladi Rasulov.
Chempionatning finaliga qadar etib borgan Elshodga rossiyalik Artur Beterbievga qarshi jangda omad kulib boqmadi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.
2010 yilgi Osiyo o‘yinlarida Rasulov ikkinchi bora oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2011 yilgi jahon chempionatida bronza medal bilan kifoyalandi.
Keyinchalik, u 2012 yilgi London va 2016 yildagi Rio Olimpiadasida ham ishtirok etdi.
Erishgan yutuqlari, sport rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun Elshod Rasulovga “Mehnat shuhrati” ordeni va “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi” unvoni berildi. Qahramonimiz hozirda O‘zbekiston qizlar terma jamoasi murabbiyi hisoblanadi. O‘ylaymizki, u murabbiylik sohasida ham ulkan natijalarga erishadi. Bu borada unga omad yor bo‘lishiga tilakdoshmiz!
Tavallud ayyomi muborak, Elshod Yunusovich!
Jalol Ahmedov tayyorladi
Fikrlar