"Bu yil "Navbahor" chempion bo‘lishga munosib, mening yordamim ko‘proq "Buxoro"ga zarur" - Norxonov bilan suhbat

  • 15 iyul, 2023, 17:53
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Tajribali hujumchi Shoxruz Norxonov “Navbahor”ni tark etib, “Buxoro” klubiga ko‘chib o‘tdi va bu borada rasmiy xabar ham chiqdi.

Tecno

Hujumchi buxoroliklar bilan shartnoma imzoladi. Futbolchi “Buxoro” bilan Tojikiston yig‘inida qatnashyapti.

Sports.uz jurnalisti Tojikistonda Norxonov bilan suhbatlashdi.

- Bungacha ko‘pchilik sizni “Buxoro”ga o‘tishingiz haqida gapirayotgandi va bu tasdig‘ini topdi. Ushbu jamoaga ko‘chib o‘tishingiz oldindan rejalashtirilganmidi yoki...

- “Buxoro”ga o‘tishimga bosh murabbiy sabab bo‘ldi. Ulug‘bek Baqoev bilan bir necha yil birga ishlaganman. Birinchi davra tugayotganida menga aloqaga chiqdi. Ammo “Buxoro”dan tashqari yana 2-3 ta yaxshi variantlar bor edi. Men “Buxoro”ga Superligada o‘z vazifasini bajarishi yo‘lida yordam berish uchun o‘tdim. To‘g‘ri, “Navbahor”da ham yaxshi o‘yinlarni o‘tkazdik. Biroq u erda o‘yin amaliyoti kamroq bo‘lgani uchun o‘zim ketish qarorini qabul qildim.

- “Navbahor”da o‘yin amaliyoti kamroq bo‘lganining asosiy sababi nima bilan bog‘liq edi?

- Bu erda sabab yo‘q. Chunki “Navbahor”da kuchli o‘yinchilar yig‘ilgan. Peshonada, nasib qilmagan ekan. Shuning uchun bizga imkoniyat kamroq berildi. Lekin kam imkoniyat berilsa ham bundan maksimal foydalandim. Xudoga shukr, hozir o‘sha o‘ynagan jamoam - “Navbahor” 1-o‘rinda. Bu jamoaga chempionlikni tilab qolaman.

norxonov1

- Bu yil “Navbahor”ni chempionlikni qo‘lga kiritishida sizda shubha yo‘qmi?

- Uning yonidagi jamoalar ham tarkibini kuchaytiryapti. Menimcha, chempionlik uchun kurash oxirigacha davom etadi va qizg‘in kurash kechadi. Bu yil “Navbahor” chempion bo‘lishga har tomonlama haqli va munosib deb o‘ylayman.

- Bungacha siz chempionlik uchun kurashayotgan jamoa safida edingiz. Endi bo‘lsa Superligada qolish uchun kurashayotgan klub tarkibida harakat qilasiz. Bu sizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

- Yo‘q, bu menga ta’sir qilmaydi. Chunki men futbolchiman. Futbolchi har doim birinchi bo‘lib o‘zini faoliyatini o‘ylashi va jamoasiga yordam berishi kerak. Qaysidir viloyatdagi jamoasiga hissa qo‘shsangiz, u erda sizga yanada ishonishadi va o‘sha viloyat ahlini xursand qilgan bo‘lasiz. Shuning uchun “Buxoro”ga keldim. Birinchi sababi Ulug‘bek Baqoev bo‘lsa, ikkinchisi jamoani bor kuchimiz bilan Superligada saqlab qolmoqchimiz.

Norxonov4

- Sizga “Buxoro”dan tashqari yana boshqa takliflar ham bor edi. Sir bo‘lmasa, qaysi klublar edi?

- Ha, takliflar bor edi. Eski jamoam – “So‘g‘diyona” va “Neftchi” klubidan chaqiruvlar bo‘ldi. To‘g‘ri, sobiq klubim, o‘zim o‘rgangan “So‘g‘diyona”ga qaytgim keldi. U erda ham hozir yaxshi sharoitlar bor. Lekin “Buxoro”ga va Baqoevga yordam bergani keldim. Meni yordamim ko‘proq “Buxoro”ga zarurroq. Eski o‘yinimni topib olishim uchun ham menga “Buxoro” yaxshi variant. Murabbiy meni yaxshi biladi. Men bungacha Ulug‘bek Baqoev bilan ajoyib yutuqlarga erishganman.

- Hozir to‘purarlar ro‘yxatini faqat legionerlar boshqarishyapti. Oxirgi 4 yildan beri Dragan Cheran eng yaxshi to‘purar bo‘lib kelyapti. Mahalliy hujumchilarni to‘purarlar ro‘yxatida anchadan beri ko‘rmayapmiz. Hujumchi sifatida bu masalaga nima deysiz?

- O‘ylashimcha, Superligamizda mahalliy hujumchilar kamayib ketdi. “So‘g‘diyona”da 3-4 yil o‘ynagan bo‘lsam, chempionatda raqobat qilgan hujumchilarim Temurxo‘ja Abduholiqov, Xusayn Norchaev va Igor Sergeev edi. Hozir Norchaev ham yo‘q, Sergeev ham. Faqat Temurxo‘ja bor. Superligadagi to‘purarlarni ko‘ryapman, legionerlar tashkil qilyapti. Bu bizga ham noqulay ta’sir qiladi. O‘zimizdan ham iqtidorli yosh hujumchilar chiqadi, “Olimpik” yoki boshqa klublardan. O‘zim ham har yili to‘purarlik uchun kurashganman. Xudo xohlasa, ikkinchi davrada shunga harakat qilib ko‘raman. Shu bois menga 90 daqiqalik o‘yin amaliyoti kerak.

norxonov3

- Nima deb o‘ylaysiz, bizda nega to‘purar hujumchilar kamayib ketdi? Murabbiylar etarlicha e’tibor qaratishmay qo‘ydimi yoki hammasi futbolchilarning o‘zidami?

- Menimcha, bizda hujumchilarni kamayib ketayotgani balki futbolimizda hujumchilarga tayanmasdan o‘ynalayotgani uchun bo‘lsa kerak. Agar ko‘p klublar 4-4-2 sxemasida o‘ynaganida hujumchilar ko‘proq chiqardi va oldingi chiziqqa e’tibor yanada kuchliroq bo‘lardi. Ammo bizda ko‘p jamoalar himoyaviy o‘yin ko‘rsatishadi. 4-5-1 taktikasidan foydalanishadi. Shu sababli Superliga jamoalarining aksariyatida bitta zo‘r hujumchisi bo‘ladi va yana bitta o‘rtacharoq saviyadagi o‘yinchisiga ega hisoblanadi. Agar futbolimiz hujumkor o‘yinga moslashsa, hujumchilarga talab kuchayadi va oldingi chiziq vakillari ko‘payib boradi. Baribir chempionatimizda birinchi o‘rinda himoya o‘ylanadi. Shu bois hujumchilarimiz ham kerak bo‘lsa qanotlarda, yarim himoya chiziqlarida o‘ynaydigan bo‘lishyapti va bu orqali pozitsiyalari o‘zgarib ketyapti. Lekin haqiqatan o‘zbek hujumchilarimiz kam. Bir-ikkita nom bor. Ammo ularning orqasidan chiqadigani kam. Yoshlardan ajoyib hujumchilar chiqadi, degan umiddaman. Chempionatimizda mahalliy hujumchilarni ko‘paytirish kerak. Qaysi jamoaga qarasangiz hujumchilari legionerlar hisoblanadi. Menimcha, kattalardan faqat Temurxo‘ja Abduholiqov qoldi.

- Siz uchun ayni paytda chempionatimizdagi eng kuchli hujumchi kim?

- Superligada “Andijon”ning hujumchisi va Cheran. Hozir ikkalasi to‘purar. Ular to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatishyapti. Bu borada kurash oxirigacha boradi. Lekin ularning o‘rnida o‘zbek hujumchilari bo‘lishini xohlardim. Bu istagimiz ham albatta amalga oshadi. Lekin hozirgi kunda Cheran bilan Xebay top-hujumchilar.

norxonov2

- Norxonov ham legionerga aylanadimi, degan savol muxlislarni qiziqtiradi. Bunday istagingiz bormi yoki chempionatimizdan ketish niyatingiz yo‘qmi?

- Nasib qilsa legioner bo‘lamiz. Biroq hali nasib qilmagan ekan, shu erdamiz. Demak, O‘zbekistonda qiladigan ishlarimiz bor. Lekin men O‘zbekistondan kuchsiz chempionatlarga borishni xohlamayman. Bizning chempionatdan kuchliroq birinchiliklar bo‘lsa borib o‘ynashni istayman. Agar hamma qatori menga chetdan variantlar chiqsa, ulardan ko‘ra O‘zbekiston chempionati kuchli.

Shuhratbek Jo‘raev.     

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Шухрат Хусаинов
16/07/2023 16:58
Наманганни запасной уйинчиси кетарканда