
Andijon viloyati hokimi "Olimpik"ga qarshi o‘yindan oldin “Andijon-SGS” a’zolari bilan uchrashdi
Xabaringiz bor, bundan avval Andijonda yana bir xususiy professional futbol klubi - “Andijon-SGS” faoliyat boshlagani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston kubogi saralashida muvaffaqiyatli ishtirok etgan ushbu jamoa 9 aprel kuni o‘z maydonidagi ilk rasmiy uchrashuvini o‘tkazadi. Shu kuni “Andijon-SGS” O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi doirasida “Olimpik”ni qabul qiladi.
Klub matbuot xizmatining xabar berishicha, jamoa a’zolari bo‘lajak uchrashuvga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Futbolchilardagi ishtiyoqni oshirish, ulardagi ruhiyatni yanada ko‘tarish maqsadida kuni-kecha Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov “Andijon-SGS” klubi bosh homiysi hisoblangan “Shirin Gaz Servis” korxona raisi Muqaddas Rahimova boshchiligidagi jamoa a’zolari bilan yaqindan suhbatlashdi va kubok saralashida uchta bahsda uchta g‘alaba qilinganidan xursand bo‘lganini ta’kidladi.
Viloyat hokimi futbolchilar bilan suhbatlashish chog‘ida jamoadan umidi katta ekani, sharoitlar borasida esa hech qanday muammo bo‘lmasligini aytib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, “Andijon-SGS” – “Olimpik” uchrashuvi 9 aprel soat 15:45 da boshlanadi.
Fikrlar