
"Zo‘r o‘yinlarimni ko‘rsatishga so‘z beraman" - "Andijon"dagi Arveladzening Shota Arveladzega qanday aloqasi bor?
Bu yil “Andijon” klubiga bir qator yangi legionerlar taklif qilindi. Ularning orasida yarim himoyachi Levan Arveladze ham bor. Bu nom eshitilishi bilanoq tabiiyki, o‘z-o‘zidan Shota Arveladze yodimizga tushishi bor gap.
Levan ham nomiga yarasha o‘zidan iliq taassurot qoldirish harakatida mehnat qilyapti. Futbolchi bilan suhbatni esa uning familiyasidan boshladik.
- Levan, familiyangiz mashhur. Ayting-chi, o‘sha hamma bilgan Shota Arveladze bilan biror-bir qarindoshchilik joyingiz bormi?
- Ha, mening familiyam jarangdor yangraydi, bu rost. Ehtimol, qarindoshlik aloqamiz ba’zida chalkash xulosani chiqarishi mumkindir. Balki qarindoshligimiz bor gapdir, biroq to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas. Xullas, men o‘z familiyamni o‘zim namoyish etib kelyapman.
- Ushbu taniqli familiyadan zarurat tug‘ilganida biror ishni bitirish uchun foydalangan paytlaringiz ham bo‘lganmi?
- Yo‘q, men futboldagi o‘z ko‘nikmalarimdan va nomimdan foydalanishni afzal ko‘raman. Ammo, aytgancha, Gruziyada Arveladze familiyasi eshitilishi bilanoq bu familiya o‘z-o‘zidan ishlashga tushib ketishi bor gap!
- Levan Arveladze – bu gruzincha nom. Lekin siz Ukraina fuqaroligiga egasiz. Nima uchun?
- Ha, men Gruziyada - Tbilisida tug‘ilganman. 13 yoshimda meni Ukrainaga taklif qilishgan va futbolni aynan o‘sha erda o‘ynashni boshlab yuborganman. O‘shandan beri faoliyatimnig aksar qismi Ukraina chempionati bilan chambarchas bog‘lanib ketgan, desam mubolag‘a bo‘lmasa kerak.
- O‘zbekiston chempionatidan olgan dastlabki xulosalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz!
- Yaxshi taassurot, yaxshi stadionlar va ayniqsa, muxlislarga gap yo‘q. Ular stadionlarda ajoyib muhitni yuzaga keltiradilar. Hammasi qiziqarli, biroq ustida ishlash kerak bo‘lgan jihatlar ham yo‘q emas.
- “Andijon” taklifini qabul qilishingizda birinchi navbatda nima asosiy turtki bo‘ldi?
- To‘g‘ri, gohida hayotimga qandaydir yangi o‘zgarishlar kiritish haqida o‘ylab qolardim. “Andijon” vakillari menga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqdilar. Bunday narsalar esa meni befarq qoldirmaydi.
- Tabiiyki, muxlislarning sizdan umidi katta. Shunday ekan, ishqibozlarga qanday gapingiz bor?
- Mahalliy ishqibozlarning mehrini qozonish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman va o‘zimning eng zo‘r o‘yinlarimni ko‘rsatishga so‘z beraman.
- “Andijon” klubi hozircha 6 ta uchrashuvning 2 tasida yutdi va 4 tasida yutqazdi. Bunga qanday munosabat bildira olasiz?
- 4 ta o‘yinda shunchaki yutqazdik, deya olmayman. Aksincha, biz oyoqlarimizda mustahkam turdik va o‘yinlarni yutish uchun oxirigacha kurashdik. Albatta, xatolar ustida ishlaymiz va o‘yinimizni yanada o‘stirishga harakat qilamiz. Bo‘lajak o‘yinlarda muxlislarimiz ko‘z o‘ngida buni isbotlash uchun astoydil harakat qilamiz.
- O‘zbekistonda hammadan ko‘ra sizga ko‘proq nima yoqyapti?
- Tabiiyki, birinchi navbatda palovni tanlayman! Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, bu erning odamlari o‘ta samimiy va mehmondo‘st.
- Sizga oldin ham yurtimizdan takliflar bo‘lganmi?
- Ha, muzokaralar olib borilgan, lekin oxir-oqibat takliflar menda alohida qiziqishni uyg‘otmagan.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar