
Autsayderlarga yana qiyin yoxud Superligada siz kutayotgan o‘yinlar
Bugun Superligada 17-tur boshlanadi. Toshkent derbisidagi “Paxtakor” – OKMK bellashuvi orqali tur bahslariga start beriladi. Bu gal ham murosasiz uchrashuvlar muxlislarni kutmoqda.
5 avgust
20:00. “Paxtakor” – OKMK
Mazkur klublarni bir ochko ajratib turibdi. “Paxtakor” va OKMK ishtirokidagi o‘yin doim keskin ruhda o‘tib kelgan. “Paxtakor” yutadigan bo‘lsa, raqibidan o‘tib ketadi. Ikkala jamoa ikkinchi davrani g‘alaba bilan boshladi. Klublarni bu galgi to‘qnashuvi ham yana ishqibozlarning diqqat-markazida. “Paxtakor” ham, OKMK ham bunday printsipial bahsda mag‘lub bo‘lgisi kelmaydi. Bu o‘yinda hamma narsa bo‘lishi mumkin.
6 avgust
19:00. “Navbahor” – “So‘g‘diyona”
Ivan Boshkovich jamoasi yozgi selektsiyada o‘ziga kerakli o‘yinchilarni taklif qildi va tarkibini kuchaytirdi. Ularning orasida “Navbahor”ning sobiq legioneri Filip Ivanovich ham bor. Lekin jizzaxliklar o‘tgan turda uyida “Nasaf”ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. “Navbahor” Samarqandda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Namanganda jiddiy to‘qnashuv guvohiga aylanamiz. G‘alaba ikkala jamoaga ham zarur. “So‘g‘diyona”ni ikkinchi davrada o‘z maqsadi bor. Bu yo‘lda ochkolar ularga juda zarur. “Navbahor”da ham shunaqa vaziyat. Tomoshabop o‘yin ko‘rishimiz shubhasiz. Muxlislar effekti mezbonlarga yordam berishi kutilmoqda. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
20:00. “Mash’al” – “Dinamo”
Bu o‘yinda favorit “Dinamo”. Solishtirish uchun “Mash’al”da 15, “Dinamo”da 30 ochko mavjud. O‘yin sifati bo‘yicha ham Vadim Abramov jamoasi ustun. Agar samarqandliklar raqibni kuchiga etarli baho bermasa o‘zlariga qo‘shimcha muammolar tug‘diradi.
7 avgust
19:00. “Qo‘qon-1912” – “Neftchi”
Qo‘qonliklar yana bir vodiy derbisida o‘ynaydi. O‘tgan turda safarda “Andijon”ga 3:0 hisobida engilgan “Qo‘qon-1912” o‘z uyida “Bunyodkor”ga yutqazib qo‘ygan “Neftchi”ga qarshi maydonga tushadi. Ikkita mag‘lub jamoalar o‘rtasidagi uchrashuvni kuzatish yanada qiziq. Bu nafaqat vodiy derbisi, balki Farg‘ona derbisi ham sanaladi. Ikkala klubda ham vaziyat qoniqarli emas. Chempionlik yo‘lidagi “Neftchi” va uning ustozi tanqidlarga qolib ketdi. Qo‘qonliklar anchadan beri g‘alaba qozona olmay kelyapti. Birinchi davrada Farg‘onada ushbu jamoalar 0:0 o‘ynashgandi. Albatta, “Neftchi” tarkib va o‘yin jihatidan raqibidan kuchli. Buni amalda ham ko‘rsata olarmikin?
20:00. “Nasaf” – “Andijon”
Ikkala klub ikkinchi davrani g‘alaba bilan boshladi. “Nasaf” amaldagi chempion sifatida uning kamarini himoya qilmoqda. May oyida ushbu jamoalar O‘zbekiston Superkubogida to‘qnash kelishgan va unda qarshiliklar yagona gol evaziga g‘olib chiqishgan. Maksim Shatskix “Nasaf”ga qarshi aniq reja tayyorlashi taxmin qilinmoqda. U ham raqibning kuchini yaxshi biladi. O‘z o‘rnida “Andijon” ham ikkinchi davrada ancha kuchaygani ko‘rinmoqda. Bu o‘yin muxlislarni aslo zeriktirib qo‘ymaydi.
8 avgust
19:00. “Xorazm” – “Surxon”
Bu ham yaxshi o‘yin bo‘ladi. Hakim Fuzaylov jamoasi ikkinchi davrani G‘uzorda “Sho‘rtan”ga qarshi boshladi va irodali g‘alabaga erishdi. “Surxon” esa o‘z uyida “Qizilqum” bilan durang o‘ynadi. Birinchi davrada “Xorazm” “Surxon” maydonida g‘alaba qozongani yodimizda. Bu safargi bellashuv ham qiziqarli o‘tsa kerak. Imkoniyatlar tengdek ko‘rinmoqda, ammo yagona gol o‘yin taqdirini hal qilishi ham mumkin.
20:00. “Qizilqum” – “Buxoro”
Yozgi transfer paytida Shoxruz Norxonov “Buxoro”dan “Qizilqum”ga ko‘chib o‘tdi va u endi sobiq klubiga qarshi o‘ynaydi. “Qizilqum” ham, “Buxoro” ham bir-biriga munosib raqiblar. Avvalo himoyada extiyotkorlikka e’tibor beradilar. Ko‘p gol ko‘rmasak kerak.
21:15. “Bunyodkor” – “Sho‘rtan”
“Bunyodkor” Ilyos Zeytullaev boshchiligida ikkinchi davrani juda muhim g‘alaba bilan boshlaganini bilasiz. Farg‘onada “Neftchi” taslim qilindi. Oxirgi o‘rindagi “Sho‘rtan” esa yutqazdi. Endi Toshkentda “Bunyodkor”ga qarshi maydonga tushishadi. Ko‘rinib turibdiki, g‘uzorliklarda kayfiyat yaxshi emas. Oxirgi o‘rinda va ustiga-ustak “Bunyodkor”ni yutishi kerak. Ammo bunga jamoani kuchi etarmikin? “Bunyodkor” o‘z o‘yinini ko‘rsatsa shubhasiz uch ochkoni qo‘lga kiritadi.
Fikrlar