
"Yaxshi jamoani shakllantirish uchun murabbiyga 3 yil vaqt kerak, degan fikrga qo‘shilaman" yoxud "Turon" darvozaboni klubini o‘zgartiradimi?
2021 yili Superligada debyutini o‘tkazgan Yaypanning “Turon” jamoasi bir yilning o‘zidayoq yana pro ligaga qaytganini yaxshi bilasiz. Klub har qancha urinmasin baribir o‘ylaganlari o‘xshamay qoldi. Tarkibida esa yaxshi ijrochilar borligini aytmasak ham o‘zingiz yaxshi xabardorsiz.
Pro ligada ham “Turon” bilan birga bo‘lib, Superligaga chiqishida katta hissa qo‘shgan 35 yoshli darvozabon Akmal Ortiqov elitada ham yaypanliklar bilan birga bo‘ldi. Albatta, “Turon”ning muvaffaqiyatsizlikka uchragani Akmalni ham kayfiyatini tushirdi. Darvozabon klubini nima uchun debyut mavsumidayoq muvaffaqiyatsizlikka uchragani to‘g‘risida o‘z fikrini aytdi:
“Turon” jamoasi bilan pro liga g‘olibligini qo‘lga kiritgach, Superligada ham munosib ishtirok etmoqchi edik. Lekin Superligada biz kutganimizdan ham ko‘ra qiyinroq kechdi. Bunday vaziyatda qaysidir xatoni sabab qilib ko‘rsatish qiyin. Bilasizmi, klubda barcha qo‘ldan kelganicha harakat qildi, kurashdi. Albatta, yaxshi o‘ynagan o‘yinlarimiz ham bo‘ldi. Yutishimiz shart bo‘lgan uchrashuvlarda esa alamli mag‘lubiyatlarga uchradik. Nazarimda, jamoaga qandaydir omad etishmagandek bo‘ldi. Yana qaerdadir esa boshqa omillar Superligani tark etishimizga sabab bo‘ldi".
Darvoqe, Akmal Ortiqov “Turon” tarkibida Superligada 15 ta o‘yinda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. Shulardan to‘rttasida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Lekin klubda posbonlar muqim joyini egallashi qiyinroq kechgandek bo‘ldi. Chunki Nizomiddin Ziyovutdinov ikkisi galma-galdan darvozani qo‘riqladilar. Yoki ularga murabbiylarning ishonchini qozonish qiyin kechdimi? Bu masalaga Akmal munosabat bildirdi.
"Igor Shkvirin bilan Olmaliqda birga ishlaganimizda jamoada besh nafar darvozabon bo‘lardi va barchasiga o‘yin amaliyotini berardi. Shu jumladan, “Turon”da ham Nizom Ziyovutdinov ikkimizga birdek o‘yin amaliyotini berdi, deb o‘ylayman. To‘g‘risi, klubda ishlagan barcha murabbiylar bilan munosabatim yaxshi edi".
Hamma qatori “Turon”da ham yana o‘zgarishlar bo‘ladi, bu aniq. Selektsiyada ishlar olib borilyapti. O‘tgan yilgi tarkibdan ko‘pchiligi ketsa ajablanmaymiz. Qolaversa, futbolchilarning shartnomalari ham tugadi. Bu vaziyatda Ortiqovning qanday yo‘l tutishiga quloq soldik.
"Yangi mavsum borasida hali jamoadagilar bilan gaplashmadik. Shu kunlarda qolish yoki ketish masalasini hal qilib olamiz. Umuman aytganda, keyingi rejalarga kelsak, “Turon” ko‘p yillik loyiha. Yaypanda jamoa uchun hamma sharoitlar yaratilyapti. “Turon” yangi mavsumda Superligaga qaytish uchun kurashadi. Jamoa muxlislari uchun ham Xudo xohlasa, Superligaga qayta oladi".
Yana bir gap: ko‘pchilik tomonidan bu klubda nomi chiqqan tajribali futbolchilar yig‘ilgan bo‘lsa-da, biroq jamoaviy o‘yin bo‘yicha muammolar ko‘zga tashlangani haqidagi gaplarni eshitdik. Jamoa ichida bo‘lgan Ortiqov esa bunga javoban quyidagilarni aytdi:
"Klubdagi nomlarni jamoaviy o‘yinga o‘rgatish uchun murabbiylarga vaqt etishmadi, deb o‘ylayman. Endi bir murabbiyning qarashlariga o‘rgansangiz, o‘rniga boshqasi keldi. Umuman olganda, yaxshi jamoa shakllanishi uchun kamida uch yil kerak, degan fikrga qo‘shilaman. Jahongir Mehmonov, Vladislav Kasminin, Fozil Musaev singari o‘yinchilar etakchilik salohiyatiga ega edilar. Jamoada barchani aybi bor, shu jumladan meni ham. “Turon” uchun 2021 yil tajriba bo‘ldi", - deydi Ortiqov.
Fikrlar