
Bahrom Haydarov: "Muxlislar tribunadan Isaqovni so‘rashdi, lekin..."
O‘zbekiston Kubogi nimchorak finalida “Qo‘qon-1912” jamoasi o‘z uyida “Bunyodkor”ga penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchrab, muobsaqani tark etdi.
Ushbu bahsdan keyin qo‘qonliklar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov taassurotlari haqida gapirdi.
- O‘tgan safargi mag‘lubiyatdan so‘ng rahbariyat va ishqibozlarimiz oldida o‘zimizni oqlashimiz kerak edi. Futbolchilar shunga mos ravishda o‘yin ko‘rsatishdi, deb o‘ylayman. Har bir to‘p hamda maydon qarichi uchun kurashishdi. “Bunyodkor” O‘zbekistondagi kuchli jamoalardan biri. Mahoratli o‘yinchilariga ega. Shunga qaramasdan ularga munosib qarshilik ko‘rsatdik, deb o‘ylayman. Raqibni qarshi hujumlarda ushlashga harakat qildik. Bizda ham g‘alaba qozonishimiz uchun imkoniyatlarimiz bo‘ldi, biroq foydalana olmadik. Birinchi davra tugayotganiga qaramasdan futbolchilarimiz 120 daqiqa davomida yugurishdi. Penaltilar seriyasini mahoratliroq bajarsak bo‘lardi. Hozir bu xususida bir narsa deya olmayman. Hamma yutishni xohlagandi, shunga mos uchrashuv bo‘ldi.
- Qo‘shimcha bo‘limda darvozabon Azizxon Isaqovni maydonga tushirish varianti bormidi?
- 90 daqiqa yaqinlashayotganda ham variantimiz bor edi. Ekstra taymda o‘yinchi almashtirish mumkin emas. Buni muxlislar bilishlari kerak. Chunki tribunadan turib ham ko‘pchilik muxlislar Aziz Isaqovni so‘rashdi. Faqatgina o‘sha bo‘lim orasida o‘yinchi almashtirishimiz mumkin edi. Lekin darvozabonni o‘zgartirsak, bizda biror-bir boshqa futbolchini almashtirishga imkon qolmasdi. Bir o‘yinchimiz charchab qoldi, biroz jarohati bor edi. Majbur bo‘ldik. Holbuki, Isaqovni maydonga tushirish rejamizda turgandi. Ekstra taymning tanaffusida u oxirgi 15 daqiqalik uchun maydonga tushishi kerak edi. Penaltilar seriyasi uchun uni rejalashtirgandik. Lekin vaziyat shunday bo‘ldiki, uni maydonga tushirmaslikka majbur bo‘ldik.
- Giorgadze haqida...
- Andro Giorgadze, Asliddin Toshtemirov va Jasur Yoqubov – uchta markaziy himoyachimiz bor va barchasi jarohatda. Bu “Mash’al” bilan o‘yinda ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Bir dona nominal himoyachimiz bor – Alisher Salimov. To‘g‘ri, bugun Zafar Hakimov ham maydonga tushdi. Malikjonov ham, Qosimov ham o‘rtada o‘zlarini yaxshi his qilishmagandi. Lekin endi biroz moslashishdi, o‘rnini to‘ldirishyapti. Himoyachilarimiz davolanib tezroq safimizga qaytishadi, deb umid qilaman. Shifokorimiz bilan gaplashyapmiz, ular qaysi turdan qo‘shilishlarini aniq ayta olmayman.
- Mashg‘ulotlarda penalti tepish mashqlari bajarilganmidi?
- Ha, har mashg‘ulotda penalti tepishadi. Ruhiy tomondan oson emas. Penaltini zo‘r tepadiganini ham fikri o‘zgarib qolishi mumkin. Futbolchilar keyingi safar yana shunga o‘xshash holat bo‘lsa o‘zlari uchun xulosalar chiqarishadi. Murabbiy sifatida ularni tahlil qilishim mumkin, ammo ayblay olmayman.
Fikrlar