
O‘zbek legioneri – eng zo‘r!
Belarus chempionatining saviyasini uzoq-yaqin xorijdan kelgan legionerlar ko‘tarib turadi. Bundan tashqari, ushbu mamlakat oliy ligasi chet ellik futbolchilar uchun kuchli ligalarga tramplin vazifasini o‘tab beradi.
Belarus futbolida o‘zini ko‘rsata olgan ko‘p o‘yinchilar, asosan, Rossiya va Sharqiy Evropa mamlakatlariga yo‘l oladi.
Joriy mavsumda Belarus oliy ligasida mahalliy va rossiyaliklardan tashqari, 28 ta xorijiy mamlakatdan kelgan o‘yinchilar to‘p tepmoqda. Xususan, Serbiya, Ukraina, Nigeriyadan besh nafardan futbolchi bor. Braziliya, Kot-d'Ivuar va O‘zbekistondan to‘rttadan legioner kelgan. Moldova, Gvineyaning uchtadan, Chernogoriya, Tojikiston, Gruziya, Sloveniyaning ikkitadan vakili shu erda. Yana 15 ta davlatdan bir nafardan charm to‘p ustasi Belarus chempionatidan qo‘nim topgan.
Keyingi yillarda Belarus klublari o‘zbek futbolchilari xizmatiga ehtiyoj sezayotgani o‘zbekistonlik futbol muxlislarining e’tiborini ushbu mamlakat chempionatiga torta boshladi. Ikki yil avval Jasur Yaxshiboev belarusliklarga o‘zbek futboli tarbiyalagan o‘yinchilar salohiyatini namoyish etgandi. O‘tgan yili Shahboz Umarov oliy liganing eng zo‘r futbolchilari qatorida e’tirof etildi.
Bu yil ham yuqori saviyada o‘ynashi kutilgan Shahbozning hozircha ishlari yurishmay turibdi. Yangi bosh murabbiy Aleksandr Mixaylov futbolchimiz u bilan tortishib qolgani uchun uni maydonga yaqinlashtirmasdan jazolamoqda.
Shunga qaramay, boshqa o‘zbekistonlik futbolchi – Bobur Abduxoliqov o‘zini ko‘rsata boshladi. O‘tgan yili yozda “Energetik-BGU” safiga qo‘shilib, yarim mavsumni moslashishga sarflagan hamyurtimiz yangi chempionatni juda yuqori darajada boshladi.
Bobur dastlabki turda “Vitebsk” darvozasini ikki bor ishg‘ol qildi va jamoasiga bitta golli pas uzatdi. Uning sa’y-harakatlari bilan minsklik “talabalar” 3:1 hisobida zafar quchdi. Legionerimiz birinchi tur yakuniga ko‘ra, eng halol o‘yinchini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnomada g‘olib chiqib, “Fair Play” sovrini sohibi bo‘ldi.
Oliy liganing ikkinchi turi ham Qashqadaryo futboli tarbiyalanuvchisi uchun omadli keldi. Abduxoliqov bu gal “Torpedo-BelAZ” jamoasi darvozabonini ikki bor ojiz qoldirdi va yana bitta assist muallifi bo‘ldi. Hisob yana 3:1. Shu tariqa, Bobur Abduxoliqov jamoasining barcha oltita golida ham ishtirok etdi.
Shuningdek, mazkur uchrashuvlarda yana ikki nafar hamyurtimiz – himoyachi Abduqodir Husanov va yarim himoyachi Shohruhbek Abdurahmonov to‘liq harakat qilib, jamoasining g‘alabasiga o‘ziga yarasha hissa qo‘shdi.
Ikkinchi tur yakunlariga ko‘ra, Bobur Abduxoliqov turning eng yaxshi futbolchisi nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
24 yoshli hujumchimiz dastlabki ikki turda ikki marta shaxsiy sovrinlarga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, Bobur to‘rtta gol bilan bu yilgi chempionat to‘purarlari poygasida birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Iste’dodli futbolchimiz “Nasaf” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Bobr 2015-2020 yillar davomida qarshiliklar sharafini munosib himoya qilib, 112 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 45 marotaba ishg‘ol qilgan.
2021 yilning boshida Ukrainaning “Rux” jamoasi bilan shartnoma imzolagan Abduxoliqov Lvov klubi yoshlar jamoasida o‘zini ko‘rsatganiga qaramay, murabbiylar shtabi unga asosiy tarkibda imkoniyat bermadi.
Bobur vaqtini yo‘qotmaslik uchun lvovliklar bilan kelishuvni bekor qilib, keyinchalik Belarusga yo‘l olgandi. Mana endi iste’dodli hujumchimiz salohiyatini ko‘rsatgan holda xorijlik mutaxassislar va muxlislar e’tiborini qozona boshladi.
“Energetik-BGU” navbatdagi tur uchrashuvini 8 aprel kuni “Slutsk” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
O‘zbek futbolchisini Evropada e’tirof etishdi
“Roma”: Bu futbolchi endi o‘ynamaydi! Mourino kim haqida gapirdi?
“Roma” hujumchisi bo‘yicha kutilmagan vaziyat yuzaga keldi!
Fikrlar