
Viktor Kumikov: "Mash’al" bilan "Metallurg"ni yutsak vaziyat o‘zgaradi. Qo‘lni tushirmaymiz"
“Andijon” – “Bunyodkor” (1:4) jamoalari ishtirokidagi o‘yindan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Viktor Kumikov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Oldindan rejalashtirilganidek yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgandik. Nimalarnidir uddalayotgandik. Qarshi hujumlar va stantdartlarda vaziyat yaratishga urinayotgandik. Biroq ikkinchi bo‘limda xatoimiz tufayli o‘tkazib yuborilgan ikkinchi gol o‘yin taqdirini hal qilib qo‘ydi. Shundan keyin yana gollar o‘tkazib yubordik. Doim murabbiyning ko‘rsatmalari va rejasi asosida o‘ynash kerak. Agar maydonda o‘zi bilgancha o‘ynar ekan, u holda natija shunday bo‘laveradi.
- Mag‘lubiyat uchun asosiy aybdor kim?
- Mag‘lubiyat uchun aniq kimnidir aybdor deb ayta olmayman. Yutqazdikmi, bunda barcha aybdor. Kimnidir alohida aytish qiyin.
- O‘z maydonida to‘rtta gol o‘tkazib yuborish alamli...
- Albatta, bunday yirik mag‘lubiyatni o‘zimiz ham kutmagandik. Birinchi bo‘limda har holda o‘yinimiz yomon emasdi. Imkoniyatlarni yaratdik. Ammo foydalana olmadik. Ikkinchi bo‘limda esa xatoimiz tufayli ikkinchi golni o‘tkazib yubordik. Natijada jamoa ruhiy tomondan qiynalib qoldi.
- Superligada qolish imkoniyati qanday?
- Hali yana o‘yinlar bor. Asosiy raqobatchilarimiz – “Mash’al” va “Metallurg” bilan o‘ynaymiz. Agar ushbu uchrashuvlarda muvaffaqiyat qozonsak, vaziyat o‘zgaradi. Qo‘limizni tushirmoqchi emasmiz. Ishlashda davom etamiz
- “Andijon” “Mash’al” mehmoni bo‘ladi. G‘alaba qozona oladimi?
- Men doim g‘alabaga ishonaman. Muhimi, futbolchilarda ham ishonch bo‘lishi kerak. Biz yana mehnat qilamiz. Ammo boya aytganimdek, yigitlarda ruhiy tomondan muammolar bor.
- Yorqin Nazarov nima uchun ketdi?
- Bilmayman. Men qolib ishlashiga qarshi emasdim. Bu savol rahbarlarga tegishli.
Fikrlar