
Viktor Jalilov: "Legionerlar ham, boshqa futbolchilar ham o‘zlarini ko‘rsatishdi"
“Navbahor” jamoasining Namanganda Qirg‘izistonni “Alay” klubiga qarshi o‘tkazgan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvidan keyin mezbonlar ustozi Viktor Jalilov taassurotlarini quyidagicha bildirdi:
- Yaxshi, jangovar bellashuv guvohiga aylandik. “Alay”ning o‘yini ham menga ma’qul bo‘ldi, futbolchilari maydonda munosib to‘p tepishdi. Ularga kelgusi uchrashuvlarda omad yor bo‘lsin.
Jamoamizga kelsak, so‘nggi to‘rt kun ichida katta yuklamalar bergandik, shogirdlarimning harakatlarida kamchiliklar kuzatilgani shu bilan bog‘liqdir, ehtimol. Bularning barini to‘g‘rilasa bo‘ladi, asosiysi, futbolchilarimizning yuklamalardan keyin maydonda qanday o‘yin ko‘rsatishlarini aniqlab oldik.
Umuman olganda esa bugun yigitlar yaxshi o‘ynashdi, o‘z navbatida, bir nechta qulay imkoniyatlardan foydalana bilishmadi. O‘yinchilarning holatini yana bir bor sinovdan o‘tkazdik, legionerlar ham, ayni paytda jamoa ixtiyorida bo‘lib turgan, bizga yaxshi tanish boshqa futbolchilar ham o‘zlarini ko‘rsatishdi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar