
"Turon" Fozil Musaev bilan kelishuvga erishdi
Superliga debyutani – “Turon” selektsiya ishlarida ancha-muncha klublarni ortda qoldiryapti desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bungacha klub Superligada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bir qatar futbolchilar bilan shartnomalar imzolab, tarkibini kuchaytirgandi. Navbatdagisi esa yanada e’tiborli bo‘ldi.
Sports.uz sayti ma’lumotiga ko‘ra, “Turon” klubi tajribali futbolchi Fozil Musaev bilan kelishuvga erishdi. Bilasiz, u bunga qadar bir necha yil davomida Yaponiyada “Jubilo Ivata” klubi sharafini himoya qilib keldi. Yaqinda esa uning o‘zi saytimizga bergan intervyusida tez orada keyingi faoliyatiga oydinlik kiritishini aytgan holda balki O‘zbekiston chempionatida qolishi mumkinligini ham ta’kidlagandi. Ko‘rib turganingizdek, endilikda 32 yoshli futbolchi Superligada faoliyatini davom ettiradi.
Lekin shuni ham tan olish lozimki, ushbu o‘yinchining Superliga debyutanti bilan kelishuvga erishganligini hech kim kutmagandi. Ammo o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yayotgan “Turon” Yaponiyada o‘ynab qaytgan futbolchini ko‘ndira oldi. Jamoa bosh murabbiyi Islom Ismoilov sports.uz saytiga Musaev masalasi bo‘yicha shunday dedi:
- Hammamizga ma’lum, Fozil Musaev ulkan tajribaga va yuqori iqtidorga ega futbolchi hisoblanadi. Mana shunday o‘yinchini jamoamizga taklif qilish oson bo‘lmadi. Fozil Musaev bilan bir hafta davomida muzokaralar olib bordik. Yakunda o‘zi bilan kelishdik va jamoamizga jalb qila oldik. O‘ylaymanki, Musaev “Turon”ga katta yordami tegadigan futbolchi sifatida gavdalanadi. Xorijda to‘plagan tajribasi jamoamiz uchun asqotadi deb umid qilaman. Ushbu o‘yinchi bilan bir yillik kelishuvga erishdik. Xudo xohlasa, ertadan jamoamizda mashg‘ulotlarni boshlaydi. Shu o‘rinda rahbariyatimizga mana shunday yuqori saviyadagi futbolchilarni jamoamizga jalb qilishda yordam ko‘rsatayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman, - dedi Islom Ismoilov.
Fikrlar