
Ta’sirli voqea. Shimoliy sudanlik bolakay jurnalistni yig‘latdi...
Janubiy Sudanda mart oyidan beri suv toshqinlari to‘xtagani yo‘q. Tabiiy ofatdan 620 mingdan ortiq inson zarar ko‘rdi. Achinarlisi shundaki, fuqarolar urushidan bir yil o‘tib, yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan insonlar yanada murakkab vaziyatga tushib qoldi.
Evropaning ko‘plab erkin jurnalistlari singari daniyalik Yan Grarup ham "qora qit’a"ga yo‘l oldi. Maqsadi aholining yashash sharoitini o‘rganish va ularga yordam ko‘rsatish kerakligi borasidagi maqolalari bilan omma e’tiborini xayrli ishga qaratish edi.
Qahramonimiz UNICEF va boshqa xayriya jamg‘armalariga voqea joyidan suratlar yuborish maqsadida fotoapparatni ham o‘zi bilan oldi. Yan Shimoliy Sudanni ko‘zdan kechirar ekan, ahvol qay darajada og‘ir ekanligini chuqur his etdi. Suv yo‘llarni, qishloqlarni va maktablarni to‘liq yuvib ketgan. Aholi noilojlikdan chaylalarda hayot kechirmoqda. Jurnalist turli rakurslarda suratlarni olar ekan, nogoh ko‘zi futbol o‘ynayotgan bolalarga tushdi. Yaxshiroq his etish uchun voqeani Yan Grarupning ko‘zlari bilan "tomosha" qilamiz:
"Yashirib o‘tirmayman, futbolning ashaddiy muxlisiman. Mening deyarli barcha davlatlarda o‘z sevimli klublarim bor. Italiyada bu "Milan". Zlatan Ibrohimovichni ancha yillardan beri o‘yinidan zavqlanaman. Shimoliy Sudandagi sarguzashtlarim chog‘ida juda ko‘p bolalarni uchratdim. Ular ham futbolni sevadi, ammo, to‘p tepish uchun joy yo‘q. Suv toshqinlari sababli deyarli barcha joy botqoqqa aylanib ulgurgan.
Nil daryosi bo‘yidagi "Kanal" qishlog‘idagi bir bolakay e’tiborimni tortdi. U qolganlardan ancha nimjonroq, yalangoyoq to‘p tepar, tez-tez ustidagi libosiga tekkan changni qoqib tashlar edi. Bolalarni yaqinroqdan kuzatish uchun odimladim. Razm solib qarasam, bolakayning ustida deyarli chirib ketgan "Milan" libosi. Jersiy shu qadar eskirib ketgan-ki, hatto bir nechta joyidan tikilganiga qaramay yaroqsiz ahvolda. Bolakay esa, uni avaylab to‘p tepish bilan ovora. To‘g‘risi, ichim g‘alati bo‘lib ketdi. O‘yin tugashini sabrsizlik bilan kutdim. Keyin uning yoniga yaqinlashdim. Ustidagi "rossonerilar" libosini menga bersa, evaziga yangi futbolka sovg‘a qilishimni aytdim. U biroz o‘ylanib turdi va indamadi. So‘zlarimni hazil deb o‘yladi chog‘i, indamay nari ketdi. O‘sha kuniyoq shahar markazidagi do‘kondan "Milan" libosini xarid qilib, "Kanal" qishlog‘iga qaytdim.
Bolakay meni ko‘rib, tashqariga chidi. Taklifim kuchda ekanligini eslatib, "Milan"ning yangi libosini qo‘liga tutqazdim. U yig‘lab yubordi. Uzoq vaqt yangi libosni mahkam bag‘riga bosim turdi va indamay ichkariga kirib ketdi. Ko‘p o‘tmay, eski libosini olib chiqib menga berdi. Juda ham ta’sirlandim. U bilan xayrlashar ekanman. futbolning qay darajada katta qudrat ekanligini yana bir bor chuqur his etdim.
Libosni qo‘lga kiritgach, 3 kundan so‘ng, Daniyaga qaytdim. Keliboq, chirib ketay degan libosning suratini ijtimoiy tarmoqlarga joyladim. Afsuski, hech kim reaktsiya bildirmadi. "Milan" klubi matbuot xizmati, futbolchilariga qadar nomam etib bormadi chog‘i. Bundan xafa bo‘lganim rost. Sababi, "Kanal" qishlog‘idagi bolalar do‘stlarining ustidagi yap-yangi libosiga havas bilan termilayotgani ko‘z oldimdan ketmay qoldi. Ularning ham futbolga bo‘lgan muhabbati hamqishlog‘inikidan kam emasligiga ishonchim komil. Bo‘lib o‘tgan voqeani kechki ovqat paytida oila a’zolarimga aytib berdim. Oraga sukunat cho‘mdi. Shu payt o‘g‘lim Elias indamay xonasiga kirib ketdi. 15 daqiqadan so‘ng, u 5 yildan beri yig‘ib kelayotgan futbolkalar kollektsiyasini katta qopga solib olib chiqdi. Ichida 200dan ortiq grand klublarning jersiylari bor. Ayrimlarini o‘zim olib kelganman. Boshqalarini tug‘ilgan kuni va bayramlarda sovg‘a qilganmiz. Elias yuzda tabassum bilan barcha futbolkalarni menga berdi va "bularni Shimoliy Sudandagi tengdoshlarimga topshiring",- dedi. O‘g‘limni mahkam bag‘rimga bosdim.
Ertasi kuniyoq UNICEF orqali barcha jersiylarni Shimoliy Sudandagi futbolga befarq bo‘lmagan bolalarga jo‘natdim. "Milan"ning eski libosini esa, ramkaga solib auktsionga qo‘yishga qaror qildim. Uning sotuvidan tushgan pullarning barchasiga turli klublar jersiysini sotib olmoqchiman. Sezib turganingizdek, ularning barchasini suv toshqinlari ichida ham futbolga bo‘lgan muhabbatidan voz kechmayotgan, ko‘zlari ma’yus sudanlik bolalarga ulashmoqchiman."
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev tarjimasi
Fikrlar