
SPORTS.uz talqini bo‘yicha "top-5" chempionatlarda hafta ramziy terma jamoasi
Yakuniga etgan hafta “ko‘hna qit’a”da tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu o‘yinlarda o‘z pozitsiyasida eng yaxshi harakat qilgan futbolchilardan iborat ramziy terma jamoani e’tiboringizga havola qilamiz.
Bosh murabbiy: Kristof Pelise (4-5-1)
Biz, odatda, ramziy terma jamoalarimizga murabbiy sifatida hafta davomidagi eng hayratlanarli va katta g‘alabaga erishgan klub bosh murabbiyini qo‘yishga harakat qilamiz. Bu gal ham an’anaga sodiq qolgan holda, yana bir autsayder jamoaning ulkan zafariga e’tibor qaratamiz.
Har tarafi yulduzlarga to‘lib-toshgan PSJni mag‘lub etgan Frantsiya birinchi divizionining eng so‘nggi pog‘onadagi jamoasi “Loryan” Evropa "top-5" chempionatlarida haqiqiy sensatsiya qayd etdi. Frantsiyalik mutaxassis shu paytgacha namoyish etib kelingan o‘yinni chetlab o‘tdi va Parij klubini mardonavor taslim etdi.
Kristof Pelise ushbu bellashuvda 4-5-1 taktik sxemasidan foydalandi. Biz ham ramziy jamoamizni ushbu chizgi asosiga quramiz.
Darvozabon: Petr Gulachi (“RB Leyptsig”)
Vengriyalik posbon ramziy terma jamoalarimizda tez-tez mehmon bo‘lib turadi. Bu gal uni Bundesliga 19-turining markaziy bahsida ko‘rsatgan qahramonliklari uchun e’tirof etishga qaror qildik. “Bayer”ga qarshi bellashuv leyptsigliklar uchun rosmana og‘ir kechdi. “Dorishunoslar” to‘p nazorati va darvoza tomon aniq zarbalar bo‘yicha raqibdan ustunlik qildi. Petr o‘yin mobaynida 4 marotaba darvozasini muqarrar goldan qutqarib qoldi. Bu bilan u nafaqat jamoasini 2-pog‘onada saqlab qoldi, balki Bundesligada tobora so‘nib borayotgan chempionlik umidlarini muhofaza etdi.
Chap qanot yarim himoyachisi: Markos Alonso (“Chelsi”)
Ispaniyalik qanot himoyachisining Lempard davrida zaxiraga mixlab qo‘yilishi ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Ha, Ben Chiluell juda ishonchli va mazmunli futbol ko‘rsatmoqda. Biroq, hozirgi futbolda rotatsiya masalalari ham bor. Yangi murabbiy Tomas Tuxel “Byornli”ga qarshi o‘yinda Markosga imkoniyat berishga qaror qildi. U esa yangi ustozining ishonchini gol bilan oqladi.
Markaziy himoyachi: Jerom Boateng (“Bavariya”)
Myunxen klubi yana bir yirik g‘alabani tantana qildi. Odat tusiga kirib ham qoldi-ku, to‘g‘rimi?! Ammo baribir juda tartibli va ishonchli futbol namoyish etib, g‘alabalarni tantana qilayotgan jamoani e’tirof etmaslik mumkin emas. Bugun gollarni qalashtirib tashlayotgan Levandovski, qanotlarda super-reydlar uyushtirayotgan Gnabri va boshqa hujum vakillarini ramziy jamoamizga kirita olmadik. Ular uchun ham Boatengni oldik. Nega? Chunki, yaqin-yaqingacha ham, Flik jamoasining eng ojiz nuqtasi markaziy himoya ekanligi aytib kelinayotgandi. Ha, bu bor gap. Ammo ularning hujumdagi faolligi bu aybni yuvib ketadi. “Xoffenxaym”ga qarshi “revansh”ni aynan Jeromning goli boshlab berdi. Shu jihatdan, u ramziy terma jamoamizning haqli a’zosi.
Markaziy himoyachi: Lyus Dank (“Brayton”)
Angliya futbolining ashaddiy muxlislariga tanish bo‘lgan Dank ilk marotaba ramziy jamoamizdan o‘rin olmoqda. Bilasizki, Grem Potter shogirdlari mudofaada u qadar muvaffaqiyatli harakat qila olmaydi. “Tottenxem”ga qarshi bellashuvda “chaykalar” ushbu an’anani “buzdi”. Dank boshliq himoya Leandro Trossard tomonidan urilgan golni munosib himoya qila oldi. Belgiyalik futbolchining goli ularga g‘alaba keltirishida himoya chizig‘ining o‘rni beqiyos.
O‘ng qanot himoyachisi: Xorxe Miramon (“Levante”)
“Real” muxlislari “Levante”ga qarshi bellashuvni yodga olgan paytda eng birinchi bo‘lib uchrashuv hakamini ko‘z oldiga keltirishi tabiiy. O‘yinni boshqarib borgan Davide Mede Ximenesning Eder Militaoga ko‘rsatgan qizil kartochkasi, haqiqatan ham, bahsli bo‘ldi. Bu albatta, boshqa masala.
Ushbu chetlatish o‘yin stsenariysiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. O‘ng qanot himoyachisi Xorxe Miramonning bellashuv qahramonlaridan biri bo‘lishiga, balki shu sababdir. Ispaniyalik qanot himoyachisi maydonning o‘ng tarafi bo‘ylab har bir chiziqda faol o‘ynadi va jamoasiga muhim g‘alabani taqdim etdi.
Markaziy yarim himoyachi: Frank Kessi (“Milan”)
Kot-d’ivuarlik yarim himoyachi “rossonerilar” tarkibida penalti ijrochisi hisoblanadi. Uning ketma-ket o‘yinlarda gol urayotgani shundan. Biroq, uning xatti-harakatlarini ushbu gollar belgilamasligini ham aytib o‘tishimiz zarur. Tayanch yarim himoyachisi pozitsiyasida to‘p tepuvchi Frank “Milan” o‘yinini tom ma’noda boshqaradi. Haybati bilan Klarens Zeedorfni yodga solib yuboradigan Kessi amalda ham u kabi klub tarixida o‘z nomini qoldirib kelmoqda.
Markaziy yarim himoyachi: Jonjo Shelvi (“Nyukasl”)
“Yangi qasr egalari” yana bir marotaba “Everton”ning salohiyati APL kuchli uchligiga tortmasligini ko‘rsatib qo‘ygandek. Mavsum avvalidagi mag‘lubiyatsiz seriyalar haybatidan biz “irischilar”ni sovrinli o‘rinlar uchun da’vogar klub sifatida ko‘ra boshlagan edik. Keyinroq ma’lum bo‘ldiki, bu natijalar Xamesning mo‘’jizaviy o‘yinlari inertsiyasi ekan, xolos. E’tibor bersangiz, Karlo Anchelotti shogirdlari aynan kolumbiyalik yarim himoyachi jarohat olib, safdan chiqqan o‘yinlarda ochko yo‘qota boshladi. Gap “Nyukasl” haqida edi…
Premer-liganing tushunarsiz jamoalaridan biri hisoblangan Stiv Bryus shogirdlari nomdor raqibni ancha ishonch bilan taslim etdi. Shelvi esa maydon markazida mazmunli futbol namoyish etdi va bitta assist ham amalga oshirdi. Ingliz yarim himoyachisini 2 ta gol urgan Uilsonni ramziy jamoamizga kirita olmaganimiz uchun kompensatsiya o‘rnida qabul qilasiz.
Markaziy yarim himoyachi: Saul Niges (“Atletiko”)
“Kadis”ga qarshi bellashuv kutilmaganda dramaga aylanib ketdi. Dastlab, Luis Suares hisobni ochar ekan, ko‘pchilik o‘yin “matraschilar”ning odatiy g‘alabasi bilan yakunlanar ekan, degan xayolga bordi. Ammo tez orada tajribali Alvaro Negredo hisobni tenglashtirdi. Shundan keyin, taym so‘ngigacha madridliklar bosim ostida qoldi. 44-daqiqada Saul tomonidan kiritilgan gol yana Simeonega xotirjamlik baxsh etdi. Ikkinchi taymda ham intriga eng so‘nggi daqiqalargacha saqlanib qoldi va yakunda “Atletiko” chempionlik poygasidagi galdagi katta qadamni tashladi.
Chap qanot vingeri: Adam Marushich (“Latsio”)
Chernogoriyalik futbolchi A Seriya 20-turining markaziy bellashuvi taqdirini belgilab bergan golni kiritdi. Ya’ni, u 3-daqiqada Gollini postiga yo‘llagan to‘p butun o‘yin stsenariysiga ta’sir ko‘rsatdi. Har ikki jamoa o‘rtasida bevosita 6-pog‘ona uchun kechgan bellashuvda rimliklarning qo‘li baland keldi. “Burgutlar” ushbu g‘alabani Bergamoda qo‘lga kiritgani esa, Simone Indzagini yanada xursand qilgan bo‘lsa, ajab emas.
O‘ng qanot vingeri: Muhammad Saloh (“Liverpul”)
Misrlik yulduz “Vest Xem”ga qarshi o‘yinda jamoasiga g‘alaba taqdim etdi. Uning dubli tom ma’noda individual mahorat evaziga urildi. Ilk golida bir nechta himoyachi orasidan mukammal zarba uchun pozitsiya topa olgan Saloh, keyingisida haqiqiy hujumchilarga xos bo‘lgan joy tanlash mahorati va vaziyatlardan sovuqqonlik bilan foydalanish evaziga Fabianskini ojiz qoldirdi. Bu o‘rinda, Jerdan Shakirining sherigini yaxshi tushuna olgani ham tahsinga sazovor.
Markaziy hujumchi: Patrik Bemford (“Lids”)
Juda ko‘pchilik evrofutbol muxlislari 27 yoshli futbolchinin joriy mavsumdan e’tiboran, yaxshi taniy boshladi. EChL yo‘llanmasi uchun jiddiy kurash olib borayotgan “Lester” debyutant jamoaga o‘z maydonida imkoniyatni boy berdi. Ushbu bahsda bitta gol urgan Patrik sheriklari tomonidan kiritilgan 2 ta golga assistentlik qilib berdi. Sermahsulligi bilan barcha futbol muxlislariga birdek manzur bo‘layotgan Bemfordni tez orada terma jamoa libosida ko‘rib qolsak, ajablanmaymiz.
Ushbu ramziy terma jamoamizdan o‘tgan haftani ajoyib tarzda o‘tkazgan bir qator futbolchilar: Robert Levandovski, Kallum Uilson, Kallum Xadson-Odoi, Roxer Marti kabilar tushib qoldi. Ularning ba’zilari murabbiy taktikasiga mos tushmaganligi va boshqalarining pozitsiyasida sermahsulroq o‘yinchilar borligi sabab chetda qoldi. Bu, albatta, bizning talqin. Sizningcha, yana qaysi futbolchilar ushbu jamoadan o‘rin olishi mumkin edi? Kommentlarda o‘z variantlaringizni qoldirishingiz mumkin!
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar