
Ro‘ziqul Berdiev: "Raqibga qaraganda har jabhada kuchliroq edik"
Superliganing 22-turida “Nasaf” o‘z maydonida “Metallurg”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bellashuvdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- O‘yinda g‘alaba qozonishga ishonganmidingiz?
- Bugun g‘alabaga ishongandik. Chunki raqibga nisbatan har jabhada kuchliroq edik. Penaltigacha ko‘p vaziyatlar yaratdik. Qaerdadir bizdan omad yuz o‘girdi, yana qaerdadir raqib himoyachilari va darvozaboni yaxshi harakat qildi. Futbolda omad kuchlilarga kulib boqadi, degan gap bor. Bugun kuchli ekanmiz, g‘alaba qozondik.
- Ko‘plab imkoniyatlardan foydalana olmaslikning sababi nima? Yoki futbolchilarning terma jamoaga borib kelgani ta’sir ko‘rsatdimi?
- Bu narsani kutgandik va qo‘rqqandik. Yigitlarimizda ko‘p tanffus bo‘ldi. Legionerlarimiz esa uyiga borib kelishdi. Terma jamoa o‘yinchilari yig‘inda bo‘lishdi. Shuning uchun mashg‘ulotlar jarayonida to‘liq tarkibda bo‘lmagandik. Albatta, bu ham ta’sir qilardi. Bugun ko‘p vaziyatlar yaratdik. Birinchi bo‘limda unumli foydalanganimizda natija yanada boshqacha bo‘lardi. Aytishim kerakki, hozir bu haqda futbolchilar bilan ham gaplashdik. Ya’ni, zaxiradan maydonga tushgan o‘yinchilar o‘yinni qo‘ldan boy berib qo‘yishdi. Buni amalda sizlar ham ko‘rdinglar. Shuning uchun o‘yin oxirlarida “Metallurg” jamoasida ham imkoniyat bo‘ldi.
- Kaluderovichni jamoaga kirishib ketishi uchun yana qancha vaqt kerak, deb o‘ylaysiz?
- Bu – futbol, bu jamoaviy o‘yin. Kelinglar, har bir o‘yinchiga urg‘u berib o‘tmaylik. Kimdir o‘zini ko‘rsatsa, kimdir ko‘rsata olmasligi mumkin. Bu futbolda bo‘ladigan narsa. Lekin bir narsani aytishim mumkinki, sermahsullikda va imkoniyatlarni yaratishda Norchaev unga nisbatan ancha faol harakat qilyapti. Shu boisdan ko‘proq Norchaevga imkoniyat beryapmiz. Bugun Xusaynda ko‘p vaziyatlar bo‘ldi. Gol ura olmasa ham umumiy hisobda jamoaga ko‘p yordami tegdi.
- OFK Kubogidagi raqibni qay darajada o‘rganyapsizlar?
- Raqib jamoada legioner futbolchilar bor. Terma jamoa o‘yinchilari ham bor. O‘zim ikki-uchta o‘yinini ko‘rib chiqdim. Ertadan yigitlarga raqibning o‘yini bo‘yicha ma’lumotlar beramiz.
Fikrlar