"Jar"dagi jang yoxud Superligada 19-turni "sherlar" va "bo‘rilar" bahsi ochib beradi

  • 15 avgust, 17:24
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, bugundan Superligada 19-tur bahslari boshlanadi. Bu tur "Jar"da bo‘lib o‘tadigan "Paxtakor"-"So‘g‘diyona" bellashuvi bilan start olishi ko‘zda tutilgan. 

Tecno

"Paxtakor" - "So‘g‘diyona"

"Paxtakor" ikkinchi davrani kutilganidek boshlay olmadi. O‘tgan 3 ta turda faqatgina quyi pog‘onalardagi "Mash’al" qiyinchilik bilan mag‘lub etildi. "Dinamo" bilan durang qayd qilingan bo‘lsa, uyda OKMK "sherlar"ni enga oldi. Bugungi o‘yindan keyin yana g‘alabali seriyaga qaytib olish asosiy vazifa sifatida qaralsa ajab emas. O‘yin tomonlama muammolar deyarli yo‘q. Muvaffaqiyatsiz uch bahsda ham "Paxtakor" raqiblaridan ustun bo‘la olgan. Masalan, "Dinamo" ga qarshi bellashuvdagi statistikaga qarasak, to‘p nazorati 36-64 foiz, zarbalar 9 -11, burchak zarbalari 2-3. Ko‘rinib turibdiki, hammasida "sherlar"ning raqamlari yuqoriroq. O‘yin esa 1-1 hisobida yakunlangan. Tojiev ana shu o‘yin uslubini saqlab qolgan holda realizatsiya va himoyadagi ba’zi kamchiliklarni bartaraf eta olsa, klubni kuchli uchlikda ko‘rsak ajabmas.

"So‘g‘diyona"ga esa yozgi transferlarda faol ishtirok etgani yordam berishni boshladi. Jamoa yangi futbolchilar evaziga ancha kuchli ko‘rinmoqda. Ayniqsa albaniyalik Rubin Xebay 3 ta o‘yinda 2 ta gol urib ulgurdi. Taqvimdan kelib chiqsak, natijalar ham uncha yomonmas. "Nasaf" bilan bahsda ba’zi jabhalarda ustunlik qilgan holda mag‘lubiyat,  Namanganda "Navbahor" qiyinchilik bilan mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Oxirgi turda esa "Mash’al" ishonchli tarzda dog‘da qoldirildi. Boshkovichda qandaydir o‘yin falsafasi borligi oldindan aytib kelinadi. Ana shu falsafa sekin-astalik bilan ko‘rina boshlagandek.

Statistika

Jamoalar o‘zaro 59 marta to‘qnash kelishgan. 44 bahsda "Paxtakor" yutgan bo‘lsa, 8 ta o‘yinda esa Jizzax klubi g‘alaba nashidasini surgan. Yana 7 uchrashuvda jamoalar murosa ko‘chasini tanlashgan. To‘plar nisbati 135-49 "Paxtakor" foydasiga. Eng yirik hisobli g‘alabalar "sherlar"da 6:1, "So‘g‘diyona"da esa bu g‘alaba 4:1ni tashkil qiladi. Bu yutuqqa ham 33 yildan oshdi.

Qiziqarli bahs bo‘lishi aniq. O‘z printsiplaridan kechmaydigan murabbiylar bellashuvini kuzatish boshqacha bir zavq berishi turgan gap. Tahminimimcha, imkoniyatlar teng. Biroq oz bo‘lsa-da mezbonlik faktori bor. Shu sabab imkoniyatlar 55/45 "Paxtakor" foydasiga.

Yahyoxon G‘aniev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!