
Ro‘ziqul Berdiev "Andijon"ga qarshi bahs, Jigauri va Chavezning o‘yiniga qanday munosabat bildirdi?
“Andijon” – “Nasaf” (0:0) o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng tashkil qilingan matbuot anjumanining dastlabki qismida mehmonlar ustozi Ro‘ziqul Berdiev jurnalistlarning savollariga javob berdi.
- Ro‘ziqul Sa’dullaevich, bugungi uchrashuv haqida nimalarni ayta olasiz?
- O‘zlaring ham guvohi bo‘ldinglar, bugungi uchrashuv ajoyib muhitda o‘tdi. Faqat maydonning holati hali biroz tayyor emas, shekilli. Bugungi uchrashuvda jang bo‘lishi kutilgandi va haqiqatan maydonda ko‘p kurashlar bo‘ldi. O‘yinni umumiy tarzda oladigan bo‘lsak, tashabbus qisman bizda bo‘ldi. Yaratgan vaziyatlarimizda raqib darvozasiga gol ura olmadik. Bu esa ochko yo‘qotishimizning asosiy sabablaridan biri bo‘ldi. Albatta, “Andijon” jamoasini ham ta’kidlab o‘tish kerak. Ular o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida bizga yaxshi qarshilik ko‘rsatishdi, yaxshi himoyalandi. O‘ylashimcha, bir ochko ularni qoniqtiradi.
- Maydonning holati haqida fikr bildirdingiz. Maydon tayyor deb aytilgandi...
- Biz kecha mashg‘ulot o‘tkazganimizda bunga amin bo‘lgandik. To‘g‘ri, ko‘p insonlar mehnat qilishyapti. Lekin bu bor gap ekan. Futbolchilarning o‘zlari ham bunga amin bo‘ldilar. Faqat biz emas, “Andijon” jamoasi ham ko‘rdi. Maysa ko‘chib ketyapti. Bu narsa ikki jamoaning o‘yiniga ham ta’sir qildi. Men o‘z fikrimni bildirdi.
- “Nasaf” safida gruziyalik va argentinalik legionerlar debyutini o‘tkazdilar. Ularning o‘yiniga qanday baho berasiz? Qolaversa, gruzin futbolchisi debyut o‘yinida qizil kartochka oldi. Bunga munosabatingiz qanday?
- Jaga jamoamizga oldinroq kelib qo‘shildi. Nazorat uchrashuvlarida ham qatnashdi. Bugun hech ikkilanmasdan unga imkoniyat berdik. Argentinalik o‘yinchi jamoamizga kech qo‘shildi. Uning jismoniy holatiin yaxshi darajaga keltirishimiz kerak. Bunga ozgina vaqt ketadi. Shu bois unga kamroq imkoniyat berdik. Qizil kartochka olgan vaziyatiga kelsak, gruzin futbolchilarini qiziqqonligini bilasizlar. Shuning uchun nazoratni yo‘qotdi. Hozir o‘zini aytishi bo‘yicha, u provokatsiyaga uchraganini ma’lum qildi.
- Jamoaga yangi futbolchilar kelib qo‘shilishdi. Yana yangi o‘yinchilar kelishadimi?
- Ozgina vaqt qolyapti. Yana ikkita o‘yinchini rejalashtirgandik. Kamida yana bir futbolchi jamoamizga qo‘shiladi. Hujum chizig‘imizni kuchaytirishni maqsad qilgandik. Shuning uchun bu o‘yinchilarni taklif qilganmiz. Oldin ham aytganimdek, bu rejamizda bor va 31 iyulgacha amalga oshadi.
- Natijadan qoniqmadingiz-a?
- Albatta. Vaziyatlarni oladigan bo‘lsak, ba’zi uchrashuvlarda kamroq imkoniyatlar bo‘ladi. durang qayd etilganida buni to‘g‘ri tushunamiz. Lekin bugun golga yaqin kelgandik. Shu bois natijadan qoniqmadik.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar