
“Rostov” Shomurodov o‘rniga Buxoroda tug‘ilgan hujumchini oladi
“Rostov” rahbariyati “Jenoa”ning Eldor Shomurodov bo‘yicha taklifini qabul qiladigan bo‘lsa, rostovliklar asosiy hujumchisining o‘rniga “Tambov” hujumchisi Vladimir Obuxovni olib kelishni rejalashtirmoqda.
“Tambov” sport direktori Pavel Xudyakov jamoa futbolchisiga “Rostov” tomonidan qiziqish bo‘layotgani haqidagi xabarlarga o‘z fikrini bildirdi.
- “Rostov” bilan muloqot qilyapmiz. Hozircha aniq bir ma’lumot berishga erta. Agar ularning taklifi bizni qoniqtirsa, bu transferni amalga oshiramiz. Agar ma’qul kelmasa, hammasi shu holida qoladi. Obuxov bizning asosiy hujumchimiz. Ayni paytda uning o‘rniga boshqasini qaerdan topamiz?, - dedi Xudyakov.
Rossiya chempionatining yuqori divizioni vakili “Tambov” jamoasining asosiy hujumchisi sifatida o‘ynayotgan Vladimir Obuxovning asli o‘zbekistonlik ekanini ko‘pchilik bilmaydi.
U 1992 yilning 8 fevralida Buxoro shahrida tug‘ilgan. Volodya sakkiz yoshga to‘lgunicha Buxoroda yashagan. Keyinchalik oilasi bilan Rossiyaning Nijniy Tagil shahriga ko‘chib ketadi. U erda mahalliy “Uralets” sport maktabida futbol bilan shug‘ullana boshlaydi. Uning iqtidorini o‘z vaqtida payqagan murabbiylar 2003 yilda Volodyani Moskvaga “Lokomotiv” jamoasiga ko‘rikka jo‘natadi. Taqdir taqozosi bilan yosh iste’dod egasi poytaxtda “Spartak” klubining futbol maktabidan qo‘nim topadi.
Besh yildan so‘ng, “Spartak” uni Rossiya chempionatida ro‘yxatdan o‘tkazadi va 2008 yilning 15 noyabrida Obuxov o‘rinbosarlar o‘rtasidagi uchrashuvda “Luch-Energiya”ga qarshi bahsda debyutini nishonlaydi.
2011 yilga kelib, Vladimir Eldor Shomurodovning hozirgi ustozi Valeriy Karpin tomonidan “Spartak”ning asosiy tarkibi mashg‘ulotlariga jalb etiladi. Hatto, 2012 yilning boshida “Spartak” tarkibida Birlishgan Arab Amirliklarida tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga boradi. O‘shanda sobiq hamyurtimiz o‘rtoqlik uchrashuvida Xarkovning “Metallist” jamoasi darvozasini ishg‘ol qilgan edi. Bu “spartakchilar”ning 2012 yildagi ilk goli sifatida tarixda qoldi.
O‘sha yilning bahorida “Sibir” klubi yosh hujumchini ijaraga olish maqsadida moskvaliklarga murojaat qiladi. Biroq, “Spartak” bosh murabbiyi uni qo‘yib yuborishni istamaydi. Tez orada Obuxov premer-ligada ham debyut qiladi. U 15 aprel kuni “Rubin”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvning 85-daqiqasida rossiyaliklarning yulduz hujumchisi Artyom Dzyuba o‘rniga maydonga tushiriladi.
Keyinchalik Vladimir Obuxov “Torpedo”, “Spartak-2”, “Kuban”, “Sochi”da o‘ynadi. 2019 yildan buyon “Tambov”da to‘p surayotgan hujumchi bu jamoa bilan 2021 yilning yozigacha shartnoma tuzgan.
Shomurodovning narxi qancha? “Rostov” “Jenoa”ning 8 millionini mensimadi yoxud Eldorga Evropadan yana uchta taklif bor
"Jenoa" Eldor Shomurodovni olyapti
Kanchelskis Shomurodovga Evropa futbolida o‘ynash usulini o‘rgatdi. Eldorni Ronaldu bilan raqobat kutmoqda
Shomurodov transferi bo‘yicha tezkor ma’lumot. “Rostov” Eldorni qo‘yib yubormayapti
Fikrlar