
«River Pleyt» darvozabon va zaxira futbolchilarisiz «mo‘’jiza» ko‘rsatdi! Bunaqasi futbol olamida kamdan-kam sodir bo‘ladi!
Evrofutbol COVID-19 bilan jangda birin-ketin g‘alaba qozonmoqda. Barcha musobaqalar davom etibgina qolmay, sekin-asta muxlislar arenaga qaytishni boshladi. Sayyoramizning boshqa mintaqasida esa, vaziyat ancha og‘ir. Shu bois, karantin rejim hali yakunlangani yo‘q.
EChLning Janubiy Amerikadagi analogi - Libertadores kubogi haqida eshitgansiz. Hozir musobaqa virusga qarshi jang olib bormoqda. Afsuski, ehtiyot choralari ko‘rilgan bo‘lsa-da, vaziyat qit’ada yaxshilangani yo‘q. Hozir turnirning guruh o‘yinlari avjida. 32 klub 8 kvartetga bo‘lingan. Birinchi va ikkinchi o‘rin egalari pley-off yo‘llanmasiga ega chiqadi. 3-o‘rinni egallagan klub Evropa Ligasining analogi - Sudamerikaniga ravona bo‘ladi. Menimcha, tasavvurga ega bo‘ldingiz. Shundaymi?
Biz e’tiboringizni «D» guruhdagi vaziyatga qaratmoqchimiz. 4 turdan so‘ng, Braziliyaning "Fluminense" klubi 8 ochko bilan etakchi edi. Undan keyingi o‘rindagi «River Pleyt»da 6 ball mavjud. So‘nggi o‘rinlarni Kolumbiyaning «Xunior» (3) va «Santa Fe» (2) jamoalari egallab turibdi. 5-tur keyingi bosqichga kim chiqishini aniqlab berishi kerak edi. Kolumbiya klublari voqealar rivojini o‘z foydasiga hal etish maqsadida Braziliya va Argentina etakchilari bilan to‘qnash keldi.
«Xunior» sensantsiyani amalga oshirdi. Ular mehmonda Braziliya grandini taslim etdi. «Santa Fe» esa, Buenos-Ayresda sharmanda bo‘ldi. Juda yomon ahvolga tushib qolgan «River»ni g‘alaba qozonishini hech kim kutmagan edi...
Qaydnoma
«Santa Fe» bilan to‘qnashuv oldidan «millionerlar» murakkab vaziyatga tushib qoldi. KOVID-19 sababli asosiy tarkibning 20 futbolchisi karantinga olindi. Ular orasida klub ro‘yxatdan o‘tkazgan 4 darvozabon ham bor! Uchrashuv oldidan futbolchilar topshirgan testning ijobiy chiqqani sababli klub kipersiz qolib ketdi. Natijada, Marselo Galyardo qo‘lida atigi 10 ta virus yuqmagan futbolchi qoldi. Ularning 4 tasi hali debyut uchrashuvini o‘tkazmagan yoshlar ekanligini hisobga olsak, murabbiy nimalarni xayol qilganini tasavvur qilish mumkin. Argentina klubi KONMEBOLga murojaat bilan chiqdi. Ro‘yxatdan o‘tkazilmagan 18 yoshli darvozabon bilan maydonga tushish borasida yuborilgan iltimosnoma rad etildi.
Kulminatsiya!
Murabbiy qo‘lida qolgan 10 futbolchi bilan «jang»ga chiqishga qaror qildi. Darvozabon borasida uzoq o‘ylab o‘tirilgani yo‘q. Tizzasidan olgan jarohati hali to‘liq bitmagan bo‘lsa-da, topshirgan testi manfiy chiqqan Enso Peresga qo‘lqoplar topshirildi. Mashg‘ulotlardan ozod qilingan futbolchi klubga og‘ir vaziyatda yordam berish maqsadida tavakkalga qo‘l urdi. O‘yin qaydnomasi ko‘pchilikni hayron qoldirdi. «River» matchga birorta zaxira futbolchisiz etib keldi. Darvozabon yo‘q, zaxirada hech kim yo‘q, va 4 debyutant futbolchi! Yana Libertadores kubogining hal qiluvchi 5-tur bahsi!
Raqib esa, bu bahsga «tish-tirnog‘igacha» qurollanib tashrif buyurdi. Jamoa futbolchilarining birortasida koronavirus aniqlanmadi. Kolumbiya klubi ilojsiz ahvolda qolgan «River»ni o‘z uyida yanchib tashlashi taxmin qilingan bo‘lsa-da, Galyardo shogirdlari kutilmaganda «jang»ga kirdi. Match startida «millionerlar» 2 gol kiritishni uddaladi. Bu esa, yakunda g‘alabaning kaliti vazifasini o‘tab berdi. Kadrlar bilan muammoga duch kelgan argentinaliklar 2:1 natijasida g‘alaba qozondi.
Voqea qahramoni
So‘zsiz - Enso Peres! O‘sha kuni u «Oltin to‘p»ga loyiq jasorat ko‘rsatdi. Yarim himoyachini tanigan bo‘lsangiz kerak. O‘z vaqtida «Benfika» va «Valensiya» singari klublarda to‘p surgan, Argentina termasi bilan 2014 yil finalga qadar etib borgan. Hozir u 35 yoshda. 2017 yildan beri «River Pleyt» sharafini himoya qiladi. Vaholanki, hali-hamon Evropa klublaridan takliflar oladi. Yaqinda, Turkiya grandlariga rad javobini bergani so‘zimizga isbot bo‘lishi mumkin.
Katta ehtimol bilan «Santa Fe»ga qarshi bahs, uning faoliyatida burilish yasadi. Doimo, ikkinchi planda qolib ketadigan yigit 90 daqiqa barchaning e’tibor markazida bo‘ldi. Bahs davomida 4 seyv amalga oshiribgina qolmay, to‘p uchun chiqishda bexato o‘ynadi.
To‘g‘ri, o‘yinni tomosha qilgach, uning professional darvozabon emasligini darrov payqaysiz, biroq natija tarixda qoladi. Bahs yakunlangach, u o‘yinning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi. Flesh-intervyuda esa, kamtarin ekanligini ko‘rsatdi:
«Oson bo‘lgani yo‘q. Ba’zida darvozani yo‘qotib qo‘ydim. Keyin, 11 metrlik nuqtani mo‘ljal qilib oldim. To‘g‘ri, o‘yindan oldin darvozabon sifatida bir nechta mashg‘ulotlarda ishladim, lekin o‘yin umuman boshqacha ekan. Boz ustiga, jarohatim hali to‘liq tuzalgani yo‘q. Shu bois, maydonda jamoaga yordam bera olmadim. Darvozada esa, tizzamdagi og‘riq muammo tug‘dirmadi. Klubga yordam berganimdan xursandman!»
Yakun
To‘g‘risi, «River» amalga oshirgan ish har qanday futbol jamoasi uchun o‘rnak bo‘ladi. Bu quruq qo‘l bilan Everest cho‘qqisiga chiqishdek gap. Futbol mo‘’jizalarga boy ekanligini yana bir bor isbotladi. Marselo Galyardo shogirdlari darvozabonsiz, etakchilarsiz, markaziy himoyachilarsiz ham klublar miqyosidagi (EChLdan keyingi o‘rinda) ulkan turnirning hal qiluvchi uchrashuvida 3 ochko ishlab oldi. Raqib 90 daqiqa ichida 5 o‘zgarishni amalga oshirgani ham «millionerlar»ni ruhan sindirgani yo‘q. G‘alaba argentinaliklarga guruhda birinchi o‘ringa ko‘tarilish imkonini yaratdi. Muxlislar esa, futbol jozibali sport turi ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldi!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar