
“Real” Husanovning do‘stini olib ketadigan bo‘lyapti
Ispaniyaning amaldagi chempioni “Real” tarkibi harchand kuchli bo‘lmasin, bu mavsum “Barselona” bilan etarli darajada raqobatlasha olmayapti. Xalqaro maydonda ham “Arsenal”ga qarshi kechgan o‘yin madridliklarning qudratini katta shubhaga qo‘ydi.
“Qirollik klubi” tarkibida ayrim o‘zgarishlar qilishi kutilmoqda. Klub xo‘jayinlari Saudiya Arabistoni klubilari jiddiy qiziqish bildirayotgan Vinisius Juniorni qo‘yib yuborishi mumkin.
Jurnalist Florian Plettenbergning ma’lum qilishicha, ishga Saudiya Arabistonining yuqori darajadagi rahbarlari aralashgan va ayni paytda Vinisius Junior vakillari bilan muzokaralar qizg‘in pallaga kirdi.
“Real” braziliyalik futbolchi atrofidagi vaziyatdan yaxshi xabardor va zudlik bilan uning o‘rniga boshqa to‘purar topib qo‘ydi. Ma’lumotlarga qaraganda, madridliklar “Manchester Siti” markaziy hujumchisi Erling Xolandni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Agar bu transfer amalga oshsa, hujum markazi norvegiyalik to‘purarga topshiriladi. Bu pozitsiyada majburan o‘ynayotgan Kilian Mbappe o‘zi yoqtirgan joy – Vinisiusdan bo‘shaydigan chap qanotga ko‘chib o‘tadi.
“Siti”da Xoland o‘rnini Umar Marmush bilintirmaydi. Xosep Gvardiola qishki transferlar vaqtida olingan to‘rt futbolchi orasida misrlik hujumchining harakatlaridan ko‘proq mamnun bo‘lmoqda. Abduqodir Husanov esa, keyingi paytda zaxiraga o‘tirib qoldi.
Ta’kidlash lozimki, Erling Xoland Abduqodir Husanovni juda iliq qabul qilgan o‘yinchilardan hisoblanadi. Legionerimiz Frantsiyaning “Lans” jamoasidan “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tganidan beri uni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
“Manchester Siti”ga nishondagi futbolchi narxini aytishdi
“Manchester Siti” yozgi transferlar davrida faollik ko‘rsatishni rejalashtirmoqda. “Shaharliklar” nishoniga tushgan futbolchilaran biri Tijani Reynders hisoblanadi.
Jurnalist Sasha Tavolerining ma’lum qilishicha, manchesterliklar niderlandiyalik futbolchi yaqin kelajakda yoshi o‘tib qolgan Ilkay Gyundog‘anning o‘rnini bosishi kerak. Germaniyalik yarim himoyachi klub bilan kelishuvini yana bir yilga uzaytirdi, biroq kelasi yil yozda jamoani tark etadi.
“Milan” o‘z etakchilaridan birini qo‘yib yuborishga tayyor. Buning uchun ular bonuslar qo‘shilmaganda 65 million evrodan boshlangan takliflarni ko‘rib chiqadi.
Manbaga ko‘ra, bu summa “shaharliklar”ni ham qoniqtiradi. Qolaversa, Tijani Reyndersning o‘zi ham “Manchester Siti”ga o‘tish imkoniyatini oldinga tashlangan qadam sifatida qabul qilmoqda.
Sobiq sardor “Siti”ga qaytmaydi
Qishki transferlar vaqtida “Manchester Siti”ning o‘sha paytdagi sardori Kayl Uoker muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun ijara asosida “Milan”ga ko‘chib o‘tgan edi.
Italiyadagi faoliyati davomida tajribali himoyachi kelajagiga oydinlik kiritib oldi. Manbalarning ta’kidlashicha, 34 yoshli futbolchi Manchesterga qaytmoqchi emas.
Kayl Uokerning ijara shartnomasida “Milan” tajribali himoyachini sotib olishiga imkon beradigan band kiritilgan. Milanliklar bu masalani klubga yangi sport direktori tayinlanganidan keyin hal qilmoqchi.
O‘z navbatida, taniqli insayder Fabritsio Romano “shaharliklar” ham Kayl Uokerni ortga qaytarmasligini va uning o‘rniga boshqa futbolchi qidirayotganini tasdiqladi.
“Manchester Siti”ga 2017 yili olib kelingan va jamoa muvaffaqiyatlarida katta rol o‘ynagan Kayl Uokerning manchesterliklar bilan amaldagi shartnomasi 30 iyun kuni tugaydi hamda u erkin agent maqomini oladi.
Fikrlar