
Rashid G‘ofurov: "Yangi mavsumda tarkibimizni yoshartirish vazifasi qo‘yilgan"
“Navbahor-farm” jamoasi yangi mavsumga tayyorgarlikni boshladi. Ilk mashg‘uloti yakuniga etgach, farm jamoasi murabbiyi Rashidjon G‘ofurovdan klub matbuot ximzati qisqacha intervyu oldi.
- Yangi mavsumga tayyorgarlikni barvaqt boshladinglar. O‘quv-mashg‘ulot yig‘inini bunchalik erta boshlashinglarning sababi nimada?
- Avvalambor, assalomu alaykum! To‘g‘ri aytdingiz, yig‘inni barvaqt boshladik. Bunga sabablar ko‘p. Birinchidan, Pro liganing bu yilgi mavsumi juda erta tugadi, ya’ni, 25 oktyabrda jamoamiz “Lokomotiv”ga qarshi oxirgi o‘yinni o‘tkazgandi. Oradan esa qariyb bir yarim oy vaqt o‘tdi. Shu davrda esa yigitlar hordiq chiqarishdi. Ushbu muddat futbolchiga ta’til uchun juda katta muddat xisoblanadi. Shu bois, yigitlar sport formalarini yo‘qotmasliklari uchun bugundan yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlab yubordik. Qolaversa, yangi mavsumda jamoamiz oldiga tarkibni yoshartirish vazifasi qo‘yilgan va biz ko‘plab yosh hamda iqtidorli futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Shuning uchun yig‘inning asosiy qismiga qadar, jamoamizda olib qolishimiz lozim bo‘lgan o‘yinchilarni tezroq aniqlab, yig‘inning keyingi, asosiy bosqichida o‘sha futbolchilar bilan mashg‘ulotlar olib borish niyatidamiz.
- Yangi mavsumga tayyorgarlik rejasi xususida ham to‘xtalsangiz...
- Ko‘rib turganingizdek, yangi mavsumga tayyorgarlikni bugundan boshladik. Ayni paytda futbolchilarni tiklanish jarayonini olib boryapmiz va sekin-asta yuklamalar berishni boshlaymiz.
Yig‘inning birinchi qismi joriy yil yakuniga qadar bo‘lib o‘tadi. Yangi yil arafasida futbolchilarga bir haftalik ta’til beramiz. 2024 yilning 5 yanvaridan yana yig‘inga kirishamiz hamda 10 kun davomida o‘z qarorgohimizda jismoniy xolatimizni yaxshilashga qaratilgan yuklamalardan iborat yig‘in tashkil etamiz. Keyin esa o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini poytaxtda olib borishni rejalashtirganmiz.
- Rejangizdan nazorat-sinov bahslari o‘rin olganmi?
- Albatta, axir, o‘rtoqlik o‘yinlarisiz yig‘in kemtik bo‘lib qoladiku! Toshkentda mashg‘ulotlar olib borishdan asosiy maqsadimiz ham aynan nazorat – sinov o‘yinlarini o‘tkazishga qaratilgan. Boisi, ko‘plab jamoalar o‘z o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini poytaxtimizda olib boradi va u erda sparring-raqib topish oson kechadi hamda ko‘proq o‘rtoqlik bellashuvlarida maydonga tushish imkoniyati tug‘iladi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar