
"O‘zbekistonning mundialga chiqa olmayotgani kishini hayron qoldiradi, Jaloliddinov atrofida "aqilli maslahatchilar" ko‘payib ketgandi" - Yuriy Belous SPORTS.UZ saytiga bergan intervyusida yana nimalarni gapirdi?
20 noyabr kuni poytaxtimizda, “Paxtakor” markaziy stadionida O‘zbekiston hamda Rossiya terma jamoalari ishtirokida o‘rtoqlik o‘yiniga guvoh bo‘lamiz. Ikki tomon bu borada ijobiy kelishuvga erishgach, tabiiyki, mutaxassislar tomonidan mazkur bo‘lajak bahs borasida qandaydir fikrlar aytilishi boshlandi. Bu o‘yin tashkillashtirilishi rasman e’lon qilingach, biz ham qo‘l qovushtirib turmadik va darhol rossiyalik mutaxassislar bilan aloqa o‘rnatishga kirishib ketdik. Harkatlarimizning samarasi o‘zini uzoq kuttirib qo‘ymadi.
Rossiyalik taniqli futbol namoyondalaridan biri – Yuriy Belousni tanimagan muxlis bo‘lmasa kerak. O‘tgan oyda 62 yoshni qarshilagan mutaxassis Rossiya futbolida katta obro‘-e’tibor qozongan. U “Torpedo-Zil”, “Torpedo-Metallurg”, “Moskva, “Lokomotiv”, “Rostov” singari klublar prezidenti sifatida faoliyat olib borgan. Hozirda ham Yuriy Viktorovich futbol bilan hamnafas.
Belous o‘zbek futbolini ham yaxshi biladi. Yodingizda bo‘lsa, Jasur Jaloliddinovni Moskvaning “Lokomotiv” klubiga ko‘chib o‘tishida ushbu mutaxassis bosh-qosh bo‘lgan. Lekin futbolchimizning u erdagi faoliyati o‘xshamagach, turli gap-so‘zlar yangragan.
Sports.uz siz aziz muxlislar uchun navbatdagi eksklyuziv suhbatni taqdim etadi. Saytimiz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev kuni kecha yuqorida nomi keltirilgan taniqli mutaxassis Belous bilan bog‘landi.
- Yuriy Viktorovich, O‘zbekiston – Rossiya terma jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladigan o‘rtoqlik o‘yinidan nimalarni kutyapsiz?
- O‘zbekiston hamda Rossiya terma jamoalari o‘rtasida bo‘ladigan o‘yindan ko‘p narsani kutyapman. Ishonamanki, bellashuv muxlislarga yoqadigan, tomoshabop ruhda kechadi. Shuningdek, terma jamoangizning bahsda munosib o‘yin ko‘rsatishini ham kutyapman. Axir O‘zbekiston o‘z mintaqasida kuchli futbol mamlakati sanaladi. Sizlarda iqtidorli futbolchilar juda ko‘p. Misol tariqasida, Odil Ahmedovni aytishim mumkin yoki bo‘lmasa bugungi kunda futbolchilaringiz orasida eng taniqlisi hisoblanadigan Eldor Shomurodovni tanimagan ishqiboz topilmasa kerak. Bundan tashqari, O‘zbekiston futbol mutaxassislari kuchli ekanligi bilan ham ancha tanilgan.
- Rossiyalik muxlislar, shu jumladan mutaxassislar bo‘lajak o‘yin haqida qanday fikr bildirishmoqda? Shu haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
- Tabiiyki, Rossiya maqom darajasida O‘zbekistondan ancha baland turadi. Qolaversa, oxirgi jahon chempionatida termamiz kuchli sakkiztalikka kira olgani ham yuqoridagi fikrimni tasdiqlaydi. Chorak finalda xorvatlar to‘sig‘idan o‘tishimiz mumkin edi. Ammo qo‘shimcha bo‘limlarda omad raqiblarimizga kulib boqdi. O‘zingiz bilasiz, Xorvatiya keyinchalik mundialning finaliga qadar etib bordi. Toshkentda kechadigan bellashuvda O‘zbekistonning kuchli o‘yin ko‘rsatishga harakat qilishini bemalol kutish mumkin. Boz ustiga o‘z davrida biz yurtingizdan zo‘r futbolchilar etishib chiqqaniga guvoh bo‘lganmiz. Gennadiy Krasnitskiy va Birodar Abduraimovni juda yaxshi eslaymiz. Shuningdek, Fyodorov va Anni ham aytish mumkin. Afsuski, 1979 yil avgustidagi fojea yurtingiz futbolining ko‘plab iqtidor egalarini bevaqt hayotdan olib ketgan. Bunday yo‘qotishdan keyin O‘zbekiston vaqt o‘tib borishi bilan yana o‘zini o‘nglab oldi. Buning misoli sifatida 2011 yili Osiyo Kubogining yarim finalida terma jamoangizning ishtirok etgani yaqqol dalil bo‘la oladi. O‘shanda terma jamoangizni Vadim Abramov juda yaxshi boshqargan. Esimda, Abramov terma jamoaga bosh murabbiylik qilgan kezlarida rasmiy maqomda ham Rossiya termasiga qarshi o‘ynashni orzu qilishini bildirgandi. O‘ylaymanki, muxlislarimiz va mutaxassislarimiz ham xuddi men kabi juda yaxshi o‘yin guvohi bo‘lishni kutmoqdalar. Shaxsan o‘zimga kelsa, men juda qiziqarli bahsga guvoh bo‘lishimga ishonaman.
- Sizning fikringizcha, Markaziy Osiyoda eng kuchli terma jamoa qaysi?
- Albatta, mening nazarimda O‘zbekiston o‘z mintaqasining eng kuchli terma jamoasi hisoblanadi. Agar Markaziy Osiyo emas, balki umum ma’noda Osiyo futboli haqida gapiradigan bo‘lsak, Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron va Saudiya Arabistoni eng kuchli terma jamoalar sirasiga kirishadi. O‘zbek futbolini kuzatib kelaman. Yuqorida aytganimdek, sizlarda iqtidorli o‘yinchilar ko‘p. Agar yuksalishning to‘g‘ri yo‘lidan boriladigan bo‘lsa, yaqin kelajakda O‘zbekiston ham Osiyodagi eng kuchli terma jamoalardan biri sifatida tilga olina boshlanishi shubhasiz. Chunki biz juda ko‘plab yosh iqtidor egalarini bilamiz. Sizlarda iqtidor egalari borasida katta potentsial mavjud.
- Yuriy Viktorovich, O‘zbekiston futboli haqida ancha bilimga egasiz. Ayni paytdagi terma jamoamiz haqida nima deya olgan bo‘lardingiz?
- Nima ham deyishim mumkin? Boya bejizga sizlarda ko‘plab yosh iqtidor egalari borligini aytib o‘tmadim. Masalan, U-23 terma jamoangiz Osiyo chempionatining finalida o‘ynaganligini yaxshi bilamiz. Bu esa ko‘p narsadan dalolat beradi. Sizlarda futbolni rivojlantirish uchun juda yaxshi shart-sharoitlar yaratilgan. “Paxtakor” va “Bunyodkor” kabi dongdor klublaringiz bor. “Bunyodkor”ning moddiy texnik-bazasi juda yaxshiligini va klub ixtiyorida shug‘ullanish uchun bir nechta maydonlar borligini bilaman. Bu masalada Rossiya premer-ligasining ayrim ishtirokchilari “Bunyodkor”ga eta olmasa ham kerak. Milliy chempionatingiz yil sayin rivojlanib boryapti. Shunga qaramay, mamlakatingiz bosh jamoasining JCh final bosqichiga chiqa olmasdan kelayotgani negadir kishini hayron qoldiradi. Bunday muvaffaqiyatsizlikka bir qancha sabablar ham ta’sir o‘tkazmasdan qolmagan. Sizlarda JCh saralash bosqichi ancha murakkab tizimda o‘tkaziladi. Saudiya Arabistonida tashkil etilgan saralash bosqichining ikkinchi qismida terma jamoangizdan omad yuz o‘girgandi. Vaholanki, O‘zbekiston bunday potentsial bilan jahon chempionatining final bosqichi yo‘llanmasiga ega chiqishi kerak edi.
- Bilamizki, Eldor Shomurodov o‘z vaqtida Valeriy Karpin qo‘li ostida to‘p surgan. Karpin esa bugungi kunda terma jamoangizning bosh murabbiyi hisoblanadi. Ayting-chi, Eldor uchun Rossiyaga qarshi o‘tadigan o‘yin qandaydir o‘zgacha ahamiyat kasb etadimi? Axir u chempionatingizdagi ko‘p futbolchilarni yaxshi biladi...
- Albatta, Shomurodov uchun bu o‘zgacha ahamiyat kasb etadigan bellashuvga aylanishi tayin. Men uni juda iqtidorli, jismonan kuchli va har tomonlama shakllangan futbolchi sifatida bilaman. U aynan Karpin qo‘li ostida to‘p surib yurgan kezlarida o‘yinini yanada kuchaytira olgan. Bejizga Shomurodovni top-beshlik orasida o‘ziga obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan Italiya A seriyasiga olib ketishmagan. Umuman olganda, milliy terma jamoa bayrog‘i ostiga chaqiriladigan har qanday futbolchi uchun uning libosida maydonga tushish katta sharaf hisoblanadi. Chunki bunday imkoniyat har kimga ham havola qilinavermaydi. Bunday mahalda o‘yinchilar avvalo yurt sha’ni haqida o‘ylashadi. So‘ngra o‘zlarining maksimal darajasini ko‘rsatish payida bo‘ladilar. Bilasiz, Rossiya chempionatining saviyasi ancha baland. Premer-liga ishtirokchilari tarkibida esa futbolchilarga shunga yarasha haq to‘lanadi. O‘z-o‘zidan o‘yinchilaringiz orasida Rossiyaga qarshi uchrashuvda o‘zlarini ko‘rsatib, e’tiborni tortishga intiladigan futbolchilar jon kuyuktirib to‘p surishlariga shubha qilmayapman.
- Eldor Shomurodovni Rossiya terma jamoasi uchun eng xavfli futbolchi bo‘la olishiga ishonasizmi?
- Shak-shubhasiz. Men uni bejizga har tomonlama shakllangan ijrochi deb aytmadim. Ammo futbol jamoaviy o‘yin hisoblanadi. Shomurodovga to‘pni bexato uzatib bera oladigan sheriklarining yordami juda zarur bo‘ladi. Eldor juda tezkor, ikkala oyog‘ida va bosh bilan yaxshi zarba bera oladigan futbolchidir. Italiyada to‘p surishni boshlagandan keyin u endi to‘pni qisqa paslar orqali o‘ynashni ham yaxshi o‘zlashtirib oldi. Rossiyalik mutaxassislar e’tiborini tortadigan futbolchilaringiz ancha bo‘lishiga iymonim komil. Bilsangiz kerak, hamyurtingiz Ibrohimxalil Yo‘ldoshev “Nijniy Novgorod” klubida to‘p surib, ancha tanilishga tushdi. Shuningdek, milliy chempionatingizda kurashni qizdira oladigan klublar soni ancha oshayotganidan xabarim bor. Bu esa intriganing ortishiga xizmat qiladigan omil hisoblanadi.
- Mutaxassis sifatida Oston O‘runovning Rossiyadagi ishlari yurishmayotgani sabablari haqida fikringizni bilmoqchi edim. U “Spartak”, “Ufa” va “Ural” klublarida o‘ynab, muvaffaqiyat qozona olmadi. Buning boisi nimada?
- Bilasizmi, nafaqat Oston O‘runov, balki Jasur Jaloliddinovda ham ishlar ko‘ngildagidek kechmayotganidan xabarim bor. Rossiyaga ko‘chib kelish mahalliy shart-sharoitga ko‘nikma hosil qilish, yangi klubga kirishib ketish – bularning bari ancha vaqt talab qiladigan jihatlar sanaladi. Shu boisdan ham to‘la moslashish kishiga oson bo‘lmaydi. Holbuki, yigitlaringiz o‘yinchi sifatida chakki emaslar. Bundan tashqari, ko‘plab yosh futbolchilar Rossiya chempionatiga ko‘chib o‘tib ilgari ko‘rmagan maoshlarni olishga kirishar ekan, o‘zlarini yo‘qotib qo‘yadilar. Nazarimda, Jaloliddinov bilan O‘runovda ham mana shunday holat kuzatilgan bo‘lishi mumkin. Sir emas, O‘runovning qandaydir o‘zini g‘alati tutib, qimmat matolar sotiladigan do‘konda tushgan fotosurati ancha gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. Boshqa mamlakat va chempionatga ko‘chib o‘tadigan har qanday futbolchi bunday mahalda aqlni ishga solib, o‘zini tuta bilishi, mashg‘ulotlarda hamda uchrashuvlarda astoydil ter to‘kishi lozim. Jaloliddinovda ham shunday muammo ko‘zga tashlangani bor gap. U Rossiyaga ko‘chib kelganidan so‘ng “Bunyodkor”da to‘p surib yurgan kezlariga nisbatan ancha baland maosh olishga kirishgach, sal boshqacha bo‘lib qolgandi. Unda qandaydir yulduzlik kasali yuzaga kelgan. O‘zbek “Messi”si bo‘ladi, degan o‘yinchi oxir-oqibat ortga qaytdi va bilishimcha, u to‘p surayotgan “Lokomotiv” Superligadagi o‘rnini yo‘qotish yoqasiga kelib qoldi. Vaholanki, bu yigitda juda katta iqtidor bor. Lekin atrofidagi ayrimlar uni aynitgan ko‘rinishadi. O‘z vaqtida u O‘zbekiston terma jamoasida debyutini o‘tkazgan mahaldagidan ko‘ra ancha past darajaga tushib qoldi.
- Jasur Jaloliddinov bilan o‘rtangizda aloqa saqlanib qolganmi? Axir uni Rossiyaga siz olib kelgandingiz...
- Yo‘q, yo‘q! Jasur Jaloliddinov o‘z yo‘lidan borishga qaror qilgan. Shu sababdan ham u bilan boshqa hamkorlik qilmaslikka ahd etdim. Chunki yuqorida Rossiyaga kelgan paytda uning atrofida “aqilli maslahatchi”lar juda ko‘payib ketganligini yaxshi bilardim. O‘shanda “Lokomotiv”da unga juda yaxshi maosh tayinlangandi. Aftidan, bundan havolanib ketgan Jasur bo‘ldi, men ancha shakllangan futbolchiga aylandim, degan noto‘g‘ri xayolga borgan. Men buni Jasurni tanqid qilish maqsadida emas, balki afsus ma’nosida gapiryapman. Nafaqat Jaloliddinovda, balki boshqa ko‘plab yosh futbolchilarda ham mana shunday holatlar kuzatilishi bor gap.
- O‘zbekistonlik yana qaysi futbolchilarni yaxshi bilasiz va kimlarni Rossiyaga olib kelish niyatingiz bor?
- Mening kompaniyam yosh futbolchilarga bor imkoniyatlarini ochishda yordam berib keladi. Kompaniyamiz xodimlari asosan Markaziy Osiyo – O‘zbekiston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan yosh iqtidor egalarini kashf etish bilan shug‘ullanishadi. Hozir sizga misol tariqasida ism-shariflarini aytish niyatida emasman. Chunki shunday qilsam boshqalarning e’tiborini torta boshlaymiz. O‘z navbatida bunday hol hali butun faoliyati oldinda bo‘lgan yosh o‘yinchilarga aks ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin. Shunisi aniqki, biz bunday yigitlarni diqqat bilan kuzatib kelamiz va fursati kelganda ularga yordam qo‘lini cho‘zib, Rossiyaga ko‘chib o‘tishini tashkil etamiz.
- Xojimat Erkinov haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Siz Moskvaning “Torpedo” klubida o‘ynayotgan Erkinovni aytyapsiz, shundaymi? U – yomon o‘yinchi emas. Lekin unga ham premer-ligaga moslashib olishi uchun ancha vaqt kerak bo‘lishi sezilib turibdi. Chunki Rossiya premer-ligasidagi o‘yin ancha intensiv sur’atda bo‘lib, bunga moslashish oson kechmaydi. Negaki, o‘yin paytida har qanday raqib, ayniqsa, kuchlirog‘i pressing qo‘llash payida bo‘ladi. “Torpedo” bosh murabbiyi bu futbolchiga umid qilmoqda. Ammo hammasi Erkinovning o‘ziga bog‘liq. Barchaning ko‘z o‘ngida bo‘lishi uchun futbolchidan faqat mehnat talab qilinadi xolos. Shunda o‘yinchi ko‘zlagan maqsadiga erishishi mumkin.
- Yuriy Viktorovich, hozirda nima ish bilan bandsiz?
- Yuqorida o‘zimga qarashli konsalting kompaniya borligini, bu kompaniya yosh iqtidor egalarini kashf etish bilan shug‘ullanib kelishini bejiz aytib o‘tmadim. Kompaniyadan tashqari televidenie bilan ham hamkorlik qilib kelaman. Meni tez-tez futbol mavzusidagi ko‘rsatuvlarga taklif qilib turishadi. Umuman aytganda, ishlarim juda ko‘p. Faoliyatim to‘laligicha futbol bilan bog‘liq. Bo‘sh paytim juda kam bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar